O‘zLiDeP deputatlari bog‘chalarda sanitariya talablariga to‘liq rioya etilmayotganini aniqlashdi
Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi tomonidan bolalar ovqatlanishi sifati va uning samaradorligini oshirishga qaratilgan jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi. Tadbirda Vazirlar Mahkamasining davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini takomillashtirishga oid qarori ijrosi tahlil qilinib, mavjud muammolar va ularning yechimlari muhokama etildi. Deputatlar jamoatchilik nazorati doirasida maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi sharoitlar, mahsulotlar sifatini nazorat qilish tizimi hamda oshxona jihozlarining holatini o‘rgandi.
O‘rganishlar davomida ayrim chekka hududlardagi bog‘chalarda sanitariya talablariga to‘liq rioya etilmayotgani, mahsulotlarni saqlash va taqdim etishdagi kamchiliklar, menyularda ozuqa moddalari miqdorining me’yordan pastligi aniqlandi. O‘zLiDeP deputatlari mazkur holatlar bo‘yicha mutasaddilarga aniq tavsiya va ko‘rsatmalar berdi. Ular ta’kidlashicha, bolalar sog‘lom rivojlanishi uchun har bir bog‘chada taom sifati, oziq-ovqat xavfsizligi va oshpazlar malakasi doimiy nazoratda bo‘lishi lozim.
Deputatlar tomonidan ilgari surilgan takliflar qatorida mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan uzluksiz hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ovqatlanish jarayonlarini elektron monitoring orqali nazorat qilish hamda oshpazlar va tibbiyot xodimlari uchun o‘quv seminarlari tashkil etish masalalari alohida e’tiborga olindi. Shuningdek, bolalar menyularida shakar va yog‘ miqdorini kamaytirish, sabzavot va meva mahsulotlarini ko‘paytirish orqali rasionni boyitish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.