O‘zLiDeP vakillari “Turk dunyosi nigohi” hujjatining taqdimotida ishtirok etdi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekiston oqilona va konstruktiv tashqi siyosat olib boryapti, xorijiy davlatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha salmoqli natijalarga erishyapti.Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekiston oqilona va konstruktiv tashqi siyosat olib boryapti, xorijiy davlatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha salmoqli natijalarga erishyapti.
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ham mamlakatimizdagi yetakchi siyosiy kuch sifatida bu boradagi tizimli sa’y-harakatlarga hamohang ravishda xalqaro aloqalarini kengaytiryapti, bu jabhada ham faoliyat samaradorligini oshiryapti. O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov boshchiligidagi delegatsiya Butunjahon turkiy tillar kuni munosabati bilan “Turk dunyosi nigohi” (Türk Dünyası Vizyon Belgesi) hujjatining taqdimotida ishtirok etdi.
Tadbir doirasida partiyamiz vakillari Turkiya Buyuk Millat majlisi deputati, “Turkiya – O‘zbekiston” do‘stlik guruhi rahbari Osman Mesten hamda “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisi o‘rinbosari, Turkiy tilli davlatlar bilan aloqalar departamenti boshlig‘i Kurshad Zorlu bilan uchrashdi.
O. Mesten O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi 8-9 yil ichida juda yuqori darajaga ko‘tarilgani, bu, avvalo, ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi ishonchli va strategik hamkorligi natijasi ekanini e’tirof etdi hamda O‘zbekistonni turkiy dunyoning yuksalib borayotgan yulduzi, deb ta’rifladi. Uchrashuv davomida u parlamentlararo hamkorlikni davom ettirish va rivojlantirish bo‘yicha bir qancha takliflarni ilgari surib, do‘stlik guruhlari, deputatlar va qo‘mita darajasidagi aloqalarni yanada faollashtirish muhimligini qayd etdi.
K. Zorlu o‘z so‘zida O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yuqori baholab, Turkiya Prezidentining O‘zbekiston Prezidentiga yuksak hurmat va ishonchi haqida gapirdi. Turkiya O‘zbekistonni nafaqat hamkor davlat, balki qardosh mamlakat sifatida qabul qilishini ta’kidladi.
Aktam Xaitov o‘zbek va turk xalqlarining tarixiy ildizlari bir, orzu-intilishlari mushtarak ekanini qayd etib, barcha sohalardagi o‘zaro hamkorlik, jumladan, parlamentlararo munosabatlarning rivojlantirilishi O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, uning mustahkamlanib borayotgani munosabatlarimizning yanada kengayishiga xizmat qilayotgani to‘g‘risida so‘z yuritdi. Har ikki davlat parlamentlari faoliyati samaradorligini oshirishda parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, xorijiy hamkasblar bilan tajriba almashish, jumladan, qo‘mitalarning o‘zaro aloqalarini yo‘lga qo‘yish katta ahamiyatga ega ekanini bildirdi.
Muloqotda mezbonlar O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi bilan birgalikda “Imom Moturidiy” ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha konferensiya o‘tkazishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. O‘zLiDeP va “Adolat va taraqqiyot” partiyasi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida partiyalar “Yoshlar qanot”i o‘rtasidagi aloqalarni yanada kuchaytirish, shu maqsadda yosh siyosatchilar forumini tashkil etish taklifi ham ilgari surildi.
Bunday uchrashuvlar mamlakatlarimiz partiyalari o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlash va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ochishga xizmat qiladi.
O‘zLiDeP matbuot xizmati