Asosiy kontentga o‘tish
Shanba 13-Sentyabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Markaziy Osiyoning tranzit salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish bo‘yicha amaliy tashabbuslar

10.09.2025
104

Prezidentimiz Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida Xitoyda bo‘lib o‘tgan ko‘p tomonlama tadbirlarda biz uchun dolzarb ahamiyat kasb etuvchi xalqaro transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi. Jumladan, Shimol – Janub va Sharq – G‘arb yo‘nalishlari bo‘yicha transport-tranzit salohiyatini to‘liq ishga solish, mintaqani global yo‘laklar bilan ishonchli bog‘lashni ta’minlaydigan samarali transport yo‘nalishlarini yaratish Markaziy Osiyo uchun hayotiy muhim ahamiyatga ega ekanligi urg‘ulandi.

Bu borada “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lining qurilishi va kelajakda uni Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lanishi SHHT doirasida yagona transport tarmog‘ini shakllantirishga xizmat qilishi, Markaziy Osiyo orqali Fors ko‘rfazi va Hind okeani portlariga chiqadigan janubiy yo‘nalishdagi yo‘laklarni rivojlantirish alohida ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, “SHHT yagona transport makoni”ni shakllantirish va uni “Bir makon – bir yo‘l” strategik tashabbusi bilan bog‘lash bo‘yicha sa’y-harakatlarni moslashtirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi e’tirof etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunida ushbu yo‘nalishda katta amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini o‘zaro bog‘lash bo‘yicha hamkorlik dasturi imzolandi.

Darhaqiqat, mintaqamiz katta iqtisodiy bozorlarni bir-biri bilan samarali bog‘lash uchun strategik joylashuvga ega hudud bo‘lsada, mavjud transport infratuzilmasining rivojlanish darajasi Markaziy Osiyoning tranzit salohiyatidan to‘liq foydalanish imkonini cheklab turgan omildir. Birgina misol, har yili Xitoydan Yevropa Ittifoqiga bir necha million konteynerlarda ko‘p milliardli tovarlar yetkazib beriladi. Infratuzilmaning rivojlanmagani sababli Transkaspiy yo‘lakdan mana shu konteynerlarning yiliga o‘rtacha 21 ming donasi o‘tadi, xolos. Agar quruqlik orqali yuklarni tashishga qiziqish yildan-yilga ortib borayotganini hisobga olsak, bu holat bizni qoniqtirmasligi aniq.

Huddi shuningdek, Markaziy Osiyo bilan qo‘shni bo‘lgan davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmining o‘sib borishi mintaqa davlatlari uchun tranzit imkoniyatidan foydalanish uchun sharoit yaratib bermokda. Masalan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlarining Janubiy Osiyo bilan (o‘tgan yilgi ko‘rsatkich 70 milliard dollar atrofida bo‘lgan), Xitoyning arab davlatlari bilan ko‘p milliardli savdo munosabatlari yildan-yilga oshib bormoqda.

Demak, mintaqamizning transport-logistika infatuzilmasini rivojlantirish va qo‘shni mintaqalar bilan bog‘lash uchun tranzit o‘tkazish imkoniyatlarini yanada kengaytirish iqtisodiyotimizni rivojlantirish, uni sifat jihatidan o‘zgartirishni amalga oshirishimizning muhim sharti hisoblanadi.

Shu nuqtayi nazardan, davlatimiz rahbari ham Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida, ham unga a’zo bo‘lgan davlatlar bilan ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarida va umuman turli xalqaro platformalarda Markaziy Osiyoning transport infratuzilmasini rivojlantirish, ularni xalqaro tranzit yo‘laklariga aylantirish bo‘yicha amaliy yo‘naltirilgan tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Ularning samarali amalga oshirilishi bizning iqtisodiy rivojlanishimizning asosiy omillaridan biridir.

 Umid YAKUBXO‘JAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Saytni yangi dizayni yoqdimi?