OʻzLiDeP raisi Navoiy viloyatidagi “Thompson school” faoliyati bilan tanishdi
OʻzLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov boshchiligidagi ishchi guruh Navoiy viloyatidagi tadbirkorlik sub’yektlari va korxonalar faoliyati bilan tanishdi.
Xususan, partiya yetakchisi Navoiy shahrida davlat xususiy sherikchilik asosida tashkil etilgan “Thompson school”da bo‘lib, ushbu maktabda yoshlarga ta’lim olish uchun yaratib berilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur ta’lim dargohi 2022 yil tashkil topgan bo‘lib, bugungi kunda 350 nafar o‘quvchiga 45 nafar pedagog xodimlar ta’lim berib kelmoqda. O‘quvchilarning har biriga sifatli bilim berish, zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda o‘qitish va yoshlarning kelajakda muvaffaqiyatli shaxsga aylanishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan.
O‘zLiDeP rahbari ta’lim muassasasi xodimlari bilan uchrashuvda partiyaning maqsad va g‘oyalari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlaganidek, siyosiy kuch mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, barcha sohada tadbirkorlar ulushini yanada oshirish orqali korxona va muassasalar o‘rtasidagi halol raqobatni yuzaga keltirish va bu orqali barqaror o‘sishni ta’minlash borasida qator tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda.
Shuningdek, davlat xususiy sherikchilik asosida yangi ish o‘rinlari yaratib, kambag‘allikni qisqartirish, aholini ishbilarmonlikka jalb qilishda faollik ko‘rsatyapti. Ishsiz fuqarolarni kichik biznes va tadbirkorlikka jalb qilish uchun ushbu yo‘nalishni yanada kengaytirish tarafdori.
Uchrashuv qatnashchilari ham partiya tomonidan ilgari surilayotgan maqsad va g‘oyalarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashnilarini bildirib o‘tishdi.