Prezidentimiz BMT sessiyasida insoniyat taqdiri uchun dolzarb tashabbuslarni ilgari surdilar
Prezidentimiz Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida nutq so‘zlab, jahon hamjamiyati uchun muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Davlatimiz rahbari nutqida mintaqaviy hamda global xavfsizlik, barqaror rivojlanish, ekologik muammolar va yoshlar masalasi alohida o‘rin oldi.
Xususan, BMT tuzilmalari bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo iqtisodiy taraqqiyotiga oid forum o‘tkazish, sanoatda “yashil” texnologiyalar xabini tashkil etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va demografik barqarorlik dasturlarini amalga oshirish taklif etildi. Shuningdek, xalqaro transport va energetika koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha alohida rezolyusiya qabul qilish tashabbusi ilgari surildi.
Bundan tashqari, xalqaro tranzit koridorlari xavfsizligini ta’minlash va samarali logistika tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida “Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun o‘zaro transport bog‘liqligini mustahkamlash” global mexanizmini joriy etish taklifi bildirildi. Shu bilan birga, raqamli tengsizlik va sun’iy intellektdan foydalanishda mamlakatlar o‘rtasida adolatli imkoniyatlarni ta’minlash masalasiga to‘xtalib, sog‘liqni saqlash, ta’lim va madaniyat sohalarida sun’iy intellekt yechimlarini umumjahon miqyosida beg‘araz almashish uchun Xalqaro hamkorlik mexanizmini tashkil etish taklif etildi.
Nutqda iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolarga katta e’tibor qaratildi. Prezidentimiz Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan ishlar haqida alohida to‘xtalib, 2030 yilgacha qurib qolgan dengiz tubining katta qismida yashil qoplamalar yaratilishini ta’kidladi. Shuningdek, Suvni tejash bo‘yicha jahon forumi tashkil etilishi va suv inqirozini global tahdid sifatida belgilash zarurligi qayd etildi.
Yoshlar masalasiga ham alohida e’tibor qaratib o‘tar ekan, tinchlik va insonparvarlik g‘oyalarini yosh avlod ongiga singdirish muhimligini ta’kidlab, “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni ta’sis etish taklifini bildirdi. Shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi va ajdodlar merosining BMTda taqdim etilishi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasidagi nutqi O‘zbekistonning global va mintaqaviy masalalarda faol ishtirokini namoyon etdi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar xalqaro hamjamiyat uchun tinchlik, barqaror rivojlanish va ekologik muammolarga yechim topishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Aktam XAITOV,
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi