Nuroniylar ayrim mansabdorlarning qarorlaridan norozi bo‘lishmoqda
Nafaqa yoshidagi har bir fuqaro 3 yilda bir marta dam olish maskanlariga bepul yo‘llanma olish huquqiga ega. Biroq, ayrim mansabdorlar ushbu imtiyoz faqat ishlab turgan pensionerlargagina tatbiq etilishini aytishmoqda.
Ayni muammo Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiya a’zolari hamda xalq deputatlari mahalliy kengash deputatlaridan iborat ishchi guruhning aholi bilan muloqotida o‘rtaga tashlandi. Partiya Surxondaryo viloyati Kengashi huzuridagi Faxriylar kengashi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Rahmon Muhammadiyev surxondaryolik nuroniylar ayrim mansabdorlarning shu kabi noxolis yondashuvlaridan norozi bo‘lishayotganini ta’kidladi.
Bir oy davomida viloyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishni maqsad qilgan ishchi guruh a’zolari mutasaddi vazirliklar bilan mazkur muammoga ijobiy yechim topishga va’da berishdi.
Yig‘ilishda, shuningdek, mahalliy Kengash deputatlarining turizm, hunarmandchilik, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy himoya, yo‘nalishlarida takliflari ham muhokama qilindi.