Firibgarlar tuzog‘iga tushmaslik uchun: partiyada kiberhimoya masalalari muhokama qilindi
Bugungi kunda kiberjinoyatlar va kiberhujumlar soni jadal sur’atlarda ko‘payib bormoqda. Internet orqali firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash va turli tuzoqlarga tortib olish holatlari partiya elektorati orasida ham katta xavotir uyg‘otmoqda. Shu bois, O‘zLiDeP partiyasi o‘z elektorati xavfsizligini ta’minlash va kiberjinoyatlarni oldini olish maqsadida mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda qator amaliy ishlar olib bormoqda.
Shu doirada O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida kiberhujumlarni oldini olish va kiberjinoyatchilar domiga tushib qolmaslik masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi Kiberxavfsizlik boshqarmasi mas’ul xodimi, katta leytenant Sodiqjon Xudoyqulov, partiya markaziy apparati xodimlari va “Zoom” platformasi orqali partiya hududiy bo‘linmalari xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda kiberxavfsizlik haqida umumiy tushuncha berilib, firibgarlar qarmog‘iga tushib qolayotgan yurtdoshlarimiz soni ortib borayotgani qayd etildi. Shuningdek, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish usullari, kiberfiribgarlarni aniqlab olish texnologiyalari haqida ma’lumotlar berildi.
Yig‘ilish yakunida O‘zLiDeP kiberjinoyatlarni oldini olish va elektorat manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar bilan uzviy hamkorlikka tayyorligini bildirdi.