Xorazmda joriy yil oxirigacha chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish uchun 66 ta investisiyaviy loyiha ishga tushiriladi
Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi tomonidan sohada olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, chorva hayvonlari sog‘lig‘ini muhofaza qilish, kasalliklarning oldini olish va aholi salomatligini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Yozgi mavsumda chorva hayvonlari kuydirgi, quturish, qorason va boshqa kasalliklarga qarshi emlandi.
Viloyatda chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish va sohani modernizatsiya qilish maqsadida 2025 yilda qator yirik loyihalar amalga oshirilishi belgilangan. Jumladan, jami 367,6 mlrd so‘mlik 66 ta investisiyaviy loyihalar ishga tushirilib, natijada 765 nafar fuqaroning ish bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan. Bu esa viloyat iqtisodiyotida chorvachilikning ulushini sezilarli darajada oshirishi bilan birga, aholining turmush darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.
Eshituv jarayonida deputatlar tomonidan xalq murojaatlari yuzasidan tanqidiy mulohazalar ham bildirildi. O‘zLiDeP deputatlari tomonidan chorvachilik sohasidagi ishlarni yanada takomillashtirish maqsadida qator taklif-tavsiyalar bildirildi.