O‘zLiDeP Urganch shahridagi 11 ta mahallada bepul tibbiy ko‘rik o‘tkazdi
O‘zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi tashabbusi bilan Urganch shahridagi 3-son oilaviy poliklinikasida “Salomatlik sari” loyihasi doirasida “O‘zLiDeP onkologik kasalliklarga qarshi kurashadi!” shiori ostida bepul tibbiy ko‘rik aksiyasi o‘tkazildi. Tadbirning asosiy maqsadi aholi, ayniqsa xotin-qizlar o‘rtasida onkologik kasalliklarni erta aniqlash, profilaktika tadbirlarini kuchaytirish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi.
Aksiya davomida Urganch shahridagi “Gulzor”, “Gulshan”, “Hamjihatlik”, “Yuqori bog‘”, “Binokor”, “Shodlik” mahallalarida yashovchi 40 yoshdan oshgan ayollar malakali shifokorlar tomonidan bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularda bachadon bo‘yni saratoni xavfini aniqlash maqsadida kolposkopiya usulida maxsus skrining tekshiruvlari amalga oshirildi.
Tadbir doirasida sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish va muntazam profilaktik ko‘riklarning ahamiyati haqida ham tushuntirishlar berildi. Ishtirokchilar bunday aksiyalar ayollar salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va tibbiy madaniyatni oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, tashabbus uchun partiya va tashkilotchilarga minnatdorlik bildirdilar.