Payshanba 24-Aprel 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Yoshlar parlamentiga nomzodlarning Respublika saralash bosqichi bo‘lib o‘tmoqda

23.04.2025
112

Bugun O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida Yoshlar parlamentiga saylovda partiyadan ishtirok etadigan 137 nafar nomzod sinovdan o‘tmoqda.

Ta’kidlash kerak, yoshlar ovozini eshitish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va siyosiy jarayonlarga faol jalb etish maqsadida tashkil etilgan Yoshlar parlamenti yigit-qizlarimizda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

2025 yil 6 mart kuni O‘zLiDeP Siyosiy kengashi Ijroiya qo‘mitasi va Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida Yoshlar parlamentiga saylov o‘tkazish tartibini belgilovchi Nizom tasdiqlangan edi. Mazkur hujjat asosida respublika bo‘ylab yoshlarga parlamentda o‘z ovozini eshittirish imkoniyati yaratildi. Jarayonning birinchi bosqichi 20 martdan 2 aprelga qadar davom etdi. Shu qisqa muddat ichida jami 5 482 nafar yoshlar - parlament a’zoligiga ariza topshirdi. Saralashning ikkinchi bosqichiga esa 1 250 nafar eng iqtidorli va faol yoshlarning hujjatlari qabul qilindi. Ular Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 12–21 aprel kunlari tashkil etilgan hududiy bosqichlarda o‘z salohiyatlarini namoyon qilishdi.

Hududiy bosqichning baholash jarayonlari partiya vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, mahalliy kengashlar deputatlari, siyosatchilar hamda olimlardan iborat hakamlar hay’ati tomonidan olib borildi. Har bir nomzod siyosiy va huquqiy bilimlari, partiya tarixi va vazifalari bo‘yicha xabardorligi, saylovoldi loyihasi, yoshlarga oid qonunchilik takliflari kabi mezonlar bo‘yicha 100 ballik tizimda baholandi. Natijalarga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan 137 nafar nomzod Respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Saralashning respublika bosqichida hududlardan saralangan eng munosib nomzodlar ishtirok etmoqda. Ular yoshlar huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish, qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotining dolzarb muammolarini yoshlar ishtirokida muhokama qilish va ularni bartaraf etishga qaratilgan takliflarni tayyorlash kabi yo‘nalishlarda o‘z iste’dodlarini namoyish etishmoqda.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?