O'zLiDeP kreativ tadbirkor yoshlarning innovasion loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi
O'zLiDeP Toshkent shahar kengashi tomonidan TIQXMMI Milliy tadqiqot universitetida “Kreativ yoshlar — O'zLiDeP bilan birga” nomli forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, deputatlar, partiya faollari, professor-o‘qituvchilar va talaba yoshlarni bir maydonga jamladi. Forumda so‘z olganlar talaba-yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan loyihalar haqida fikr bildirishdi.
Uchrashuvda deputat Gulshana Xudoyarova O'zLiDePning “Kreativ iqtisodiyot sari” loyihasi doirasida yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, startap va innovasion g‘oyalarni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Tadbirning asosiy maqsadi – yoshlarning kreativ fikrlashi va innovasion tashabbuslarini rag‘batlantirish, ularni amaliyotga tatbiq etish uchun shart-sharoit yaratishdan iborat ekani ta’kidlandi.
Forum doirasida yoshlar o‘zlarining kreativ loyihalari va startap ishlanmalarini taqdim etdilar. Milliy brendga aylanish salohiyatiga ega ko‘rgazmalar namoyish qilindi, vazirlik va idoralar vakillari tomonidan takliflar qabul qilindi. Tadbir yakunida partiya faoliyatida faol ishtirok etgan yoshlarga tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirilib, ularning kelgusi tashabbuslariga katta ishonch bildirildi.