Parlamentdagi taraqqiyot bloki Prezident tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalari a’zolaridan iborat “Taraqqiyot bloki”ning navbatdagi qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasining mazmun-mohiyati atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishida Murojaatnomada belgilab berilgan 6 ta ustuvor yo‘nalish hamda ulardan kelib chiqib, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” Davlat dasturida nazarda tutiladigan vazifalarning so‘zsiz ijro etilishini ta’minlash, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini yangidan qabul qilish maqsadlariga erishish parlament zimmasiga alohida mas’uliyat yuklashi qayd etildi.
Murojaatnomada belgilangan ustuvor yo‘nalishlar O‘zLiDeP saylovoldi dasturida ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalarga to‘liq mos keladi. Partiyamiz va uning fraksiyasi ushbu islohotlarni amalga oshirishda qonun ijodkorligi, parlament nazorati va joylardagi amaliy ishlarni yanada kuchaytirgan holda, iqtisodiyotni yuksaltirish, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash va tadbirkorlik uchun yanada qulay muhit yaratish yo‘lida mas’uliyat bilan faoliyat olib boradi.
Yig‘ilishda barcha sohalarda, xususan, ichki bozorda talabni rag‘batlantirish, aholi daromadlari va xarid qobiliyatini oshirish, inflyasiya darajasini barqaror ushlab turishga qaratilgan chora-tadbirlarga ham etibor qaratildi. Bu borada uy-joy ipotekasi, iste’mol va xizmatlar sohasi, turizm hamda transport infratuzilmasining huquqiy asoslarini rivojlantirish orqali iqtisodiy faollikni oshirishda parlament va jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish muhimligi aytib o‘tildi.
Shuningdek, mamlakatimiz mehnat bozorini yangi arxitektura asosida — kasb, malaka, texnologiya va ta’limni birlashtiradigan yagona mexanizm sifatida shakllantirish masalalari ham diqqat markazda bo‘lib, bu boradagi vazifalarni ro‘yobga chiqarish orqali yoshlar zamonaviy kasblarga ega bo‘lishi ta’kidlandi.
Murojaatnomada belgilangan ustuvor yo‘nalishlar partiyamiz saylovoldi dasturida ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalar bilan to‘liq uyg‘un bo‘lib, mazkur vazifalar ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etamiz.
Yig‘ilishda belgilangan yo‘nalishlardan kelib chiqib, “Taraqqiyot bloki” oldida turgan muhim vazifalar belgilab olindi.