Yangi tahrirdagi Konstitutsiya: tadbirkor va fermerlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan normalar muhokama etildi
Bosh qomusimizning 33 yilligini keng va munosib nishonlash maqsadida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan" O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiya kuniga tayyorgarlik ko‘rish va bayramni o‘tkazish to‘g‘risida"gi farmoyish ijrosi doirasida mamlakatimiz bo‘ylab keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Fermerlari kengashi hamkorligida “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Xushvaqt Xaitov, partiya mas’ullari, ilg‘or fermerlar, qishloq xo‘jaligi sohasining yuristlari ishtirok etdilar.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson qadrini yuksaltirish, tadbirkor va fermerlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan asosiy normalar xususida atroflicha fikrlar bildirildi. Qishloq xo‘jaligi sohasidagi huquqiy kafolatlar, faoliyatni yanada erkin va samarali yuritish imkoniyatlari batafsil tushuntirildi.
Davra suhbatida Bosh qomusimizda partiya elektorati bo‘lgan tadbirkor, ishbilarmon, fermerlarning xususiy mulkka ega bo‘lishligi va mulk daxlsizligi ta’minlanishi belgilab qo‘yilgani alohida ta’kidlab o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, Konstitutsiyamizda mujassam bo‘lgan ushbu huquqiy asoslar fermerlar va tadbirkorlar faoliyati uchun mustahkam himoya va keng imkoniyatlar yaratmoqda. Bosh Qomusimizda belgilangan inson qadri, erkinlik va adolat tamoyillarini hayotga tatbiq etish yurt taraqqiyotining muhim omili ekanligi qayd etildi.
Tadbir so‘ngida Konstitutsiyamiz 33 yilligini mamlakatimiz bo‘ylab yuqori saviyada nishonlash, uning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tizimli tashkil qilib borish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.