O‘zbekiston — AQSH: o‘zaro ishonch, samimiyat va taraqqiyot yo‘lida
Dunyoda global geosiyosiy jarayonlar keskin sur’at bilan rivojlanayotgan bir davrda, mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari orasida AQSH bilan hamkorlik alohida o‘rin tutadi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk kunlardanoq bu davlat bilan munosabatlarini yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda bu aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.
Ayni vaqtda O‘zbekiston va AQSH munosabatlarida tub burilish kuzatilmoqda. Agar tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, mustaqillikning ilk davridanoq mamlakatimiz Amerika bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatgan. Lekin ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qat’iy siyosiy irodasi va ochiq tashqi siyosat yo‘nalishi tufayli bu munosabatlar yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi.
Bugun biz ikki davlat aloqalariga to‘xtaladigan bo‘lsak, birinchi navbatda, ularning amaliy natijalarini nazarda tutamiz. Tovar ayirboshlash hajmining sezilarli oshishi, yirik amerikalik korporatsiyalar va moliyaviy institutlarning mamlakatimizga qiziqishi ortishi, sarmoya kiritish bo‘yicha amaliy kelishuvlar – bularning barchasi O‘zbekiston taraqqiyotiga xizmat qilayotgani shubhasiz.
Aynan shu nuqtada bir muhim jihatni ta’kidlash lozim: ya’ni O‘zbekiston va AQSH hamkorligi orqali olinayotgan samaralar, avvalo, xalq farovonligini oshirishga qaratilgan. Yangi ish o‘rinlari, zamonaviy texnologiyalar, malakali mutaxassislar tayyorlash imkoniyatlari va iqtisodiy barqarorlik – bular xalqlarimiz hayotida yaqqol seziladigan o‘zgarishlar sirasiga kiradi.
Misollarga murojaat qilaylik: ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalari so‘nggi yillarda sezilarli darajada kengaydi. 2024-yilda tovar aylanmasi tarixda ilk bor 882 million dollarga yetdi. Bu 2023-yilga nisbatan 15 foizga ko‘p, so‘nggi sakkiz yil ichida esa to‘rt barobar o‘sish demakdir. Shundan 317 million dollari eksport ulushiga to‘g‘ri keldi (oldingi yilga nisbatan 29,1 foiz o‘sish), ya’ni O‘zbekistondan AQSHga yuborilgan mahsulot hajmi ikki barobar oshdi. Bu ko‘rsatkich mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarining Amerika bozoriga kirib borishi barqaror yo‘nalishga aylanganini ko‘rsatadi.
Eksport tarkibiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, unda qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat hamda to‘qimachilik va gilam mahsulotlari, qurilish materiallari yetakchi o‘rinni egallaydi. Bu esa ikki jihatdan muhim. Birinchisi, O‘zbekistonning sanoat va agrar sektori mahsulotlari AQSH bozorida raqobatbardosh ekani isbotlanmoqda. Ikkinchisi, eksport geog rafiyasi diversifikatsiya qilinib, Yevropa va Rossiya bozorlari bilan birga AQSH yo‘nalishi ham mustahkamlanmoqda.
Bilamizki, AQSH dunyodagi eng yirik sarmoyador mamlakatlardan biri hisoblanadi. Uning moliyaviy salohiyatidan samarali foydalanish mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun katta imkoniyatlar yaratadi. So‘nggi yillarda qator transmilliy korporatsiyalar bilan imzolangan shartnomalar buning yaqqol dalilidir.
Nazarimizda, O‘zbekiston va AQSH munosabatlarida bugun o‘ziga xos tarixiy sahifa ochildi. Ya’ni do‘stona muloqot, ishonch va pragmatik hamkorlik namoyon bo‘lmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan olib borilayotgan ochiqlik siyosati, shubhasiz, mamlakatimiz iqtisodiyotida yangi bir davrni boshlab bermoqda.
Albatta, mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar faqat imzolanayotgan rasmiy hujjatlar yoki bayonotlar bilan emas, balki davlat rahbarlarining samimiy muloqotlari orqali mustahkamlanadi. Shu ma’noda aytish mumkinki, O‘zbekiston va AQSH Prezidentlarining o‘zaro muloqotlari ikki davlat aloqalari tarixida burilish yasamoqda.
Jonli misol shuki, Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bu yana bir bor o‘z isbotini topdi. Prezidentlar orasidagi suhbat nafaqat rasmiy diplomatik ruhda, balki samimiylik va ishonchga asoslangan holda kechdi. Bu esa mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning haqiqiy strategik sheriklik bosqichiga ko‘tarilganidan dalolat beradi.
O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan yana biri muvozanatli va ochiq muloqot olib borilayotganidir. AQSH bilan muloqotda ham aynan shunday yo‘l tutilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning qat’iy va ochiq bayonotlari, amaliy tashabbuslari amerikalik siyosiy va biznes doiralari tomonidan ham yuqori baholanayotganiga barchamiz guvohmiz.
Prezident Trampning “Prezident Mirziyoyev – bir so‘zli inson” degan ta’rifi bejiz emas. Bu so‘zlar nafaqat ikki yetakchi o‘rtasidagi shaxsiy ishonch, balki butun davlatlararo munosabatlarning ochiqligi va samimiyatini ifoda etadi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, siyosiy muloqotning samarasi iqtisodiy sohada ham o‘z aksini topmoqda. Nyu-Yorkda o‘tkazilgan ishbilarmonlik forumlari, amerikalik investorlar bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijasida fuqaro aviatsiyasi, tog‘-kon sanoati, moliya va innovatsiyalar, kimyo, energetika va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda umumiy qiymati 100 milliard dollardan ziyod bo‘lgan shartnomalar va istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi.
Bu shartnomalar faqat raqam emas. Ularning har birida xalqimiz hayotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadigan yirik loyihalar mujassam. Masalan, energetika sohasida Amerika kompaniyalari bilan yirik inves titsiya bitimlari tuzilib, mamlakatimizda barqaror va ekologik toza energiya manbalarini yaratish rejalashtirilgan. Moliya bozorida “Citigroup”, “Franklin Templeton”, “BNY Mellon”, “BlackRock” kabi yirik korporatsiyalar bilan kelishuvlarga erishildi. Bu esa milliy kapital bozorini rivojlantirish, IPO jarayonlarini samarali yo‘lga qo‘yish imkonini yaratadi. Aviatsiya sohasida “Boeing” bilan 22 ta zamonaviy samolyot xaridi bo‘yicha bitim imzolandi. Bu nafaqat yurtimiz avia parkini yangilaydi, balki mamlakatimizni global aviatsiya bozoridagi nufuzini oshiradi.
Fikrimizcha, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi siyosiy muloqotlar va iqtisodiy kelishuvlar o‘zining yana bir asosiy jihati bilan g‘oyat ahamiyatli: ularning markazida xalq manfaati turibdi. Ish o‘rinlari yaratish, yangi texnologiyalarni jalb qilish, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash – barchasi odamlar hayoti sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Siyosiy muloqot qanchalik samimiy bo‘lsa, iqtisodiy hamkorlik ham shunchalik samarali bo‘ladi. Prezidentlar o‘rtasidagi ishonchli munosabatlar esa ikki davlat uchun ham ulkan istiqbollar eshigini ochmoqda.
Har qanday davlatning iqtisodiy taraqqiyotida xalqaro hamkorlik, ayniqsa, yirik biznes va moliya kompaniyalari bilan yo‘lga qo‘yilgan aloqalar beqiyos ahamiyat kasb etadi. Nyu-York shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSHning yetakchi biznes vakillari bilan uchrashuvlari aynan shunday muhim voqea sifatida tarixga kirdi. Bu muloqotlarda imzolangan shartnomalar, tuzilgan kelishuvlar bir qarashda raqamlar va hujjatlardek ko‘rinsa-da, aslida ularning zamirida yuzlab ish o‘rinlari, minglab oilalarning farovon hayoti, mamlakatning kelgusi iqtisodiy yo‘nalishlari mujassam.
Uchrashuvlarda “Traxys”, “FLSmidth”, “McKinsey”, “Go Green Partners” kabi kompaniyalar bilan bitimlar imzolandi. Ushbu kelishuvlar qazib olish va qayta ishlash sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan. Bu degani O‘zbekiston nafaqat xom ashyo eksportiga tayanadi, balki qo‘shimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqarish orqali jahon bozorida o‘z mavqeini mustahkamlaydi.
Shuningdek, “yashil iqtisodiyot”ga oid kelishuvlar mamlakatimizda barqaror taraqqiyoti uchun asos yaratmoqda. Yangi texnologiyalar orqali tabiatni asrab-avaylash, energiya resurslarini tejash, ekologik holatni yaxshilash – bularning barchasi kelajak avlod uchun ham boy merosdir.
Mamlakatimiz iqtisodiyotida kapital bozorini rivojlantirish uzoq yillardan buyon dolzarb masala bo‘lib kelayotgandi. Endi esa bu yo‘nalishda ulkan qadamlar qo‘yilmoqda. AQSHning yirik moliyaviy korporatsiyalari — “BlackRock”, “Franklin Templeton”, “Citigroup”, “BNY Mellon” bilan tuzilgan kelishuvlar yurtimizda moliya bozorini tubdan rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ayniqsa, “Franklin Templeton” bilan qo‘shma investitsiya fondi tashkil etilishi katta strategik ahamiyatga ega. Bu orqali mamlakatimizga to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoyalar oqimi oshadi, davlat korxonalarini transformatsiya qilish va IPO jarayonlarini samarali amalga oshirish imkoniyatlari paydo bo‘ladi.
Amerika bilan hamkorlikdagi eng yirik kelishuvlardan biri “Boeing” korporatsiyasi bilan tuzilgan shartnoma bo‘ldi. Unga ko‘ra, “Uzbekistan Airways” 22 ta zamonaviy “Dreamliner” samolyotini xarid qiladi. 8 milliard dollarlik ushbu bitim nafaqat O‘zbekis ton uchun, balki AQSH uchun ham katta ahamiyatga ega. Chunki bu bitim orqali Amerikada 35 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.
O‘zbekiston uchun esa bu kelishuv aviatsiya sohasini modernizatsiya qilish, yurtimizning xalqaro aviaqiymatlar bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish, sayyohlik imkoniyatlarini kengaytirish demakdir.
AQSHning yetakchi tibbiyot muassasasi “Cleveland Clinic” bilan hamkorlik esa sog‘liqni saqlash sohasini yangi bosqichga olib chiqadi. “Akfa group” bilan hamkorlikda tashkil etiladigan zamonaviy klinika nafaqat yurtimiz aholisiga, balki butun Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolariga ham xizmat qiladi. Bu esa O‘zbekistonni mintaqaviy tibbiy markaz sifatida shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Ochig‘ini aytganda, har bir bitim ortida xalqimiz manfaati yotibdi. Ish o‘rinlari, zamonaviy texnologiyalar, yangi imkoniyatlar bularning barchasi “Yangi O‘zbekiston”ning amaliy taraqqiyot yo‘lini belgilab beradi. Biznes vakillari bilan imzolangan shartnomalarni qog‘ozdagi raqam sifatida emas, balki oddiy fuqarolar hayotida o‘zgarish olib keladigan aniq qadam sifatida ko‘rish lozim.
Dunyo siyosatida shunday holatlar borki, ular rasmiy protokollardan ko‘ra insonning samimiy qiyofasi orqali o‘z ifodasini topadi. Davlat rahbarlari o‘rtasidagi munosabatlarda ham bu jihat muhim ahamiyatga ega. Chunki siyosatda ishonch va do‘stona muhit yo‘q joyda, hatto eng yirik kelishuvlar ham xavf ostida qolishi mumkin.
Shu ma’noda Prezident Shavkat Mirziyoyev va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi muloqotlarda kuzatilayotgan samimiylik va ishonchni alohida ta’kidlash kerak. Nyu-York shahrida, BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi doirasida o‘tgan uchrashuvda ham ana shu muhit yaqqol namoyon bo‘ldi.
Prezidentimiz muloqot chog‘ida AQSH yetakchisini xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlari bilan tabriklab, uning tinchlikparvar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Donald Tramp esa O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohot larga yuqori baho berdi.
E’tiborga molik jihati, Tramp shaxsan Truth Social tarmog‘ida post qoldirib, Prezident Mirziyoyevni “bir so‘zli inson” sifatida ta’rifladi. Bu ta’rif nafaqat davlatimiz rahbarining shaxsiy nufuzi, balki O‘zbekistonning xalqaro obro‘si tobora ortib borayotganini ham ko‘rsatadi. Siyosatda bunday ibora kamdan-kam hollarda ishlatiladi. Ijtimoiy tarmoqqa joylangan post millionlab odamlarga yetib bordi. Bu xabar xalqaro ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi, tahlilchilar tomonidan muhokama qilindi. Demak, Trampning so‘zlari rasmiy diplomatik kanallardan tashqari ommaviy fikrda ham O‘zbekistonga ijobiy imij yaratdi.
Bu postda “ulkan bitim” so‘zi bilan birga kelajakdagi hamkorlikka ishora ham bor. Trampning munosabati shundan dalolat beradiki, AQSH rahbariyati O‘zbekiston bilan uzoq muddatli, barqaror sheriklikdan manfaatdor.
Davlat rahbarlari muloqoti faqat ikki hukumat yoki elita o‘rtasidagi aloqa emas. U orqali xalqlar ham yaqinlasha boradi. Mirziyoyev va Tramp suhbatlarida ikki davlat fuqarolari uchun amaliy foyda keltiradigan loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.
Umuman olganda, ikki yetakchi o‘rtasidagi samimiy munosabatlar strategik hamkorlikka yanada kuch qo‘shmoqda. Agar muloqotlar sovuq rasmiylik bilan o‘tganida, kelishuvlar ham bunday keng qamrovli bo‘lmasdi. Samimiyat esa har qanday munosabatning eng ishonchli poydevori hisoblanadi.
Shu bois aytish mumkinki, bugun O‘zbekiston va AQSH munosabatlari strategik sheriklikdan do‘stona ittifoqchilik bosqichiga ko‘tarilib bormoqda. Chunki ikki davlat yetakchilari muloqotidagi samimiylik xalqlar o‘rtasidagi yaqinlikka aylanmoqda.
Bilamizki, BMT Bosh Assambleyasi bu dunyodagi eng nufuzli siyosiy minbardir. U yerda yangragan har bir so‘z, har bir chaqiriq xalqaro jamoatchilik tomonidan diqqat bilan kuzatiladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT 80-yubiley sessiyadagi nutqi ana shunday ahamiyatli tarixiy chiqishlardan biri bo‘ldi.
Alohida qayd etish kerakki, Prezidentimizning bu nutqi O‘zbekiston tashqi siyosiy strategiyasining barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan kompleks dastur sifatida namoyon bo‘ldi.
Men ushbu nutqni tinglar ekanman, bir narsani yana bir bor angladim: bugungi O‘zbekiston faqat o‘zining milliy manfaatlarinigina emas, balki butun jahon hamjamiyatining dolzarb muammolarini hal etishda ham faol ishtirok etmoqda.
Prezident nutqida, eng avvalo, tinchlik masalasiga qayta-qayta to‘xtalib o‘tildi. Jahondagi ko‘plab nizolar, qurolli to‘qnashuvlar va geosiyosiy qarama-qarshiliklar fonida bu chaqiriqning ahamiyati beqiyos. Biz dunyoda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash uchun ochiq muloqot va hamkorlikdan boshqa yo‘l ko‘rmaymiz, degan fikr zamirida butun dunyo davlatlariga qaratilgan samimiy da’vat yotibdi.
Prezidentimiz nutqida iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi, energiya taqchilligi kabi masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu muammolarning har biri insoniyat taqdiri bilan bog‘liq. Ayniqsa, “yashil iqtisodiyot” g‘oyasini ilgari surish, ekologik barqarorlikni ta’minlash borasidagi chaqiriqlar nafaqat yurtimiz uchun, balki butun dunyo uchun dolzarb ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, nutqda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, kambag‘allik darajasini qisqartirish, ta’lim va ilm-fanga ustuvor ahamiyat berish, gender tenglik va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish kabi masalalarga ham alohida urg‘u berib o‘tildi. Bu esa Yangi O‘zbekistonning global maydonda ham adolatli va taraqqiyparvar davlat sifatida yuksalib borayotganidan dalolatdir.
Mintaqaviy hamjihatlikka oid fikrlar, ya’ni Markaziy Osiyoni yaqin qo‘shnichilik va sheriklik makoni sifatida shakllantirish g‘oyasi alohida e’tiborga molik. Chunki bu yo‘lda so‘nggi yillarda qo‘lga kiritilgan natijalar haqiqatan ham tarixiy ahamiyatga ega. Yopiq chegaralar davri tarixda qolgani, savdo va investitsiyalar hajmi bir necha barobarga o‘sgani, qo‘shma loyihalarning ko‘payishi bu xalqlarimizning kelajak farovonligi uchun xizmat qiladigan amaliy natijalardir.
Shuningdek, nutqda Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash, Falastin-Isroil muammosini “ikki xalq – ikki davlat” tamoyili asosida hal etish, Ukraina atrofidagi vaziyatni diplomatik yo‘llar bilan tartibga solish kabi tashabbuslar O‘zbekiston tashqi siyosatining muvozanatli va tinchlikparvar yo‘nalishini namoyon etdi.
Prezidentimiz tomonidan iqlim o‘zgarishi va suv resurslari taqchilligiga oid bildirilgan takliflar esa faqat mamlakatimiz uchun emas, balki butun jahon hamjamiyati uchun hayotiy ahamiyatga ega. Xususan, Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan ishlar, “yashil makon” dasturi, suv inqirozini hal qilish uchun global forum tashkil etish tashabbusi bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridir.
Aytish mumkinki, Prezidentimiz nutqi nafaqat davlat rahbarining pozitsiyasi, balki butun xalqimizning adolat, tinchlik va taraqqiyot yo‘lidagi umumiy irodasini ifoda etdi. Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi ochiqlik va pragmatizm tamoyillari xalq diplomatiyasi, parlament faoliyati va jamoatchilik muloqotida ham o‘z ifodasini topishi zarur.
Umuman olganda BMT minbaridan so‘zlangan nutq bugungi mamlakatimiz tashqi siyosiy kursining uyg‘unligini ko‘rsatadi. Bir tarafdan, mamlakat global masalalarda mas’uliyatli ishtirokchi sifatida ko‘rinayotgan bo‘lsa, ikkinchi tarafdan, ikki tomonlama munosabatlarda amaliy natijalarga erishmoqda. Prezidentimiz BMT minbaridan nafaqat davlat rahbari sifatida, balki xalqimizning haqqoniy va adolatli ovozi sifatida nutq so‘zladi. Uning so‘zlari — tinchlikka, hamkorlikka va insonparvarlikka da’vatdir.
Ushbu nutqni tinglar ekanman, yuragimda ikki xil tuyg‘u uyg‘ondi: faxr! Chunki Prezidentimizning fikrlari xalqaro hamjamiyat oldida O‘zbekistonning obro‘-e’tiborini yanada oshirdi. Ikkinchisi esa mas’uliyat! Chunki aytib o‘tilgan har bir tashabbus, har bir chorlov biz deputatlar, siyosiy partiyalar, jamiyat vakillari zimmasiga ham yangi vazifalar yuklaydi.
Biz ushbu kuzatuvlarimiz doirasida O‘zbekiston – AQSH munosabatlarining turli qirralarini imkon qadar tahlil qilishga harakat qildik. Siyosiy muloqotlar, iqtisodiy kelishuvlar, biznes vakillari bilan uchrashuvlar, Prezidentlar muloqotidagi samimiylik, ijtimoiy tarmoqdagi fikrlar va albatta, BMT minbaridan yangragan nutq. Bu jarayonlarni bir-biriga bog‘lab tahlil etsak, bir muhim haqiqat ko‘zga tashlanadi: yana bir bor ta’kidlaymiz – O‘zbekiston tashqi siyosatining markazida xalq manfaati turibdi!
Demak, xulosa shuki, O‘zbekiston – AQSH munosabatlari bugun yangi strategik bosqichga ko‘tarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Nyu-York shahriga tashrifi doirasida olib borilgan siyosiy muloqotlar, AQSH biznes vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlari va BMTning yuksak minbaridan yangragan g‘oyalari – buning yorqin isbotidir.
Men, O‘zLiDeP fraksiyasi vakili sifatida, quyidagi xulosalarni aytishni zarur deb bilaman:
Birinchidan, AQSH bilan oliy darajadagi siyosiy muloqotlarda kuzatilayotgan samimiylik va ishonch ruhi mamlakatimiz tashqi siyosatining ochiq va pragmatik yo‘nalishini tasdiqlaydi. Bu muloqotlar nafaqat hukumatlar, balki xalqlar o‘rtasida ham o‘zaro ishonchni mustahkamlaydi.
Ikkinchidan, biznes vakillari bilan erishilgan kelishuvlar ortida faqat moliyaviy manfaat emas, balki yuz minglab yangi ish o‘rinlari, yuqori texnologiyalarni jalb etish va iqtisodiy o‘sish turibdi.
Uchinchidan, AQSH Prezidenti Donald Trampning Truth Social tarmog‘idagi samimiy posti O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori ortib borayotganidan dalolatdir.
To‘rtinchidan, Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasidagi nutqi nafaqat milliy, balki global ahamiyatga ega. Unda jahon miqyosida tinchlik, hamkorlik, “yashil iqtisodiyot”, yoshlar va inson huquqlari kabi ustuvor masalalarga aniq taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Yangi O‘zbekistonning asosiy maqsadi xalq manfaatini ta’minlash. Prezidentimiz olib borayotgan siyosiy muloqotlar, iqtisodiy kelishuvlar va xalqaro tashabbuslar aynan shu maqsadga xizmat qilmoqda.
Shu bois biz, O‘zLiDeP fraksiyasi vakillari bu jarayonlarni qo‘llab-quvvatlaymiz va ularni yurtimiz taraqqiyotining yangi sahifasi sifatida tarixga kirishiga ishonamiz.
Nodir JUMAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi raisi,
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi