Qoraqalpog‘istonlik ilg‘or fermerlar taqdirlandi
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida “Fermer xo‘jaliklarida ko‘p tarmoqli faoliyatni rivojlantirish muammolari va vazifalari” mavzusida amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zLiDeP yetakchisi A.Xaitov, O‘zbekiston Fermerlari kengashi rahbariyati va respublika fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zLiDeP rahbari va O‘zbekiston Fermerlari kengashi raisi Aktam Xaitov davlatimiz rahbari tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasi vakillariga tizimli ravishda ko‘rsatilayotgan yordamlar haqida to‘xtalib, imtiyozli kreditlar, urug‘ va ko‘chat uchun subsidiyalar fermerlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Tadbir davomida eng faol va namunali fermer xo‘jaliklari rahbarlariga “Ilg‘or fermer” ko‘krak nishoni topshirildi.
– So‘nggi yillarda sabzavot va poliz mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘ldik, – deydi Ellikqal’a tumani “Amirobod jayroni” fermer xo‘jaligi rahbari, “Ilg‘or fermer” ko‘krak nishoni sohibi Rejepbay Avezov. – Imtiyozli kreditlar tufayli zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimi sotib oldik. Natijada hosildorlik deyarli ikki barobar oshdi.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni joriy etish borasida olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi. Xususan, agro.gov.uz platformasi orqali fermerlar uchun yer ijarasi, subsidiyalar, urug‘chilik, mahsulotlarni bozorga chiqarish va suv resurslarini boshqarish kabi yo‘nalishlarning raqamlashtirilgani tarmoqning yanada shaffof va samarali faoliyat yuritishida turtki bo‘layotgani ta’kidlandi.