Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi — milliy parlamentimiz erishgan yutuqlarni yana bir karra namoyon etishga imkon yaratadi
Joriy yil 5-9-aprel kunlari O‘zbekiston yana bir yirik xalqaro tadbirga mezbonlik qiladi. Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasi ilk bor yurtimizda o‘tkazilishi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim tarixiy voqea sifatida o‘rin olishi, shubhasiz.
Ta’kidlash joiz, Parlamentlararo Ittifoq dunyo mamlakatlarining qonun chiqaruvchi organlari uchun global muloqot maydoniga aylangan nufuzli tashkilotdir. Parlamentlar o‘rtasidagi aloqalarni rag‘batlantirish va xalqaro tinchlik hamda hamkorlikni mustahkamlash ishida birgalikda faoliyat ko‘rsatish uchun ularni birlashtirish mazkur tashkilotning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Mamlakatimizning Parlamentlararo Ittifoqqa a’zoligi 2017-yilda, ya’ni O‘zbekiston o‘z taraqqiyotida yangi bosqichga o‘tgan vaqtda, izchil islohotlarni dadil boshlagan paytda qayta tiklandi. O‘tgan qisqa davr ichida, jumladan, milliy parlamentarizm va barqaror rivojlanish sohasida ulkan tajriba to‘plandi. Yurtimizning qator sohalarda erishgan yutuqlari yirik xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar tomonidan alohida e’tirof etilmoqda.
Aynan shu nuqtayi nazardan, Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi yurtimizda o‘tkazilishi bejiz emas. Chunki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda yangi tahrirdagi Konstitutsiya hamda “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida Prezidentimiz boshchiligida inson huquqlarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, gender tenglikni ta’minlash, ilm-fan, texnologiyani rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, xalqlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash kabi sohalarda sezilarli ijobiy natijalarga erishildi. Ushbu nufuzli anjuman O‘zbekistonning mana shunday ijobiy tajribasini jahon mamlakatlari bilan bo‘lishish, o‘rtoqlashish imkoniyatini beradi.
“Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” deb nomlangan assambleya doirasida Parlamentlararo Ittifoqning barcha organlari, jumladan Doimiy qo‘mitasi, Yosh parlamentariylar forumi, Parlament a’zolarining Inson xuquqlari bo‘yicha qo‘mitasi, qashshoqlikni tugatish va ijtimoiy tenglik, Parlamentlararo hamkorlik va tinchlik jarayonlari kabi masalalar muhokama qilinib, 11 ta xalqaro rezolyutsiya qabul qilinishi kutilmoqda.
Shuningdek, iqlim o‘zgarishi, parlament diplomatiyasi va ayollar salomatligiga ta’sir etuvchi ijtimoiy me’yorlar bo‘yicha seminarlar o‘tkazish hamda Parlamentlararo Ittifoq, shuningdek, “Cremer-Passy” mukofotining 2025-yilgi nashri uchun nomzodlarni aniqlaydi. Assambleya so‘nggida esa Parlamentlararo Ittifoqning rezolyutsiyalari va Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, jahon parlamentlarining eng nufuzli tashkiloti bo‘lmish Parlamentlararo Ittifoq assambleyasining O‘zbekistonning xalqaro doirada obro‘yiga oshib borayotganini ko‘rsatadi. Mazkur Assambleya qonun ijodkorligi va parlament nazorati kabi yo‘nalishlarda erishgan yutuqlarimizni xorij parlamentariylari va jamoatchiligiga yana bir karra namoyon etishga imkon yaratadi.
Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari