Xorazmlik yoshlarga 83 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratildi
Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Yoshlar ishlari agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni tadbirkorlikka jalb etish va bandligini ta’minlash maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-62-son qaroriga asosan Aloqabank tomonidan tadbirkorlik qilish istagini bildirgan 881 nafar yoshlarga 83 mlrd. 343 mln. so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Ushbu mablag‘lar hisobiga 1 029 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish maqsadida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi 669 mingdan ortiq yoshlar qamrab olindi.
Yoshlarning kasb-hunarga qiziqishini kuchaytirish maqsadida “Ustoz AI” va “Qizlar akademiyasi” platformalari, xorijiy tillarni bepul o‘rgatish uchun “Ibrat farzandlari” loyihasi, kitobxonlik madaniyatini oshirish uchun “Mutolaa” dasturi amalga tatbiq etilmoqda.
Yig‘ilishda kasb-hunar kollejini bitirgan yoshlarni ish bilan ta’minlashda mahalliy korxonalar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi.