Asosiy kontentga o‘tish
Juma 11-sentyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O‘zbekiston — Serbiya: o‘zaro ishonchdan strategik sheriklik sari

11.09.2026
78

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 7–8-sentyabr kunlari Serbiya Respublikasiga rasmiy tashrifi ikki mamlakat o‘rtasida shakllangan o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan muloqotni yanada mustahkamlab, hamkorlikning yangi istiqbollarini belgilab berdi.

Tashrif davomida iqtisodiy hamkorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, ikki davlat hukumatlararo komissiyalarining iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha yig‘ilishi mavjud kelishuvlarni amaliy loyihalarga aylantirish, yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash va ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish uchun muhim imkoniyat bo‘ldi.

Ayni paytda ikki mamlakatning iqtisodiy salohiyati va mavjud imkoniyatlarini hisobga olganda, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini sezilarli oshirish uchun hali katta zaxiralar mavjud. Shu bois hamkorlikning navbatdagi bosqichida investitsiyalarni faol jalb etish, qo‘shma korxonalar tashkil etish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish va yangi bozorlarga chiqish ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Hukumatlararo komissiya yig‘ilishida energetika, investitsiyalar, innovatsiyalar, axborot texnologiyalari va raqamli xizmatlar, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, sanoat kooperatsiyasi, farmatsevtika, to‘qimachilik hamda sport sohalari ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilab olingani ham bejiz emas. Zero, mazkur tarmoqlar har ikki mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lib, ularda o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yuqori.

Ayniqsa, innovatsiyalar va IT xizmatlari sohasidagi hamkorlik eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri bo‘lishi mumkin. Bugun raqamli texnologiyalar iqtisodiyotning alohida tarmog‘igina emas, balki barcha sohalar taraqqiyotini harakatga keltiruvchi muhim kuchga aylanmoqda. Shu ma’noda O‘zbekiston va Serbiyaning texnologik salohiyatini uyg‘unlashtirish yangi startaplar, raqamli xizmatlar, innovatsion ishlanmalar va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega loyihalar uchun keng imkoniyatlar ochadi.

Ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish nafaqat fuqarolar harakatini yengillashtiradi, balki biznes aloqalarini faollashtirish, sayyohlik oqimini ko‘paytirish, ta’lim va madaniy munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Serbiyaning Bolqon mintaqasidagi o‘rni, sanoat va texnologik imkoniyatlari, Yevropa bozorlari bilan yaqin aloqalari O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Mamlakatimiz uchun Yevropa davlatlari bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, eksport yo‘nalishlarini ko‘paytirish va yangi bozorlarga chiqish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu jihatdan, Serbiya bilan hamkorlik O‘zbekiston uchun Yevropaga chiqishda muhim iqtisodiy ko‘prik bo‘lishi mumkin.

O‘z navbatida, O‘zbekiston ham Serbiya uchun Markaziy Osiyoning yirik, jadal rivojlanayotgan va istiqbolli bozorlaridan biri sifatida katta qiziqish uyg‘otadi. Demak, ikki mamlakat iqtisodiy manfaatlarining bir-birini to‘ldirishi uchun yetarli zamin mavjud. Eng muhimi, bugun O‘zbekiston — Serbiya munosabatlarida ishonch va iqtisodiy manfaat uyg‘unlashib bormoqda. Bu esa sheriklikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam asos yaratadi.

Tashrif doirasida Serbiya Prezidenti tomonidan davlatimiz rahbariga “Shavkat Mirziyoyev doktrinasi” nomli kitobning serb tilidagi maxsus nashri taqdim etilgani ham o‘ziga xos ramziy ahamiyatga ega. Asarning serb tilida nashr etilishi Serbiya jamoatchiligida O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy qarashlariga qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi.

Bugun O‘zbekiston — Serbiya munosabatlari mustahkam siyosiy ishonch, o‘zaro hurmat va manfaatdorlikka tayangan yangi mazmun kasb etmoqda. Prezidentimizning Serbiyaga tashrifi esa O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va o‘zaro manfaatli tashqi siyosatining navbatdagi amaliy ifodasi sifatida namoyon bo‘ldi.

Ishonch bilan aytish mumkinki, bugun mustahkamlanayotgan O‘zbekiston — Serbiya do‘stligi kelgusida iqtisodiy, texnologik va gumanitar hamkorlikning yangi qirralarini ochadi. Bu esa nafaqat ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi, balki O‘zbekistonning Yevropa davlatlari bilan ko‘p qirrali va uzoq muddatli hamkorligini kengaytirishga ham xizmat qiladi.

Guljan XALMURATOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

O'zLiDeP fraksiyasi a'zosi

Saytni yangi dizayni yoqdimi?