Asosiy kontentga o‘tish
Payshanba 18-iyun 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Partiya kadrlari uchun tizimli o‘quvlar davom etmoqda

18.06.2026
97

Mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish, demokratik islohotlarni izchil davom ettirish hamda aholi manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli vazifalarni amalga oshirishda siyosiy partiyalar zimmasiga katta mas’uliyat yuklatilmoqda. Ayniqsa, partiya tizimida faoliyat yuritayotgan kadrlarning siyosiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning professional salohiyatini mustahkamlash bugungi kunning muhim talablaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar partiyaning dasturiy maqsad va vazifalari bilan hamohang tarzda izchil davom ettirilmoqda. Xususan, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan partiya tizimida mehnat qilayotgan kadrlarning siyosiy va professional mahoratini oshirish maqsadida tashkil etilayotgan o‘quv kurslari bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tashkil etilgan o‘quv kurslarning dastlab bosqichida partiyaning tuman va shahar Kengashlari raislarining birinchi o‘rinbosari – apparat rahbarlari ishtirok etib, respublika bo‘yicha jami 195 nafar mas’ul xodimning siyosiy va professional malakasi oshirildi. Ushbu kurslar partiya tizimida faoliyat yuritayotgan rahbar kadrlarning boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish, partiyaviy faoliyatni tashkil etishning zamonaviy usullarini o‘rganish hamda aholi bilan ishlash samaradorligini oshirishga xizmat qildi.
Ayniqsa, Toshkent shahar va Toshkent viloyati Kengashlarining tuman va shahar Kengashlari raislari uchun o‘quv mashg‘ulotlarining oflayn shaklda tashkil etilgani ishtirokchilarga nazariy bilimlarni amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlash imkonini berdi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va qolgan viloyat Kengashlarining tuman va shahar Kengashlari raislari uchun o‘quv mashg‘ulotlari onlayn shaklda tashkil etilib, natijada mazkur hududlardan jami 191 nafar rahbar kadrlar o‘z malakasini oshirib, partiyaning joylardagi faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha yangi bilim va tajribalarga ega bo‘ldilar.
Bugungi kunda O‘zLiDeP oldida turgan muhim vazifalardan biri – partiyaning har bir bo‘g‘inida professional va tashabbuskor kadrlar korpusini shakllantirishdir. Shu nuqtai nazardan qaraganda, hududiy Kengashlarning Deputatlar, partiya guruhlari va siyosiy ta’lim bilan ishlash bo‘limi, Yoshlar muammolarini o‘rganish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, Ayollar muammolarini o‘rganish va ishbilarmonligini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, Jamoatchilik bilan aloqalar, axborot siyosati va mafkuraviy ishlar bo‘limi, Tashkiliy-kadrlar va BPTlar bilan ishlash bo‘limi mudirlari hamda bosh mutaxassislari uchun tashkil etilgan o‘quv kurslari alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.
Mazkur o‘quvlarda jami 79 nafar mas’ul xodim ishtirok etib, partiya faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha chuqur bilimlarga ega bo‘ldi. Jumladan, deputatlik faoliyatini muvofiqlashtirish, partiya guruhlari samaradorligini oshirish, aholi bilan ishlashning yangi mexanizmlari, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, axborot siyosati va mafkuraviy faoliyatni kuchaytirish, boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish kabi muhim mavzular qamrab olindi.
O‘quv jarayonlariga Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari, sohaviy ekspertlar, partiyaning markaziy apparati departament rahbarlari hamda tajribali mutaxassislar jalb etilgani ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qildi. Mashg‘ulotlarda nafaqat nazariy bilimlar, balki amaliy keyslar, real hayotiy misollar va muammolar yechimiga qaratilgan muhokamalar ham o‘tkazildi.
Bu kabi o‘quv kurslari partiyaning yangi dasturiy maqsadlarini hayotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, partiya tomonidan ilgari surilayotgan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida aholi bilan muloqot qilish, muammolarni o‘rganish, manzilli yordam ko‘rsatish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy mas’uliyatni kuchaytirish kabi vazifalarni amalga oshirish yuqori malakali kadrlarni talab qiladi.
Zero, aholi bilan doimiy muloqot qilish, joylardagi muammolarni chuqur o‘rganish, fuqarolar ning taklif va tashabbuslarini umumlashtirib, tegishli qarorlar qabul qilinishiga erishish partiya kadrlaridan yuqori bilim, siyosiy tafakkur va mas’uliyat talab etadi. Shu ma’noda mazkur o‘quv kurslari partiya faollarining zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini boyitish, ularning xalq manfaatlariga xizmat qilish salohiyatini oshirishga qaratilgan muhim loyiha hisoblanadi.
Shuningdek, O‘zLiDeP tomonidan kadrlar malakasini oshirish ishlari bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda. Keyingi bosqichda hududiy Kengashlarning bosh buxgalterlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari raislarining birinchi o‘rinbosari – apparat rahbarlari uchun ham maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Bu esa partiya tizimida faoliyat yuritayotgan har bir xodimning o‘z sohasi bo‘yicha bilim va malakasini muntazam oshirib borishga qaratilgan yaxlit tizim shakllanayotganidan dalolat beradi. Natijada partiyaning barcha bo‘g‘inlarida professionallik, mas’uliyat va tashabbuskorlik muhiti mustahkamlanib, O‘zLiDePning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va nufuzi yanada ortishiga xizmat qiladi.
Eng muhimi, mazkur o‘quv kurslari orqali shakllanayotgan bilimli va fidoyi kadrlar partiyaning xalqchillik, ochiqlik va amaliy natijadorlik tamoyillarini hayotga tatbiq etishda muhim kuch bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini ta’minlash va mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishdek ezgu maqsadlarga erishishga mustahkam zamin yaratadi.

Nasimjon ALIMOV,
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi
Amaliy loyihalar va siyosiy ta’lim markazi rahbari

Saytni yangi dizayni yoqdimi?