Asosiy kontentga o‘tish
Payshanba 28-Avgust 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlari yangi bosqichda: Aktam Xaitov maqolasi xorij OAVlarida

28.08.2025
53

Bugun mamlakatimiz «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida keng qamrovli islohotlar yo‘lidan dadil odimlamoqda. Bu ulkan hayotiy dastur aholining turmush farovonligini yanada oshirishga har tomonlama ijobiy ta’sir ko‘rsatish, milliy iqtisodiyotni yanada mustahkamlash, turizm salohiyatini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgani bilan e’tiborga molikdir. Ushbu strategik islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi mamlakatning mintaqada ham, xalqaro maydonda ham mavqeini tobora kuchaytirmoqda.

Albatta islohotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri, bu aholining yashashi, turmush farovonligini oshirish bilan bog‘liq. Masalan, faqatgina 2024 yilning o‘zida aholi real daromadlari 6,3 foizga o‘sdi, kambag‘allik darajasi esa 2020 yilga nisbatan 17 foizdan 11 foizga pasaydi.

Demak, mamlakatda iqtisodiy o‘sish barqarorligi ta’minlanmoqda. 2024 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning yalpi ichki mahsulot hajmi 6,1 foizga o‘sdi. Bu Markaziy Osiyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar hajmi 4,8 milliard dollarga yetdi, umumiy investisiyalar esa 393 trillion so‘mni tashkil qildi. Iqtisodiyotning real sektorida 250 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

Yana bir e’tiborli jihati, O‘zbekistonda turizm sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2024 yilda O‘zbekistonga 8,2 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, bu – pandemiyadan keyingi eng yuqori ko‘rsatkich sanaladi. Qiyoslash uchun e’tibor qarataylik, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 6,6 millionni tashkil etgan, ya’ni o‘sish 24,2 foizni tashkil qilgan edi. Shu bilan birga, 2024 yilda mamlakat fuqarolari tomonidan ichki turizm doirasida jorijiy davlatlarga 22,7 million marta sayohat amalga oshirilgani ham diqqatga sazovor raqam.

2025 yil haqida so‘z ketar ekan, quyidagi raqamlarga e’tibor qaratish lozim: joriy yil boshiga kelib, mamlakatda 6,1 mingdan ortiq mehmonxona, xostel va mehmon uylari faoliyat ko‘rsatmoqda, ularning umumiy o‘rin fondi 161 mingdan ortiq. O‘zbekistonda taxminan 2,5 ming mehmonxona mavjud bo‘lib, ularning 18 foizi 4-5 yulduzli ob’yektlardir. Jahon turizm tashkiloti (VTO) baholariga ko‘ra, O‘zbekiston Yevroosiyoda turizm sektori eng tez rivojlanayotgan davlatlar qatoriga kiradi.

Ichki islohotlar fonida tashqi siyosat yo‘nalishi ham alohida ahamiyatga ega bo‘lib borayotgani kuzatilmoqda. Shu o‘rinda Ozarbayjon Respublikasi bilan davom etayotgan har tomonlama aloqalarning mustahkamlanishi O‘zbekistonning yangi diplomatiyasi – pragmatizm va ochiqlikka asoslangan siyosatning yorqin namunasidir. So‘nggi ikki yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 50 foizdan ziyod oshdi va 2024 yilda 181 million dollarga yetdi. Hukumatlararo qo‘shma komissiya tuzildi, to‘qimachilik, kimyo va logistika sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Ozarbayjon biznes doiralari Navoiy va Jizzax viloyatlariga investisiya kiritishga katta qiziqish bildirmoqda.

Shu tariqa, geosiyosiy vaziyat tez o‘zgarib borayotgan va mintaqaviy hamjihatlikka ehtiyoj kuchayib borayotgan bir sharoitda O‘zbekiston–Ozarbayjon stratyegik sherikligi tobora mustahkamlanib bormoqda. Davlatlarimiz o‘zaro hurmat, pragmatizm va birodarlik tamoyillariga asoslangan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish mumkinligini namoyon etmoqda. Bundan tashqari, ular mintaqaviy hamkorlikning barqarorlik, ochiqlik va tinchlikka qaratilgan namunasiga aylanmoqda.

Joriy yilning iyul oyi boshida Bokudagi «Zagulba» qarorgohida bo‘lib o‘tgan Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlarida o‘ziga xos yangi bir bosqichni boshlab berdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga uyushtirilgan davlat tashrifi esa o‘zaro ishonch va strategik qo‘llab-quvvatlash ramzi sifatida muhim ahamiyat kasb etdi.

O‘zbekiston rahbari alohida ta’kidlab o‘tganidek, ushbu tashrif va Kengash majlisi ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga o‘ttiz yil to‘lgan yilda o‘tkazilmoqda. Bu voqea nafaqat ramziy, balki chuqur amaliy ahamiyatga ham ega. Shu ma’noda, Toshkent va Boku o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, gumanitar va transport aloqalari avvallari hech qachon kuzatilmagan darajada kengaydi.

Mamlakatimiz Prezidenti ta’biri bilan aytganda: «Tarixda hech qachon munosabatlarimiz hozirgidek oliy darajaga ko‘tarilmagan».

Alohida ta’kidlash lozimki, Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyevning oqilona yurgizayotgan siyosati ushbu o‘lkadam barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda hal qiluvchi rolь o‘ynamoqda. Uning tinimsiz intilishi tufayli  iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish va investisiyaviy jozibadorlikni oshirish bilan bog‘liq strategik ishlar izchil amalga oshirib kelmoqda. Bu sa’y-harakatlar tufayli mamlakat Yevroosiyoda muhim energetik va logistik markaz sifatida o‘z mavqeini mustahkamlab bormoqda. Prezident tomonidan olib borilayotgan izchil  tashqi siyosat uslubi O‘zbekistonni ham o‘z ichiga olgan asosiy sheriklar bilan yaqinlashuvga xizmat qilmoqda.

Ozarbayjonning iqtisodiy muvaffaqiyatlari esa energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va savdo sohalarida O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam asos yaratmoqda. Bu munosabatlarni yanada chuqurlashtirish ikki mamlakat iqtisodiyotlarini yagona makon doirasida integratsiya qilishning yangi imkoniyatlarini ochmoqda.

Birinchidan, tarixdan ma’lumki, O‘zbekiston va Ozarbayjonni umumiy maqsadlar, qarashlar va intilishlar birlashtirib keladi. Xalqlarimizni tarix, milliy qadriyatlar, til va madaniyat bog‘lab turgani ham ayon. Ikki davlat o‘rtasida samimiy, ahil va ishonchli aloqalar hamisha mustahkam bo‘lgan.

Shu ma’noda men uchun prinsipial ahamiyatga ega bir jihatni alohida ta’kidlamoqchiman. Ozarbayjonda yuqori darajada tashkil etilgan xalqaro tadbirlarda qatnashish asnosida, e’tiborli jihati, ushbu qardosh mamlakatning ozod etilgan hududlarini ham ikki marta ko‘rish baxtiga muyassar bo‘ldim. Ayniqsa qadimiy va ramziy Shusha shahriga qilgan unutilmas safarimiz esda qolarli voqea bo‘ldi. Ozarbayjon xalqi uchun tarixiy, madaniy va ma’naviy ahamiyatga ega bo‘lgan Shusha bugun yana madaniyat va tiklanish markaziga aylanmoqda.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston fuqarosi va qolaversa, yetakchi partiya rahbari sifatida Ozarbayjon Respublikasining hududiy yaxlitligini astoydil qo‘llab-quvvatlashimni izhor etaman.  Shuningdek. partiyamizning millionlab a’zolari ham do‘st, qardosh ozar xalqining o‘z davlat suverenitetini tiklashdagi buyuk g‘alabasidan mamnunlik hissini tuyadi.

Safarimiz chog‘ida ishonch hosil qildimki, hurmatli Ilhom Aliyevning oqilona rahbarligi ostida Ozarbayjon, jumladan, avval mojaroli bo‘lgan hududlarda ham qo‘shnichilik, hamkorlik va taraqqiyot muhitini yaratishga intilmoqda. Ozod qilingan hududlarda amalga oshirilayotgan tiklanish va infratuzilma ishlarining sur’atini yuksak baholayman va shuni ta’kidlaymanki, ushbu davlat tajribasi yaratuvchan yondashuv va milliy birdamlikning namunasi hisoblanadi.

Ikkinchidan, davlatlararo doimiy aloqalar orqali o‘zaro siyosiy ishonch tobora mustahkamlanib bormoqda. Keyingi yillarda qadim Xivada birinchi Markazlararo parlament forumi, Andijonda 60 dan ortiq kelishuv imzolangan rektorlar forumi, hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va Bokuda o‘tkazilgan mintaqalar forumi esda qolarli yangilik va voqealarga boy bo‘ldi. Bularning barchasi hamkorlik jarayonlarida hukumatdan tortib, hududlar va universitetlargacha bo‘lgan turli darajalardagi ishtirok yanada mustahkam bo‘lib borayotganini bildiradi.

Uchinchidan, iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash  majlisning asosiy mavzusi bo‘ldi. 2025 yil ikki davlat munosabatlarida Iqtisodiy hamkorlik yili deb e’lon qilindi — va bu ham bejiz emas.

Oxirgi bir yil ichida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tovar aylanmasi 25 foizga o‘sdi. Bugungi kunda bu mamlakatda o‘zbek kapitali ishtirokida taxminan 300 ta qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Investisiya loyihalari portfeli 4 milliard dollarga yetdi va bu hali faqat boshlang‘ich bosqichdadir. Keyingi yillarda savdo va investisiya hajmini yiliga bir milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Ta’kidlash o‘riliki, ushbu yig‘ilishda alohida Kooperatsiya dasturi taqdim etildi. U sanoat, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, turizm, sog‘liqni saqlash va moliya sohasini qamrab olgan loyihalarni o‘z ichiga oldi. Shu bilan birga, qo‘shma investisiya kompaniyasi faoliyatini kuchaytirish, Tadbirkorlar kengashini va sanoat hamda iqtisodiy zonalar forumini tashkil etish tashabbusi bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Bu esa tomonlarning nafaqat klassik savdoga, balki qo‘shimcha qiymat zanjirlarini kompleks rivojlantirishga, yuqori texnologiyali sohalarga va barqaror taraqqiyotga ham sodiq ekanini ko‘rsatadi.

Imzolangan hujjatlar orasida eng muhimlarini sanash mumkin: bulardan biri 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan Sanoat kooperatsiyasi dasturi bo‘lsa, Agrosanoat majmuasi va oziq-ovqat xavfsizligini rivojlantirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi hamda 2030 yilga qadar tovar aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazish dasturi istiqboli kattaligi bilan ajralib turadi.

Ikki tomonlama hamkorlikka asoslangan uchrashuvning muhim jihatlaridan yana biri – O‘zbekiston «yashil» elektroenergiyasini Yevropaga eksport qilish bo‘yicha qo‘shma loyihani jadallashtirish haqidagi kelishuv bo‘ldi. Bu loyiha Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazdagi keng qamrovli «yashil o‘tish» strategiyasining bir qismiga aylanishi mumkin. U kelgusida butun mintaqa uchun energetik mustaqillik va ekologik xavfsizlikni mustahkamlashi shubhasiz.

Shuningdek, yana bir muhim yo‘nalish – transport logistikasini rivojlantirish bilan bog‘liq. Bu Seredin (Transkaspiy) transport koridori doirasida amalga oshirilmoqda. 2025 yil bahoridan O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida yuk tashish uchun elektron ruxsatnoma tizimi joriy qilindi. Bu esa yuk tashish hajmini 25 foizga yoki yiliga bir million tonnadan ziyodga yetkazdi. Seredin koridorining rivojlanishi uni Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Turkiya va Yevropani bog‘lovchi strategik arteriyaga aylantirmoqda. Kelgusida bu yo‘nalish Sharq va Gʻarbni geosiyosiy beqaror hududlardan chetlab o‘tadigan asosiy logistika elementiga aylanishi mumkin.

Bundan tashqari, dengiz yo‘llari va kema qurish sohasida hamkorlik to‘g‘risida ham Protokol imzolandi. Bu Kaspiy dengizi orqali dengiz logistikasini kengaytirishda yangi imkoniyatlarni ochadi.

Gumanitar sohadagi kelishuvlar esa Toshkent va Boku o‘rtasidagi strategik sheriklik nafaqat pragmatik manfaatlarni, balki barqaror va inklyuziv taraqqiyot masalalarini ham qamrab olishini tasdiqladi. Atrof-muhitni muhofaza qilish, ilm-fan, kasbiy va oliy ta’lim sohasida hukumatlararo bitimlar tuzildi. Ayrim hujjatlar esa 2025–2027 yillarda fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish masalalariga taalluqlidir.

Bu ikki davlatning BMT e’lon qilgan Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlari nuqtai nazaridan ayniqsa muhim. Bu holda ekologiya, ta’lim va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari kun tartibining chetida emas, balki markazida turgan mintaqaviy ijtimoiy siyosat yetakchiligi namoyon bo‘lmoqda.

Ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalar ham yil sayin kuchayib bormoqda. Xususan, Xivada o‘tkazilgan xalqaro «Baxshi» festivalida ozarbayjonlik «Shirvon» ansamblining ishtirok etishi va bu ansamblning Gran-pri sovrinini qo‘lga kiritgani tarixiy voqea bo‘ldi. 2025 yilda yoshlar o‘rtasida madaniy almashinuv yo‘nalishida qator qo‘shma tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan, bu esa yubiley yilida ayniqsa ahamiyatlidir.

Yana bir muhim ramziy qadam – Bokuda «O‘zbekiston» bog‘ini qurish boshlandi va O‘zbekiston Respublikasi elchixonasining yangi binosi ochildi. Javob tariqasida O‘zbekistonda «Ozarbayjon» bog‘i va «Sea Breeze» turistik majmuasi qurilishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu tashabbuslar madaniy va diplomatik ahamiyatga ega bo‘lib, ikki birodar xalqqa hurmat va ikki millat o‘rtasida ma’naviy yaqinlikni mustahkamlash yo‘lida poydevor bo‘ladi.

Xalqaro va mintaqaviy masalalarga bag‘ishlangan tadbirlar kun tartibida ikki mamlakat rahbarlarining ezgu maqsadlari yakdil ekani va bir-birini xalqaro maydonlarda qo‘llab-quvvatlash niyatini yana bir bor tasdiqladilar. O‘zbekiston barcha nizoli masalalarni faqat tinch, diplomatik yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini baralla aytib kelmoqda. Ozarbayjonning ham ushbu yondashuvni to‘la qo‘llab-quvvatlashi ikki davlatning xalqaro miqyosdagi umumiy ovozini kuchaytiradi.

Zamonaviy dunyoda davlatlararo munosabatlar bilan bir qatorda partiyalararo aloqalar ham muhim ahamiyat kasb etayotgan bir sharoitda, O‘zbekiston va Ozarbayjon ham yetuk, strategik jihatdan puxta o‘ylangan va izchil hamkorlik aloqalarini tobora kuchaytirish tarafdori. Shu ma’noda, 2022 yil noyabr oyida yuksak ramziy ahamiyatga ega voqea sodir bo‘ldi: Ozarbayjon rahbari partiyamiz delegatsiyasini tantanali qabul qilib, samimiy muloqotda bo‘lganini O‘zLiDeP tarixida eng yorqin sahifalardan biri bo‘lib qoladi. Shaxsan men uchun ham ushbu  rasmiy qabul ikki do‘stona davlat o‘rtasidagi ishonch va o‘zaro tushunishning yuqori bosqichiga aylanayotganining yorqin misolidir. Shuningdek, Ozarbayjon tomonining O‘zbekiston bilan sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan alohida e’tibori namunasi bo‘ldi. Ozarbayjon davlatining milliy yetakchisi “Yangi Ozarbayjon” partiyasi va O‘zLiDeP o‘rtasidagi hamkorlik samaradorligini alohida ta’kidlab, o‘zaro tashriflarni davom ettirish, muloqotni chuqurlashtirish, hamkorlik platformalarini kengaytirish va siyosiy aloqalarni mustahkamlashning muhimligini qayd etdi.

Ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasining yorqin natijasi sifatida 2024 yilda Ozarbayjonda “Yangi Ozarbayjon” partiyasi va O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi muhim hujjat – Memorandumning imzolanishi erishilgan kelishuvlarni mustahkamlabgina qolmasdan, balki tenglik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va umumiy maqsadlarga asoslangan partiyalararo hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Hujjat O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma deklaratsiya qoidalarining amaliy ifodasiga aylandi.

Bugungi kunda mazkur kelishuv doirasida ikki partiya vakillaridan iborat delegatsiyalarning o‘zaro tashriflari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, partiyalararo tashkilotchilik va mafkuraviy qarashlarga oid dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda, partiya siyosiy qurilishi va elektorat bilan ishlash bo‘yicha ilg‘or tajribalar o‘zaro almashinmoqda.

Shu tariqa, “Yangi Ozarbayjon” partiyasi va O‘zLiDeP o‘rtasidagi partiyalararo aloqalar ikki davlat siyoiy kuchlarining strategik muloqotini chuqurlashtirishning muhim mexanizmiga aylanib, xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik yanada mustahkamlamoqda va mintaqaviy barqarorlik, taraqqiyot va rivojlanish yo‘lida muhim hissa bo‘lib qo‘shmoqda.

Bu esa mamlakat ichkarisidagi islohotlar uning xalqaro nufuzi bilan bevosita bog‘liq ekanini yaqqol ko‘rsatadi. Siyosiy maqsadlarni ko‘zlagan institutlar tobora rivojlanib, iqtisodiyotni mustahkamlash va gumanitar aloqalarni kengaytirar ekan, partiyalar nafaqat ichki vazifalarni hal qilmoqda, balki yaxshi qo‘shnichilik va mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlashga ham katta hissa qo‘shmoqda. Shu ma’noda, imzolangan Memorandum shunchaki hujjat emas, balki O‘zbekistonning Ozarbayjon bilan strategik aloqalari fonida amaliy yo‘nalish beruvchi, samarali va hayotiy ahamiyatga ega bo‘lgan hujjat sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Aktam XAITOV,
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

 

Mazkur maqola "Yangi Ozarbayjon" partiyasi sayti, “Unikal” axborot sayti, Ozarbayjon davlat axborot agentligi, Ozarbayjon partiya yoshlar qanotining sahifasi, "Ozarbayjon" gazetasi - rasmiy davlat gazetasi va "Ozarbayjon" gazetasi rasmiy saytida chop etildi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?