Xorazmda turizm infratuzilmasidagi muammolar tanqidiy muhokama qilindi
O’zLiDeP Xorazim viloyati kengashi deputatlik guruhi tashabbusi bilan turizmni rivojlantirishga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvi o‘tkazilib, sohada amalga oshirilayotgan ishlar va dolzarb muammolar atroflicha muhokama qilindi. Tadbirda viloyatga kelayotgan turistlar soni sezilarli oshgani, 2025 yilda xorijiy sayyohlar oqimi 2 barobarga ko‘paygani ma’lum qilindi. Turizm ob’yektlari va xizmat ko‘rsatuvchi sub’yektlar soni ortib, yangi yo‘nalishlar — ziyorat turizmi, ekoturizm, yoshlar turizmi kabi loyihalar hududlar kesimida joriy etilmoqda.
Shu bilan birga, eshituvda turizm sohasidagi qator muammolar tanqidiy yondashuvda muhokama qilindi. Xususan, ayrim turistik ob’yektlarga olib boruvchi yo‘llarning talab darajasida emasligi, arzon turar-joylar va xostellar yetishmasligi, infratuzilma va servis sifatidagi kamchiliklar qayd etildi. Transport xizmatlaridagi noqulayliklar, logistikada qulay yechimlarning yo‘qligi, ayrim hududlarda turistik xizmatlarning raqobatbardosh emasligi ham e’tiborga olindi. Bu holatlar mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanishga to‘sqinlik qilayotgani ta’kidlandi.
Muhokamalar davomida sohani rivojlantirishga qaratilgan amaliy takliflar ilgari surildi. Jumladan, xizmat ko‘rsatish sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, raqamli marketing va onlayn targ‘ibotni kuchaytirish, yangi investisiyalarni jalb etish taklif qilindi. Shuningdek, gid va ekskursovodlar uchun qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish, mahalliy aholi va tadbirkorlar uchun grant va subsidiyalar yo‘lga qo‘yish, infratuzilmani yaxshilash va yirik turistik loyihalarni samarali moliyalashtirish zarurligi belgilab berildi. Tadbir ishtirokchilari fikriga ko‘ra, ushbu takliflarning amalga oshirilishi Xorazm turizm salohiyatini yanada yuksaltirib, hududning iqtisodiy o‘sishiga kuchli turtki beradi.