Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, chorvachilik fermer xo‘jaliklarining rahbarlari va boshqalar ishtirok etishdi.
Davra suhbatida respublikamiz hududidagi mavjud yaylovlarni muhofaza qilish, ulardan samarali va oqilona foydalanishni tashkil etish, yaylov xo‘jaligini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish, sohada boshqaruvning ixcham va samarali tizimini joriy etish hamda kelgusida chorvachilik xo‘jaliklarining faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining “Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar haqida so‘z yuritildi.
Yig‘ilishda yaylov yerlaridan samarali va oqilona foydalanishni tashkil etish, qorako‘lchilik sohasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va mazkur yo‘nalishdagi tadbirkorlik sub’yektlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish soha rivoji uchun muhim ekani ta’kidlab o‘tildi. Qorako‘lchilik sohasini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarni muntazam ravishda muhokama qilib borish, sohadagi mavjud muammolarni hamkorlikda hal qilish bo‘yicha fikr-mulohazalar tinglandi.