Tadbirkorlarga yengilliklar beriladi
2025-yil 7-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda dastlab davlatimiz rahbarining Ozarboyjonga davlat tashrifi hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 17-sammitidagi ishtiroki haqida so‘z yuritildi.
Prezidentimizning mojaro va nizolarni diplomatiya va konstruktiv muzokaralar yo‘li bilan hal etishga alohida e’tibor qaratgani mamlakatimizning tinchliksevar tashqi siyosatining amaldagi ifodasi ekani qayd etildi.
Davlatimiz rahbarining “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari – 2035” konsepsiyasini qabul qilish, Toshkent shahrida savdo vazirlarining uchrashuvini o‘tkazish, “yashil yo‘laklar” tizimini yaratish, “Ekoinvest” dasturini qabul qilish, Raqamli transport va bojxona idorasini tashkil etishni tezlashtirish takliflari halqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Deputatlar sammitda ilgari surilgan tashabbuslar IHT faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishini e’tirof etishdi.
Kun taritbidagi navbatdagi masala — “Davlat mulkini xususiylashtirish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Muhokamalar jarayonida fraksiya a’zolari bo‘sh turgan va samarasiz foydalanilayotgan, shu jumladan davlat ishtirokidagi korxonalarning nosohaviy aktivlarini xususiy sektorga berishni jadallashtirish maqsadida davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlari soddalashtiriliyotganligi, to‘siqlar bartaraf etilayotganligi, tadbirkorlarga qo‘shimcha yengilliklar berilayotganligini e’tirof etishdi.
Qonun loyihasi bilan davlat ko‘chmas mulk obyektini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olgan tadbirkorga mol-mulk va yer solig‘ini to‘lashda yengilliklar berilayotgani qo‘llab-quvvatlandi.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasi mamlakatimizda jozibador investitsiya muhitini yaratishga, tadbirkorlik subyektlari uchun soliq yukining kamayishiga, davlat mulkini xususiylashtirish sohasini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ma’qullandi.