Asosiy kontentga o‘tish
Payshanba 02-aprel 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O‘zLiDeP “Xalq bilan birga” dasturi doirasida 1 milliondan ziyod xonadonlarga kirib boradi

02.04.2026
364

2026-yil 2-aprel kuni O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Xalq bilan birga” umummilliy dasturining taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu dastur Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy yo‘naltirilgan davlat siyosati, xususan, kambag‘allikka qarshi kurash, aholining muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, inson qadrini ulug‘lash tamoyillarini hayotga keng joriy etishga qaratilgan muhim amaliy tashabbus hisoblanadi.

Dasturning asosiy maqsadi — davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan samarali islohotlarni targ‘ib qilish, aholining yordamga muhtoj qatlamiga manzilli ko‘mak ko‘rsatish, biznes va jamiyat o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlashdan iborat.

Dastur doirasida 2026 yil davomida 50 mingdan ortiq tadbirkorlar ishtirok etishi va 1,5 milliondan ziyod fuqaroga turli ko‘rinishdagi ko‘mak berish rejalashtirilgan.

Ushbu dasturning “Yurakka yo‘l” aksiyasi doirasida uyma-uy yurish orqali 1 milliondan ortiq xonadon qamrab olinib, aholi muammolari bevosita joylarda o‘rganiladi va ularga manzilli yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq rejalar shakllantiriladi.

Shu bilan birga, joylarda 10 dan ortiq mobilь shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular tomonidan respublika bo‘ylab 200 dan ortiq sayyor qabullar o‘tkaziladi. Bundan ko‘zlangan maqsad aholining barcha murojaatlari tinglanib, joyida ushbu masalalarga yechim topiladi, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar olinadi.

Dastur davomida “Mahalla yettiligi” hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan hamkorlikda ehtiyojmand oilalarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimi yaratiladi.

Shuningdek, dasturda yoshlar va xotin-qizlarni faol jalb etishga alohida urg‘u berilgan. Jumladan, hududlarda 50 ta davra suhbati, 100 dan ortiq muhokamalar, 50 ta ochiq muloqotlar, 10 ta konferensiya va 25 ta yirik aksiyalar tashkil etish rejalashtirilgan. Bu orqali aholining turli qatlamlari bilan ochiq muloqot o‘rnatish, ularning fikr va takliflarini o‘rganish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari zamonaviy axborot texnologiyalaridan ham samarali foydalaniladi. Xususan, Telegram-bot orqali onlayn so‘rovnomalar o‘tkazish, “Deputat bilan ochiq suhbat” onlayn platformasini ishga tushirish, “Sizning fikringiz biz uchun muhim” kabi interaktiv loyihalarni amalga oshirish orqali aholi bilan doimiy muloqot yo‘lga qo‘yiladi. Ijtimoiy so‘rovnomalarda aholining fikr va ehtiyojlarini tezkor aniqlash, muammolarni o‘rganish hamda qaror qabul qilishda jamoatchilik fikriga tayaniladi.

Ijtimoiy yordamning turli shakllari yo‘nalishida kam ta’minlangan oilalarni oziq-ovqat, dori-darmon, kiyim-kechak va zarur jihozlar bilan ta’minlash, ularni tadbirkorlar tomonidan otaliqqa olish, tibbiy ko‘riklar tashkil etish, ish o‘rinlari yaratish va kasbga o‘qitish kabi manzilli chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Xususan, “Bir oila – bir homiy”, “Yaxshilik marafoni”, “Farovon oila”, “Inson qadri ulug‘langan yurt”, “Keksalarga mehr”, “Umid”, “Bir kunda – 1000 kitob”, “Salomatlik sari” kabi o‘nlab ijtimoiy aksiya va loyihalari o‘tkaziladi.

Shuningdek dasturda jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Joylarda o‘tkaziladigan o‘rganishlar natijalari asosida jamoat eshituvlari tashkil etish, deputatlik so‘rovlari yuborish, qonunchilik tashabbuslarini ilgari surish orqali tizimli muammolarni bartaraf etish choralari ko‘riladi.

Taqdimot yakunida “Xalq bilan birga” umummilliy dasturiga rasmiy start berildi. Hududlar kesimida aniq vazifalar belgilab olindi, mas’ullar biriktirildi va ijro mexanizmlari tasdiqlandi. Shuningdek, dasturni samarali amalga oshirishga qaratilgan yo‘l xaritasi tasdiqlandi.

Mazkur dasturning hayotga tatbiq etilishi natijasida aholi bilan doimiy va samarali muloqot tizimi shakllanadi, joylardagi muammolar tezkor aniqlanib, manzilli hal etiladi, tadbirkorlar va jamiyat o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tariladi.

“Xalq bilan birga” umummilliy dasturi — bu faqatgina ijtimoiy loyiha emas, balki xalq dardini eshitish, muammolarni joyida hal qilish va inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan keng ko‘lamli umummilliy harakatdir. Mazkur tashabbus partiyaning xalq bilan birga ishlash tamoyilini amalda yanada mustahkamlab, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?