“O‘zbekiston – 2030”: yangilangan strategiya — inson va xalq farovonligi uchun
Prezidentimizning 26-dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish vazifasining qo‘yilishi mamlakat taraqqiyotida mutlaqo yangi bosqich boshlanayotganidan dalolat beradi. 2023-yilda qabul qilingan ushbu strategik hujjat qisqa vaqt ichida o‘z samarasini ko‘rsatib, iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy barqarorlik va xalqaro nufuzni mustahkamlashda muhim natijalarni ta’minladi. Kambag‘allik va ishsizlik darajasining sezilarli pasayishi, YAIM, eksport va investisiyalar hajmining oshishi, ta’lim qamrovi kengayishi — barchasi amaliy islohotlar samarasining yaqqol isbotidir.
Ayniqsa, YAIM hajmini 160 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha avval 2030 yilga qaratilgan maqsadga 2026-yilning o‘zida erishish kutilayotgani strategiyaning real va pragmatik asosda ishlab chiqilganini ko‘rsatadi. Kelgusi besh yilda iqtisodiyot hajmini 240 mlrd dollardan oshirish imkoniyati mavjudligi haqidagi baho esa O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi. Bu ko‘rsatkichlar iqtisodiy siyosatda aniq hisob-kitob, ochiqlik va uzluksiz islohotlar ustuvor ekanini anglatadi.
Shu bilan birga, aholi sonining o‘sishi, global iqtisodiy jarayonlar, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning jadal rivoji “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini yangilashni taqozo etmoqda. Unda 350 dan ortiq mutasaddi idora va ilmiy markaz vakillari ishtirokida 444 ta samaradorlik ko‘rsatkichi qayta ko‘rib chiqilishi, 60 ga yaqin davlat organlarining aniq mas’uliyati belgilab qo‘yilishi strategiya ijrosida tizimli va shaxsiy javobgarlikni kuchaytiradi.
Muhim jihati shundaki, strategiyada har bir maqsadni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan moliyaviy manbalar aniq ko‘rsatilgan. Shuningdek, tarmoqlar va hududlar bo‘yicha ishlab chiqiladigan barcha rivojlanish dasturlarining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga moslashtirilishi markaz va joylarda ishlar yagona maqsad asosida olib borilishini ta’minlaydi. Eng muhimi, strategiya loyihasining keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi ochiqlik va shaffoflikni ta’minlab, fuqarolarning fikr va takliflari qaror qabul qilish jarayonida inobatga olinayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Umuman olganda, yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, inson kapitalini rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan mustahkam dastur bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va uning deputatlari ushbu strategiyani takomillashtirish jarayonida faol ishtirok etib, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiy erkinlikni kengaytirish va xususiy sektor ulushini oshirish bo‘yicha aniq takliflar bilan chiqadi. Eng muhimi, partiya strategiya ijrosi ustidan parlament va deputatlik nazoratini kuchaytirish orqali belgilangan maqsadlar xalq manfaatlariga xizmat qilishiga o‘zining amaliy hissasini qo‘shadi.
Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O'zLiDeP fraksiyasi rahbari