Xivalik 130 nafar faol va tashabbuskorlar O’zLiDePga a’zo bo‘ldi
Xiva shahrida O’zLiDeP shahar Kengashi tashabbusi bilan “Farovon” mehmonxonasida yangi boshlang‘ich partiya tashkiloti ochildi.
Yig‘ilishda ishtirokchilarga partiyaning siyosiy dasturi va maqsadlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shu bilan birga, mamlakat taraqqiyotida O’zLiDePning o‘rni, ustuvor vazifalari hamda jamiyatda tadbirkorlik muhitini rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, xalq turmush darajasini oshirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Tadbirda boshlang‘ich partiya tashkiloti faoliyatini zamonaviy usullar asosida yo‘lga qo‘yish takliflari ham ilgari surildi. Jumladan, raqamlashtirish orqali fuqarolar murojaatlari va takliflarini onlayn qabul qilish, ularga javob berish uchun maxsus platforma yaratish, “Ochiq eshiklar kuni”ni muntazam o‘tkazish hamda yangi a’zolar uchun o‘quv kurslarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Partiya faollari ta’kidlaganidek, har bir boshlang‘ich tashkilot mahalliy darajada O’zLiDePning tayanch nuqtasi sifatida xizmat qilmoqda. Shu bois yangi tashkilotlarning ochilishi nafaqat partiya uchun, balki jamiyatda fuqarolarning ijtimoiy faolligini oshirishga ham xizmat qiladi.
Tadbir yakunida 130 nafardan ortiq faol va tashabbuskorlar partiya saflariga qo‘shildi. Ularga O’zLiDeP a’zolik guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi.