Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yangi bosqich
Kechadan beri butun dunyo iqtisodiyoti bilimdonlari, mashhur ekspert-mutaxassislar nigohi Buyuk Ipak yo‘lining dovruqli manzillaridan biri, Markaziy Osiyoning azim shahri – Toshkentga qaratilgan. Albatta, keyingi yillarda ushbu nufuzli anjumanga qiziqish yanada kuchaydi. Buning isboti – beshinchi Toshkent xalqaro investisiya forumida dunyoning 100 dan ortiq davlatidan 4 mingga yaqin xorijiy mehmonlar qatnashmoqda.
Davlatimiz rahbari forumdagi nutqida ta’kidlaganidek, “O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor bo‘lgan, teng huquqli va o‘zaro foydali sheriklikka tayyor investorlar uchun doimo ochiqmiz”. Jahon iqtisodiyotida o‘ta og‘ir va ziddiyatli, vujudga kelgan murakkab sharoitda tadbirkorlar, jumladan, investorlar-ning ham huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilinayotgani tufayli O‘zbekiston jozibador bo‘lib bormoqda.
E’tibor beraylik, xalqaro maqomdagi ushbu forumning “Investisiyaviy barqarorlik: yangi marralar va yangi sheriklik” deb nomlanganining o‘zi ramziy ma’noga ega. Beshinchi Toshkent xalqaro investisiya forumi-Prezidentimiz Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy taraqqiyot strategiyasi va investisiya siyosatidagi ustuvor vazifalarni bosqichma-bosqich, atroflicha sharhlab berdi. Ortiq-izohga o‘rin yo‘q.
Dunyo ahli ko‘rib, guvohi bo‘lib turibdiki, mamlakatimiz xalqaro doiradagi barcha investorlar uchun ishonchli hamkorga aylanmoqda. Yurtimizga keyingi yillarda 150 milliard dollardan ziyod xorijiy inves tisiyalar jalb qilingani, yalpi ichki mahsulot hajmining jadal o‘sib, joriy yilda 180 milliard dollardan oshishi kutilayotgani iqtisodiyotimiz mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilayotganining amaliy tasdig‘i emasmi?
Davlatimiz rahbari oltita muhim yo‘nalishni belgilab berar ekan, birinchi navbatda investorlar uchun huquqiy kafolatlarni kuchaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish, xalqaro huquq tamoyillarini joriy etish, mustaqil xalqaro tijorat sudini shakllantirish hamda investorlar huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan tashabbuslar mamlakatimizning investisiyaviy jozibadorligini yanada oshiradi.Ikkinchi muhim yo‘nalish sifatida kapital bozorini rivojlantirish, IPO va zamonaviy moliyaviy instrumentlarni keng joriy etish belgilandi. Shuningdek, xususiylashtirish jarayonlarini izchil davom ettirish, sukuk obligatsiyalari dasturini yo‘lga qo‘yish va yangi sarmoya manbalarini jalb qilish orqali iqtisodiyotga qo‘shimcha moliyaviy resurslar kirib kelishi chun mustahkam zamin yaratilmoqda.
Uchinchi va to‘rtinchi yo‘nalishlarda yuqori qo‘shilgan qiymatli sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, strategik mineral resurslarni chuqur qayta ishlash, shuningdek, “yashil” energetika va sun’iy intellekt sohalariga investisiyalarni keng jalb etish vazifalari ilgari surildi. Bu tashabbuslar iqtisodiyotning innovasion, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlar va raqamli iqtisodiyotga o‘tish jarayonlarini jadallashtiradi.
Beshinchi va oltinchi yo‘nalishlar esa transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish hamda hududlarning investisiya salohiyatini yuksaltirishga qaratildi. Yangi transport koridorlari, zamonaviy aeroportlar, logistika markazlari, Yangi Toshkent megapolisi va yirik infratuzilma loyihalari mamlakatimizni mintaqaning muhim iqtisodiy va tranzit markazlaridan biriga aylantirishi shubhasiz.
Qayta-qayta ta’kidlanganidek, mazkur forum va unda ilgari surilgan tashabbuslar O‘zbekistonning ochiq iqtisodiyot, qulay investisiya muhiti va xalqaro hamkorlikka asoslangan taraqqiyot yo‘lini qat’iy davom ettirayotganini ko‘rsatdi. Eng muhimi, jalb etilayotgan investisiyalar aholi farovonligini oshiradi, yangi ish o‘rinlari yaratishga zamin hozirlaydi va Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy qudratini yanada mustahkamlaydi.
Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari