Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda bildirilgan fikrlarni qonunchilikda aks ettirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonini ijrosi bo‘yicha partiya xodimlari va Xalq deputatlari mahalliy Kengash deputatlari ishtirokida o‘quv-seminar tashkil etildi.
O‘quv-seminarda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan ishchilarga elektron hamyon orqali “kunbay”, “soatbay” maosh to‘lash imkoniyatini yaratish bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladigan qonun hujjatlari ro‘yxatini shakllantirish hamda muloqotda ilgari surilgan tashabbuslar ijrosini ta’minlash uchun Mehnat kodeksiga va boshqa qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha taklif-tasviyalar bildirildi. Shuningdek, qonun hujjatlariga import jarayonida muvofiqlik sertifikatlari har bir partiyaga emas, shartnomada ko‘rsatilgan hajm uchun berilishini ko‘zda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish choralarini ko‘rish hamda davlat aktivlari besh yilga ijaraga berishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha ham amaliy takliflar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, mas’uliyati cheklangan jamiyatlari investorlardan soddalashtirilgan tartibda mablag‘ jalb qilish, investor kiritgan mablag‘i kafolatli himoyalashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, investisiya kodeksini qabul qilish, biznes uyushmalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ular bilan qo‘shma loyihalar tashkil qilish va sohadagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ham aniq takliflar bildirildi.
Tadbir yakunida barcha taklif va tavsiyalarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasiga kiritishga qaror qilindi.