Chorshanba 15-Yanvar 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Sud muhokamalarida masofadan ishtirok etish imkoniyati yaratiladi

13.01.2025
65

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida dastlab “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof – muhitni asrash” va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi loyihasi muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, Davlat dasturi loyihasida partiya maqsad va vazifalariga hamohang bo‘lgan muhim vazifalar o‘rin olgan. Jumladan, mamlakat iqtisodiyotini yangi sifat bosqichiga olib chiqish uchun iqtisodiy o‘sishni kamida 6 foiz darajada ta’minlash, eksport salohiyatini o‘rganib, tadbirkorlar bilan “korxonabay” ishlarni tashkil qilish va mahalliy mahsulotlarning eksport geografiyasini kengaytirish belgilab qo‘yilgan.

Deputatlar Davlat dasturi mamlakatimiz barqarorligi, aholi farovonligini kafolatlashga xizmat qiladigan muhim strategik hujjat ekanligini, undagi har bir vazifa xalqimiz hayotini yanada farovonlashtirish, mamlakatimiz salohiyatini oshirishga yo‘naltirilganini ta’kidlab o‘tdilar.

Ushbu dasturiy hujjatda nazarda tutilgan atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” borasidagi vazifalar partiyaning saylovoldi dasturidan o‘rin olgan ko‘plab tashabbuslar va g‘oyalar bilan mushtarakligi, undagi chora-tadbirlar partiya elektorati manfaatlariga uyg‘unligi e’tirof etildi.

Deputatlar Dastur loyihasi mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida o‘z munosabatlari, taklif va tavsiyalarini bildirdi. Dastur loyihasi muhokamasida O‘zLiDeP va uning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi, partiyaning hududiy kengashlari, mahalliy kengashlar deputatlari, barcha faollari o‘z takliflari, tavsiyalarini berish bilan birga, bu jarayonga faol va tashabbuskor ishtirok etishi lozimligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, deputatlar tadbirkorlik subyektlari aynan bir huquqbuzarlik uchun bir necha marotaba javobgarlikka tortilishining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.

Ushbu qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Soliq kodekslariga shaxsning sodir etgan aynan bir huquqbuzarlik uchun bir marotaba javobgarlikka tortilishini ta’minlash va soliq ma’muriyatchiligining yanada takomillashtirilishiga qaratilgan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Munozaralar davomida fraksiya a’zolari qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, uni ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan berilgan takliflar e’tiborga olingani va hujjat matnida aks etganligini qayd etdilar.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni liberallashtirish, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish, tadbirkorlik subyektlari oldidagi majburiyatlarni kamaytirish, ularning aylanma mablag‘larini biznesni rivojlantirishga yo‘naltirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda aholiga sud muhokamalarida masofadan ishtirok etish uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan qonun loyihasi ham muhokamalar markazida bo‘ldi.

Fraksiya a’zosi Dilmurod Artiqov qonun loyihasi yuzasidan o‘z munosabatini bildirib, loyiha bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik, Iqtisodiy protsessual hamda Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslariga aholiga sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etishning huquqiy asoslarini yaratishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilayotganini qayd etdi. Ya’ni, u bilan sud majlislarida sud binosiga kelmasdan masofadan turib mobil videokonferensaloqa rejimida ishtirok etishning protsessual asosi va tartibi belgilanmoqda.

Deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi aholining sud majlislarida qatnashish uchun sud binolariga kelishlari bilan bog‘liq ovoragarchiliklarining oldini olish, odil sudlovga erishish darajasini oshirishga xizmat qilishini e’tiborga olib, uni qo‘llab-quvvatladilar.

Yig‘ilishda fraksiya faoliyatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?