Urganchlik xotin-qizlarga biznesning sir-asrorlari o‘rgatildi
O’zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi tashabbusi bilan Urganch shahridagi “Urganch Bahmal” MCHJda “Bugunning tadbirkor ayoli” loyihasi doirasida seminar-trening tashkil etildi.
Seminarning asosiy maqsadi – hududdagi ayol tadbirkorlarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, yetakchilik salohiyatini oshirish va zamonaviy biznesda samarali yo‘nalishlarni qo‘llashga yo‘naltirishdan iborat.
Trening davomida mutaxassislar tadbirkorlikdagi dolzarb masalalar, innovasion yondashuvlar, marketing strategiyalari va yetakchilik qoidalari haqida ma’lumot berdilar. Ishtirokchilar esa amaliy mashg‘ulotlarda faol ishtirok etib, o‘z tajribalarini boyitdilar.
Seminar ishtirokchilari bu kabi tadbirlar yangi g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish va biznes yuritishdagi qiyinchiliklarni yengishda katta yordam berayotganini ta’kidladilar.
“Bugunning tadbirkor ayoli” loyihasi ayollarning ishbilarmonlik ko‘nikmalarini oshirish bilan birga, ularning jamiyatdagi faolligini kuchaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy iqtisodiyotga hissa qo‘shishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.