Qashqadaryo taraqqiyotining yangi bosqichi: investisiya, sanoat va aholi farovonligi sari
So‘nggi yillarda Qashqadaryo viloyatida iqtisodiyotni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Keyingi besh yilda hududga 20 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 7 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinishi natijasida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad uch barobarga oshdi.
Prezidentimizning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida ishga tushirilgan korxonalar faoliyati, istiqbolli investitsiya loyihalari hamda hududni rivojlantirish rejalariga alohida e’tibor qaratildi. Umumiy qiymati 6 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 161 ta loyiha shakllantirilgan bo‘lib, ularning 69 tasi allaqachon ishga tushirilgan. Mazkur loyihalar viloyatning sanoat salohiyatini yuksaltirish, mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish va eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi.
Jumladan, “Sulton Tex Group” korxonasida 54 million dollarlik investitsiya evaziga mato bo‘yash va ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilgan. Korxonada yiliga 20 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish va 840 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Suvning 95 foizdan ortig‘ini qayta ishlatish tizimi va quyosh panellarining joriy etilgani esa ishlab chiqarish samaradorligini oshirish barobarida, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Qarshidagi “FM World” korxonasida esa 20 million dollar xorijiy investitsiya asosida “Nasaf” rusumli traktorlar va qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarilmoqda. Mahalliylashtirish darajasini oshirish va eksportni yiliga 50 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Bu kabi loyihalar import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish, mahalliy korxonalar kooperatsiyasini rivojlantirish va malakali kadrlarga talabni oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Qishloq xo‘jaligida ham zamonaviy yondashuvlar keng joriy etilmoqda. “Qashqadaryo Jingu” paxtachilik klasterida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi orqali suv sarfini 30–40 foizga kamaytirishga erishilmoqda. G‘uzor tumanida tashkil etilgan ko‘chatchilik markazi esa hududni ko‘kalamzorlashtirish, suvni tejash va yangi daromad manbalarini yaratishga xizmat qiladi. Shuningdek, chorvachilikni rivojlantirish, yaylovlardan samarali foydalanish va suv infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi.
Iqtisodiy o‘sishning eng muhim natijasi aholi turmushida aks etishi kerak. Qamashi tumanidagi Chim mahallasi misolida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yo‘l va ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, oilaviy korxonalar orqali bandlikni ta’minlashning amaliy natijalari ko‘rinmoqda. Hududda yangi biznes subyektlari ochilib, xizmat ko‘rsatish tarmog‘i kengaygan, ishsiz fuqarolarning bir qismi kichik ishlab chiqarish va xonadon tadbirkorligiga jalb etilgan.
Viloyatda kasb-hunar ta’limiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Zamonaviy texnikumda dual ta’lim asosida yoshlarni mehnat bozori talablariga mos kasblarga o‘rgatish, yirik korxonalar bilan hamkorlikni kuchaytirish rejalashtirilgan. Bu esa yangi ishlab chiqarish quvvatlarini malakali mutaxassislar bilan ta’minlash imkonini beradi.
Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ushbu iqtisodiy salohiyatni yanada kengaytirish va uni aholi farovonligiga yo‘naltirishga qaratildi. Xususan, kelgusi uch yilda 20 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish va 50 mingta ish o‘rni yaratish maqsad qilindi. Buning uchun G‘uzor, Sho‘rtan, Muborak, Dehqonobod va Nishon tumanlarida sanoat klasterlarini rivojlantirish, erkin iqtisodiy zona imkoniyatlarini kengaytirish, kimyo sanoati va polimer mahsulotlari ishlab chiqarishga yangi investitsiyalarni jalb etish rejalashtirilgan. Ayniqsa, mavjud sanoat korxonalari atrofida kichik ishlab chiqarishlarni tashkil etish mahalliy kooperatsiyani kuchaytirib, yangi tadbirkorlar uchun ham imkoniyatlar yaratadi.
Energetika va infratuzilma yo‘nalishlaridagi tashabbuslar ham viloyatning uzoq muddatli rivojlanishi uchun juda muhimdir. Jumladan, 300 megavattli quyosh elektr stansiyasi va 75 megavatt-soat quvvatli energiya saqlash tizimini barpo etish, chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini yaxshilash, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yirik loyihalar belgilandi. Bu ishlar aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish bilan birga, ishlab chiqarish korxonalarining barqaror faoliyati uchun zarur sharoit yaratadi.
Qishloq xo‘jaligida suv va yer resurslaridan samarali foydalanish, chorvachilikni rivojlantirish hamda fermerlar daromadini oshirish ham ustuvor vazifalardan sanaladi. Bu borada 100 ming gektar yaylovda ozuqabop ekinlar yetishtirilishi, qo‘shimcha yer maydonlarini aniqlab, sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash va suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish chorvachilik uchun ozuqa bazasini mustahkamlash, suv tanqisligining ta’sirini kamaytirish va qishloq aholisi uchun yangi daromad manbalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Qashqadaryodagi vazifalar investitsiya jalb qilish bilan birga sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika, infratuzilma va tadbirkorlikni rivojlantirishni ham qamrab oladi. Asosiy maqsad — loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish, barqaror ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirish. Buning uchun ishlar ijrosini nazorat qilish, tadbirkorlar muammolarini tezkor hal etish va investitsiyalar samaradorligini ta’minlash muhimdir.
Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari