Sanoat zonalarida infratuzilma va elektr ta’minotidagi muammolar ko‘tarildi
O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashidagi deputatlik guruhi tashabbusi bilan “O‘zLiDeP deputatlik guruhlari minbari” loyihasi doirasida kichik va yoshlar sanoat zonalari faoliyati yuzasidan deputatlik eshituvi o‘tkazildi. Tadbir tadbirkorlar faoliyatida uchrayotgan muammolarni aniqlash va ularga amaliy yechimlar ishlab chiqishga qaratildi.
Eshituvda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, mahalliy Kengash deputatlari, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, partiya faollari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Andijon viloyatida 44 ta kichik va yoshlar sanoat zonalari faoliyat yuritmoqda. Ularda jami 1265 ta loyiha joylashtirilgan bo‘lib, 1030 tasi ishga tushirilgan. Ushbu loyihalar doirasida 1 trln 571 mlrd so‘m investisiya o‘zlashtirilib, 18 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Muhokamalar davomida elektr ta’minoti, kadastr hujjatlari va infratuzilma bilan bog‘liq muammolar tanqidiy ko‘tarildi. Ularni bartaraf etish maqsadida infratuzilmani yaxshilash uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratish, samarasiz loyihalar o‘rniga salohiyatli tadbirkorlarni jalb etish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.