O‘zLiDeP “10 ming moliyachi” loyihasini o‘tkazmoqda
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, Toshkent shahar Kengashi, partiya fraksiyasi va Oliy ta’lim vazirligi hamkorligida “O‘zbekiston oliy va professional moliyaviy-iqtisodiy ta’lim tizimi va xalqaro professional sertifikatlashning integratsiyalashuvi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir “10 ming moliyachi” loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyiha 2030 yilgacha xalqaro darajadagi 10 000 nafar moliya mutaxassisini tayyorlash uchun zamonaviy ekotizim yaratishni, ta’lim dasturlarini modernizatsiya qilish va mustaqil sertifikatlash tizimini joriy etishni ko‘zda tutadi.
Davra suhbatida ACCA kabi xalqaro sertifikatlarni oliy ta’lim tizimiga integratsiya qilish tajribasi, moliya-iqtisodiy mutaxassisliklar bo‘yicha milliy va xalqaro malakalarni uyg‘unlashtirish, mutaxassislarni tayyorlash sifati va o‘qituvchilarni sertifikatlashtirish masalalari keng muhokama qilindi. Shu bilan birga, ta’lim dasturlarini xalqaro standartlarga moslash, malakalarni baholash tizimini takomillashtirish va kadrlar raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Tadbirda muammolar va yechimlar bo‘yicha aniq takliflar ilgari surilib, ularni umumlashtirish va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish belgilandi. Qayd etilishicha, loyihaning amalga oshirilishi iqtisodiy samaradorlikni oshirish, yuqori maoshli yangi ish o‘rinlari yaratish, moliya mutaxassislarining xalqaro mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini kuchaytirish hamda ta’lim sohasini tubdan modernizatsiya qilishga xizmat qiladi.