Chorshanba 26-Mart 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

24.03.2025
55

Joriy yilning 24-mart kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda dastlab “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da partiya saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da davlat dasturida belgilangan har bir vazifa xalqimiz hayotini yanada farovonlashtirish, mamlakatimiz salohiyatini yanada oshirishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir. E’tiborlisi, davlat dasturida nazarda tutilgan atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” borasidagi vazifalar partiyamiz saylovoldi dasturidan o‘rin olgan ko‘plab tashabbus va g‘oyalar bilan mushtarak.

Masalan, dasturdan o‘rin olgan Orol dengizi tubida 100 ming gektar “yashil maydon” barpo etish va Orolbo‘yi mintaqasidagi o‘rmonzorlarni 2,1 million gektarga yetkazish kabi maqsadlar partiya saylovoldi dasturidan o‘rin olgan vazifalarga batamom mos. Shuningdek, respublika energobalansida qayta tiklanuvchi energiya ulushini oshirish,  davlat-xususiy sheriklik asosida yirik  “yashil energiya stansiyalarini barpo etish hamda 2025 yil 1 iyunga qadar “Bir million yashil oila” umummilliy harakati doirasida maxsus platformani ishga tushirish kabi vazifalar ham O‘zLiDeP taklif-tashabbuslariga hamohangdir.

Ijtimoiy yo‘nalishga alohida e’tibor qaratayotgan partiyamiz 3,5 ming kambag‘al oila farzandlarini oliy ta’lim tashkilotlariga belgilangan tartibda grant asosida qabul qilish tashabbusini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Jamoatchilik, ekofaollar va biznes vakillarining tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish taklifini ham faollarimiz ma’qullamoqda. Shuningdek, davlat byudjeti mablag‘laridan samarali va oqilona foydalanishda parlament nazoratini yanada kuchaytirish bo‘yicha bayon etilgan vazifalar mamlakatimiz iqtisodiy-ijtimoiy ravojiga hissa qo‘shadi.

Yig‘ilishda partiyaning joriy yil o‘tgan davri mobaynida amalga oshirgan ishlariga ham to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlanganidek, o‘tgan davrda partiya fraksiyasi a’zolari boshqa fraksiyalar a’zolari bilan birgalikda 5 ta qonun loyihasiga hamtashabbuskor bo‘lishdi. Fraksiya a’zolarining tashabbusi va bevosita ishtirokida jami 27 ta tadbir, shu jumladan, 7 ta seminar, 7 ta davra suhbati va tashkil etildi. Mazkur davrda 13 marotaba fraksiya yig‘ilishi o‘tkazilib, ularda 124 ta masala ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, fraksiya tashabbusi bilan “Hukumat soati”da Suv xo‘jaligi vaziri Sh. Xamrayevning axboroti, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori I. Ergashevning Parlament so‘roviga javobi  eshitildi. Bundan tashqari, fraksiya tomonidan hisobot davrida Vazirlar Mahkamasining, Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z. Maxkamovaning, Investisiyalar, sanoat va savdo vaziri L. Qudratovning, Inson huquqlari bo‘yicha vakilning (Ombudsmanning), Bolalar ombudsmanining axborot hamda ma’ruzalari eshitildi.

Fraksiya a’zolari tomonidan partiya saylovoldi dasturidagi vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlariga 8 ta deputat so‘rovi yuborildi.

Shuningdek, o‘tgan davrda partiyaning mahalliy kengashlardagi deputatlik guruhlari, yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha loyihalari tanqidiy tahlil qilindi.

Yig‘ilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy kengashning korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishida Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar ahamiyati haqida ham so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari korrupsiyaga qarshi kurashish uchun 55 ta aniq maqsadga yo‘naltirilgan tashabbuslarni ilgari surdi. Ular doirasida 5 ta qonun, 12 ta farmon va qarorlar ishlab chiqiladi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda parlament, Milliy va hududiy kengashlar, fuqarolik jamiyati institutlarining roli oshiriladi. Bu jarayonda partiyamiz va fraksiyamiz yanada ko‘proq va mas’uliyat bilan ishlashi talab etiladi.

Prezidentimiz belgilab bergan barcha tashabbuslari asosida partiyamizning uzoq muddatli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Joylarda partiyamiz quyi bo‘g‘inlaridan tortib, Qonunchilik palatasidagi fraksiyasigacha – barcha vakillarimiz faol ish olib borishadi.

Shuningdek yig‘ilishida Davlatimiz rahbarining kichik va o‘rta biznes vakillari bilan sohaning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish va rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvida belgilangan dolzarb masalalarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash – bu bizning strategik yo‘limiz ekani ta’kidlanib, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish mamlakatimiz iqtisodiy qudratli va xalqimiz farovon hayotining kafolati ekani qayd etildi.

Yig‘ilishda kichik va o‘rta tadbirkorlar soni besh yilda 2 karra ko‘paygani, iqtisodiyotning yarmidan ko‘pi, sanoat va eksportning uchdan biri shu soha vakillari hissasiga to‘g‘ri kelayotgani e’tirof etilib, joriy yilda ham mazkur sohaga jiddiy e’tibor qaratilishi ta’kidlandi. Jumladan, kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi ulushini 55 foizga ko‘tarib, 70 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish, yangi bozorlarga kirib borishda transport, sertifikat va standart masalalariga ko‘maklashib, kichik biznes eksportini o‘tgan yilgi 9 milliarddan 12 milliard dollarga olib chiqish vazifasi qo‘yildi.

Siyosiy Kengash yig‘ilishda davlatimiz rahbarining mazkur tashabbuslari partiyamiz saylovoldi dasturidagi vazifalarga uyg‘un va hamohang ekani qayd etildi.

Yig‘ilishda Prezidentimizning joriy yil 14 fevral kuni yoshlar bilan videoselektor shaklida bo‘lgan uchrashuvining mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida ham fikr almashildi. Davlatimiz rahbarining yoshlar uchun manfaatli ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirishga ko‘maklashish yo‘nalishida tizimli ish olib borish, yoshlar bandligi va ishbilarmonligini faol qo‘llab-quvvatlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish uchun mikromoliyalash xizmatlarini kengaytirish kabi yo‘nalishlarda ilgari surgan taklif-tashabbuslari partiyamiz saylovoldi dasturiga o‘yg‘un va hamohang ekani qayd etildi.

Shuningdek, Prezidentimizning “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  qarori mazmun-mohiyati ham muhokama qilindi. 2 million nafar xotin-qizlar bandligini ta’minlash, 250 ming nafar xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, 250 ming nafar xotin-qizlarni esa oliy ta’lim bilan qamrab olish va 50 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni sanatoriylarda sog‘lomlashtirish hamda ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha seminarlar tashkil etish kabi vazifalar ayollarning ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada mustahkamlashi e’tirof etildi.

Yig‘ilishda kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?