Yakshanba 22-Dekabr 2024-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Saylovlarga tayyorgarlikni 2020-yildayoq boshlaganmiz – Aktam Hayitov

28.08.2024
436

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi raisi Aktam Hayitov saylovda g‘alaba qozonishni maqsad qilmagan partiya faoliyatida keskin burilish bo‘lmasligini, shu sababli saylovlarga tayyorgarlik 2020 yildayoq boshlanganini ma’lum qildi.

Shuningdek, partiya ilk marotaba aralash saylov tizimi asosida o‘tkaziladigan saylovlarda ham faol bo‘lib, muvaffaqiyatli qatnashishni reja qilgan. 2024 yil 27 oktabr kuni O‘zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlar saylovlari bo‘lib o‘tadi. MSK saylov kompaniyasi 2024 yil 26 iyulidan boshlanishini e’lon qilgan. Kun.uz muxbiri Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Hayitov bilan partiyaning saylovoldi dasturi va rejalari haqida suhbatlashdi.

– Assalomu alaykum, Aktam Ahmadovich. Barchamiz shu kunlarda davlatimiz mustaqilligining 33 yilligini nishonlash arafasida turibmiz. Suhbatimiz avvalida Sizga shunday savol bilan murojaat qilishni istar edim: xo‘sh, mustaqillik bizga nima berdi?

– Vaalaykum assalom. Avvalo, imkoniyatdan foydalanib, yurtdoshlarimizni hammamiz uchun qadrli bo‘lgan kun – mustaqilligimizning 33 yilligi bayrami bilan partiyamizning bir yarim milliondan ziyod a’zolari nomidan chin qalbimdan muborakbod etaman. Barchangizga mustahkam sihat-salomatlik, oilalaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman. Jonajon Vatanimiz nufuzi jahon maydonida yuksalaversin. Endi bevosita savolingizga qaytadigan bo‘lsak, mustaqillik o‘zligimizni, erkinligimizni, xalqchil va demokratik tamoyillarga asoslangan milliy davlatchiligimizni, erkin fuqarolik jamiyatini berdi. Iqtisodiyot, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda mislsiz muvaffaqiyatlar qo‘lga kiritildi. Ayniqsa, 2017 yilga kelib barcha sohalarda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar shiddatli tus oldi. Eng asosiysi, inson va uning qadri yuksaldi. Barcha islohotlar markazida inson qadrini ulug‘lash qo‘yildi. “Inson-jamiyat-davlat” yondashuvi Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyatiga chuqur singdirildi. U hayotimizning bosh qadriyatiga aylandi. Bundan yetti yil oldin dunyo hamjamiyati o‘zi uchun O‘zbekistonni qaytadan kashf etdi. Yuksak siyosiy iroda tufayli O‘zbekiston dunyoga, dunyo O‘zbekistonga ochildi. Ayniqsa, mintaqa davlatlari bilan o‘zaro munosabatlardagi sovuqchiliklarga to‘la barham berildi. Dunyoda Yangi O‘zbekistonga nisbatan ishonch ruhi va mamlakatimiz bilan hamkorlikka intilish kuchaydi. Umuman olganda, mintaqaning yuragida joylashgan mamlakat – O‘zbekiston o‘zgardi, qo‘shnilar, qolaversa, dunyo hamjamiyati bilan ochiq siyosat yuritish ustuvorlik kasb etdi. Aholi o‘rtasida va davlat idoralarida tadbirkorlarga munosabat o‘zgardi. Jamiyatda ularning obro‘si va mavqei kun sayin ortib borayapti. Chunki mulk va mulkdorlar, xususiy sektor vakillarining huquq va manfaatlari qonun yo‘li bilan himoya qilinishi yanada takomillashdi. Ana shulardan kelib chiqib, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” singari fundamental demokratik tushunchalar va hayotiy ko‘nikmalar Yangi O‘zbekistonda real voqelikka aylandi. Prezidentimiz yaqinda Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tgan tadbirkorlar bilan muloqotda biznes ahlini Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlari, deb atadi. Bunday yuksak ishonch, samimiyat partiyamiz elektorati bo‘lgan tadbirkor va ishbilarmonlarni behad ilhomlantirib yubordi. Umuman olganda, mamlakatimizdagi ortga qaytmaydigan va muqarrar tus olgan bugungi xalqchil demokratik jarayonlar mustaqillik bergan eng katta ne’mat, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

– Endi asosiy mavzuga o‘tsak. Oliy Majlis va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tishi kutilayotgan bu yilgi saylovga O‘zLiDeP tayyormi?

– Partiyamiz odatda bir saylov tugashi bilan keyingisiga tayyorgarlik boshlashni odat qilgan. Shuni alohida aytish kerakki, saylovda g‘alaba qozonishni maqsad qilmagan partiya faoliyatida keskin burilish bo‘lmaydi. Shu bois biz tayyorgarlikni 2020 yildayoq boshlagan edik, joriy yilga qadar qator ijobiy natijalarga erishishga ham ulgurdik. Besh yil avval partiyamiz a’zolari soni 745 ming nafar edi. Bugungi kunda esa 1 million 600 mingdan oshdi. Tabiiyki, a’zolar soni o‘z-o‘zidan ko‘payib qolmaydi. Buning uchun partiya tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar, turli loyihalar, umuman, har bir ish xalq manfaati uchun xizmat qilishi kerak. G‘oyalardagi ezgulikni odamlar e’tirof etishi, uning amalga oshishiga ishonishi lozim. O‘zLiDeP tarafdorlari sezilarli ravishda oshdimi, demak, qilgan ishlarimiz ozmi-ko‘pmi xalqqa manzur bo‘lgan. Bu yilgi saylovlar yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy muhitda, parlament va mahalliy Kengashlar vakolatlari kengaytirilgan hamda kuchaytirilgan sharoitda o‘tkazilmoqda. Hech kimga sir emaski, zamonaviy partiya zamonaviy menejment usullarisiz siyosiy raqobat maydonida muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Shu ma’noda, partiya tarkibiy tuzilishini ham bugungi islohotlar shiddatiga, bo‘lajak saylovga mos tarzda qayta ko‘rib chiqqanimiz ham bejiz emas. Saylovga daxldor tashkiliy-ma’muriy, huquqiy va boshqa vazifalarni amalga oshirish uchun tegishli komissiyalar, ishchi guruhlar tuzildi. Ular ayni paytda qizg‘in faoliyat olib bormoqda. Shu kunlarda saylovda ishtirok etish uchun saylovchilar imzolarini to‘plash jarayonini yakuniga yetkazdik. Barcha hududlarda, shuningdek, aholi gavjum joylarda imzo yig‘ish punktlari faoliyati tashkil etildi. Natijada juda tez fursatda faollarimiz tomonidan 42 mingga yaqin imzo yig‘ildi va Markaziy saylov komissiyasiga topshirildi. 21 avgust kuni partiyamizning saylovda ishtirok etishiga ijozat berildi. O‘zLiDePning keyingi qadami, birinchi navbatda, saylovoldi dasturimizni elektoratimizni faol ishtirokida puxta shakllantirishdan iborat bo‘ladi. Unda belgilangan maqsad va g‘oyalarni saylovchilarga ta’sirchan usullar orqali yetkazish, targ‘ibot tadbirlarini samarali yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratamiz. Ikkinchidan, 15 mingdan ortiq boshlang‘ich partiya tashkilotlarining umumiy yig‘ilishlari, tuman, shahar, viloyat konferensiyalarini ko‘tarinki ruhda tashkil etilib, ularda mahalliy Kengash deputatligiga nomzodlarimiz tanlanib, tasdiqlab olinadi. Uchinchidan, O‘zLiDePning eng yuqori organi bo‘lgan partiya Kongressini o‘tkazish zimmamizdagi eng mas’uliyatli vazifadir. Mas’uliyatli deganimning boisi aynan shu katta tadbirda partiyamizdan Qonunchilik palatasiga ko‘rsatiladigan deputatlikka nomzodlar e’lon qilinadi. Kongressda, shuningdek, delegatlarimiz ishtirokida Saylovoldi dasturimizni muhokamaga qo‘yib, tasdiqlab olamiz. Umuman olganda, bu jarayonlarga jamoamiz bilan puxta tayyorgarlik ko‘rayapmiz.

– Yangilangan Konstitutsiya mazmun-mohiyati va uning bugungi hayotimizda tutgan beqiyos o‘rni hamda ahamiyati xususida oldingi intervyularingizda ham o‘z mulohazalaringizni bildirgansiz. Shuning uchun suhbatimizni yangi saylov tizimi mavzusida davom ettirsak.

– Joriy yili mamlakatimiz parlamentiga saylovlar ilk marotaba aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Jahon tajribasi ham shundan dalolat beradiki, aralash saylov tizimida muvaffaqiyatga erishish uchun partiya moslashuvchan, ko‘p qirrali va strategik yondoshuvni qo‘llashi kerak. Bu tizim partiyadan har jabhada faol bo‘lmoqni talab qiladi va uning siyosiy mahoratini sinovdan o‘tkazadi. Avvalo shuni aytish kerakki, aralash saylov tizimida fikrlar, hayotiy g‘oya va dasturlar o‘rtasida raqobat kuchayadi. Shunday ekan, birinchi navbatda ishlab chiqayotgan dasturlarimiz, turli loyihalarimizda yanada hayotiy g‘oyalar aks etishiga urg‘u berishimiz kerak. Ya’ni aholi uchun tushunarli va dolzarb bo‘lgan dasturlar yaratishga e’tibor qaratishimiz zarur. Ikkinchidan, partiya imidjini oshirish bo‘yicha qilayotgan ishlarimizni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishimiz lozim. Hozirning o‘zida xalqaro tajribani o‘rganib, jiddiy, noan’anaviy usullardan foydalanishni boshladik. Uchinchidan, partiyaning media-axborot sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirishimiz lozim. Zero, bizning g‘oyalarimiz aynan shu tizim orqali xalqqa yetib boradi. Shuning uchun media hamjamiyati bilan ishlashga professional darajada yondoshamiz. To‘rtinchidan, partiya nomzodlarining sifati, o‘z dasturlarini aniq bayon eta olishi, ularning aholi o‘rtasidagi obro‘si ham muhim hisoblanadi. O‘zLiDeP ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratadi. Yuqoridagilarning barchasi bugungi vaziyatni to‘la his qilgan holda saylovlarda partiyamizning faol ishtirokini ta’minlashning o‘ziga xos yo‘lidir.

– O‘tgan yillar davomida O‘zLiDeP mamlakatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotida qanday muhim tashabbus va islohotlarni ilgari surdi? Ularning natijalari real hayotda qanday aks etmoqda?

– Ortda qolgan 5 yillik faoliyatimizni sarhisob qilganda muvaffaqiyatlarni raqobatchilar ham inkor etishi mushkul. Jumladan, o‘tgan saylovoldi dasturimiz 5 ta yo‘nalishni qamrab olgan va unda 233 ta band o‘z aksini topgan edi. Tahlillarga ko‘ra, besh yil davomida shundan 220 ta band ijrosi to‘liq bajarildi. 13 ta band esa davomiy bo‘lib, ularning kelgusi yillarda ham bajarilishi rejalashtirilgan. Partiyaning saylovoldi dasturidagi maqsad va g‘oyalar 15 ta yangi qonun, 17 ta qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 73 ta farmoni va 107 ta qarorida hamda Vazirlar Mahkamasining 43 ta qarorida o‘z aksini topdi. O‘zLiDePning eng muhim natijalaridan biri 2023 yil 30 aprel kuni yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tashabbuskori sifatida siyosiy maydonga chiqqanidir. Konstitutsiyadagi yangi normalar “inson – jamiyat – davlat” konsepsiyasiga qat’iy amal qilingan holda tayyorlandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bo‘yicha keng jamoatchilik va aholining fikr va takliflarini o‘rganish jarayonida partiyamiz xalq bilan hamnafas bo‘ldi. Ularning o‘y-fikrlari, dardiga oshno bo‘ldi. Partiyamiz tadbirkorlar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida ham qator sa’y-harakatlarni amalga oshirdi. Shularning eng muhimi, barcha tadbirkorlarga “yaxshi tanish” bo‘lgan Soliq kodeksining 2271-moddasi bilan bog‘liq. Aytishim kerakki, Soliq kodeksining mazkur moddasida belgilangan moliyaviy jarima miqdori tadbirkorlarimiz hafsalasini pir qilgan edi. Jarimaning haddan tashqari yuqori ekanligi ularning e’tirozlariga sabab bo‘lgandi. Shundan so‘ng partiya tashabbusi bilan mazkur modda qayta ko‘rib chiqildi. Tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muhokamalardan so‘ng Soliq kodeksining ushbu moddasida ko‘zda tutilgan jarima miqdori hisobot choragida olingan sof tushumning 100 foizidan 2 foizga tushirildi. Partiya o‘zining birgina ana shu tashabbusi bilan bankrotlik yoqasiga kelib qolgan o‘n minglab tadbirkorlarning joniga oro kirdi.

– Bir vaqtning o‘zida siz Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi rahbarisiz. Ayting-chi, fraksiyaning 5 yillik faoliyatidan qoniqdingizmi? Shu vaqt ichida fraksiya a’zolari tomonidan qanday qonunchilik tashabbuslari ilgari surildi?

– O‘tgan davr mobaynida partiya deputatlarining bevosita tashabbusi bilan elektoratimiz manfaati aks etgan 17 ta hamda boshqa fraksiya a’zolari bilan hamkorlikda 24 ta qonun loyihasi ustida ish olib borilgani holda ularning qabul qilinishiga erishildi. Masalan, dehqon xo‘jaliklarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, davlat hokimiyati organlari va NNTlarning shaxsiy tomorqa xo‘jaliklari sohasidagi vazifalari va ishtirokini ochib berishga qaratilgan “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, shuningdek, mulk huquqi daxlsizligini ta’minlashga xizmat qiluvchi qator qonunlar shular jumlasidandir. Shuningdek, partiya avvalgi saylovoldi dasturida Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqishni belgilangan edi. Xabaringiz bor, joriy yilning 6 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi va Senat tomonidan ma’qullandi. Bundan tashqari, o‘tgan davrda fraksiyamiz tomonidan 29 marotaba Parlament nazorati, 12 marotaba “Hukumat soati”, 6 marta “Parlament eshituvi” o‘tkazilgani barobarida 11 marta tegishli vazirlik va idoralarga “Parlament so‘rovi”, 730 ta deputatlik so‘rovlari yuborilgan. Masalan, Bosh prokuraturaga Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida mahalliy davlat hokimiyati mas’ullari tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirkorlik sub’yektlari, jumladan, kafe va oshxonalar faoliyatini ommaviy reyd tekshiruvlariga huquqiy baho berish, Vazirlar Mahkamasiga uylarning yerto‘lasida faoliyat olib borayotgan savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari uchun belgilangan cheklovlarni bekor qilish yuzasidan yuborilgan deputatlik so‘rovlari ijobiy yechim topganini keltirish mumkin.

– Partiya elektoratini tashvishga solayotgan turli adolatsizliklar uchrab turadi. Bunday vaziyatlar qay usulda o‘rganib boriladi va ularning manfaatlarini himoya qilishda partiya qanday yo‘l tutmoqda?

– Har qanday muammo qisqa fursatda ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga aylanayotgan zamonda yashayapmiz. Shundan kelib chiqqan holda biz ijtimoiy tarmoqlarni doimiy ravishda monitoring qilib boramiz, shu orqali murakkab vaziyatga tushgan elektorat vakillariga ko‘mak berishga harakat qilamiz. Qolaversa, partiyamizda aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha alohida bo‘lim faoliyat olib boradi. Xususan, tadbirkor, fermer va mulk egalariga nisbatan mansabdor shaxslar tomonidan qilinayotgan nohaqliklarni bilsak, unga tezkorlikda munosabat bildiramiz. Misol uchun o‘tgan oyda Toshkent shahar hokimligining Renovatsiya dasturi bo‘yicha qarori ko‘p e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Biz bu borada birinchilardan bo‘lib o‘z munosabatimizni bildirdik. O‘zLiDeP renovatsiya dasturlari fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga tegishli bo‘lgan yakka tartibdagi turar joylar hamda noturar joylar daxlsizligiga rahna solmasligi shart, deb hisoblaydi. Partiyamiz bu borada shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymasdan tegishli qonun qabul qilingandan so‘ng amaliy ishlar qilish kerakligini qat’iy ta’kidlagan. Partiya o‘zining yangi Saylovoldi dasturiga renovatsiya to‘g‘risida ishlab chiqilayotgan qonunda uy-joy mulkdorlari, tadbirkorlarning mulk huquqi va qonuniy manfaatlari mutlaq kafolatlanishi bo‘yicha muhim vazifalarni kiritgan. Qolaversa, o‘tgan yili jizzaxlik tadbirkor Qashqadaryodan 60 tonna chigitni olib chiqishda ta’qiqqa uchraganida unga amaliy yordam ko‘rsatdik. Bu mavjud qonunchilikka mutlaqo zid harakatdir. Zero, partiyamiz tomonidan Konstitutsiyaviy islohotlar tashabbuskori sifatida asosiy qonunimizga “O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanishi” bo‘yicha tegishli norma kiritilgan. Bosh prokuratura va viloyat hokimligiga yuborilgan tezkor deputatlik so‘rovlari natijasida tadbirkorning haq-huquqlari o‘z vaqtida tiklandi. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.

– Partiyaning quyi tuzilmalari faoliyati qanchalik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa uning g‘oya va maqsadlari ham xalq orasiga shunchalik yaxshi singadi, shunday emasmi?

– Albatta, eng avvalo, quyi bo‘g‘inlar faoliyati orqali bizning g‘oya va loyihalarimiz xalq orasiga kirib boradi. O‘tgan vaqt mobaynida xalq deputatlari mahalliy kengashlaridagi deputatlik guruhlarimiz ham faol ish yuritdi. Ular tomonidan hududiy ijro organlari rahbarlariga yuborilgan 53 mingdan ziyod deputatlik so‘rovining 81 foizi ijobiy hal bo‘lgan. Shuningdek, deputatlik guruhlari tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishlarda deyarli 10 ming marotaba hududiy ijro organlari rahbarlarining axborotlari tinglangan. Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obektlari, ko‘p kvartirali uy-joy fondini kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash, Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, Jizzaxda aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, narx-navo barqarorligiga erishish, Toshkent shahrida transport tizimini yaxshilash, umuman olganda, barcha hududlarda tegishli masalalar doirasida o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganish natijalari bo‘yicha yuqorida qayd etilgan hududlarda tuman va shaharlar kesimida deputatlik guruhlarida eshituvlar, doimiy komissiyalar va kengashlar sessiyalarida ta’sirchan va tanqidiy muhokamalar o‘tkazildi. Jamoatchilik nazorati tadbirlari davomida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilib, muammolarni hal etish yuzasidan choralar ko‘rildi.

– Partiyaning Yoshlar va Ayollar qanoti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz.

– Bugungi kunda partiyamiz umumiy a’zolarining 46 foizi xotin-qizlar, 50 foizga yaqini yoshlardan iborat bo‘lib, ayollar va yoshlar yo‘nalishida bir qator loyihalar hayotga tatbiq etildi. Jumladan, “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi doirasida 2 mingdan ortiq tadbirlarda 16 000 nafardan ziyod xotin-qizlar ishtiroki qamrab olindi. Tanlov targ‘iboti davomida 1000 dan ortiq yangi tadbirkor, fermer, hunarmand xotin-qizlar kashf qilindi. “Bunyodkor ayollar” loyihasi doirasida 65 mingga yaqin xotin-qiz jalb etilib, 8 279 nafar xotin-qizga 68,4 mlrd so‘m kredit ajratilishi bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Natijada 10 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi. Yoshlar yo‘nalishida birgina “Mening g‘oyam” loyihasi doirasida o‘z startap va biznes g‘oyasiga ega 2 000 dan ortiq yoshlarning tadbirkorlik sub’yektlari bilan uchrashuvlari tashkil etilib, 700 ga yaqin istiqbolli biznes g‘oyalariga investitsiya kiritilgan. “Yosh innovatorlar va texnologlar” loyihasi haqida ham alohida to‘xtalib o‘tish kerak. Chunki ushbu loyiha zamonaviy kasblar, texnologiyalar, dasturlash, robota-texnika, sun’iy intellekt, kosmonavtika, yadro-fizika sohalariga qiziquvchi yoshlar auditoriyasini shakllantirishda muhim o‘rin tutdi. Bu borada partiya yoshlar va ilmiy-tadqiqot institutlari, IT parklar o‘rtasida muhim ko‘prik vazifasini o‘tadi. Mazkur loyiha o‘z atrofiga jami 27 mingdan ziyod yoshlarni qamrab olgani bilan e’tiborga loyiqdir.

– Saylovga juda oz fursat qolmoqda. Ayting-chi, bu gal partiya o‘z oldiga qanday muhim vazifalarni qo‘ymoqda?

– Avvalo shuni aytish kerakki, biz Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev partiyaning XI s’yezdida e’lon qilgan Saylovoldi dasturi hamda «O‘ZBeKISTON – 2030» Strategiyasini to‘liq amalga oshirish mas’uliyatini zimmasiga olgan yetakchi siyosiy kuch sifatida parlament saylovlariga 5 maqsad – 500 vazifani o‘z ichiga qamrab olgan mutlaqo yangi strategiya bilan qatnashamiz. O‘zLiDeP siyosiy maydonda “markaz”, “o‘ng markaz” pozitsiyada bo‘lib, inson va uning qadrini yanada yuksaltirish uchun bor kuch va imkoniyatlarni ishga soladi. Biz “Erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostida barqaror iqtisodiy o‘sish orqali har bir inson, oila va jamiyat farovonligiga erishishni asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilaganmiz. Biz yalpi ichki mahsulot hajmini 2030 yilga borib 160 milliard dollarga, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni esa 4 ming dollarga yetkazish bo‘yicha aniq choralar ko‘rilishi bo‘yicha ish olib boramiz. Bu maqsadga erishishni esa tadbirkorlikni jadal rivojlantirishsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Tadbirkorlar faoliyatiga har qanday noqonuniy usulda aralashganlik uchun davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligini kuchaytirish, litsenziyalar sonini ikki baravarga qisqartirish, 1000 ga yaqin byurokratik talablarni bekor qilish, monopol faoliyatni cheklash, eksportchi tadbirkorlar uchun kredit foiz stavkalarini kamaytirish, fermer va dehqonlarga imtiyozli kreditlarni ajratish, ularning qaytarish muddatlarini mavsumiylikdan kelib chiqqan holda belgilash, kelgusi 5 yilda iqtisodiyotda nodavlat sektor ulushini 85 foizga yetkazish kabi bir qator tashabbuslarni ilgari suramiz. Partiya kelgusi besh yillik yakunida yurtimizdagi kambag‘allik ko‘lamini ikki karra kamaytirishga erishish, aholini tadbirkorlikka jalb qilishning mahallabay dasturlarini ishlab chiqish, tadbirkorlik ommaviy tus olishiga erishish hamda bu orqali ishsizlikning past darajaga tushishiga erishishga harakat qiladi. Shuningdek, ta’limning barcha bosqichlarida qamrov va sifat darajasini oshirish, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish, og‘ir vaziyatga tushib qolgan fuqarolar uchun kredit ta’tillari berish, “Har bir oila o‘z uyiga ega bo‘lsin” degan shior ostida 1 million xonadonli uy-joylar qurilishiga alohida e’tibor qaratamiz.

– Ortga nazar tashlasangiz partiya faoliyatida qaysi rejalashtirgan ishlar amalga oshmadi?

– O‘tgan 5 yillik faoliyatda juda katta siyosiy jarayonlarda bevosita qatnashdik. Dasturimizda belgilangan ko‘plab vazifalarni hayotga tatbiq etdik. Lekin ayrim muhim vazifalar ijrosiga kechikdik. Masalan, ko‘pchilik yaxshi biladiki, besh yil oldin Tadbirkorlik kodeksi loyihasini ishlab chiqishni maqsad qilgan edik. Lekin bu va’damiz oradan 5 yil o‘tib, ya’ni 2024 yilga kelibgina qonun ko‘rinishida qabul qilindi. Agar shuni to‘rt yil oldin qila olganimizda bugun undagi vazifalar allaqachon tadbirkorlarga ko‘mak berayotgan bo‘lardi. Shuningdek, saylovoldi dasturimizda ilgari surilgan Suv kodeksi, “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi qonun, Biznes-ombudsman bilan hamjihatlikda ishlaydigan Investitsion ombudsman institutini tashkil etish kabi tashabbuslarimizni to‘liq amalga oshira olmadik. Ularni yangi saylovoldi dasturiga kiritib, ijrosini albatta oxiriga yetkazamiz.

– Bugungi kunda partiya elektorati manfaatlarini himoya qilishda Hukumat tarkibiga kiruvchi qaysi vazirlik va idoralarning faoliyatini qoniqarsiz, deb baholaysiz?

– Biz hukumat idoralarining faoliyatini qoniqarsiz, deb hisoblamaymiz. Zero, ularning sa’y-harakatlari bilan yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari ta’minlanmoqda. Lekin elektorat manfaatidan kelib chiqib, ba’zi vazirlik va idoralarning ayrim qarorlari yuzasidan o‘z mulohazalarimni aytib o‘tmasam bo‘lmaydi. Birinchidan, Soliq kodeksining 221-moddasiga ko‘ra, kassa chekini bermaganlik va terminal orqali to‘lovlarni qabul qilishni rad etganlik uchun 5 million so‘m miqdorida jarima belgilangan. Bunda tadbirkorning toifasi (mikro, kichik, o‘rta, yirik), sotib olingan mahsulotning qiymati, kunlik tovarooborot hajmi hisobga olinmagan. Masalan, chekka hududdagi kichik savdo do‘koniga ham, katta savdo tarmog‘iga ham bir xilda jarima qo‘llanilmoqda. Soliq qo‘mitasi tomonidan ushbu masala bo‘yicha biron-bir taklif bildirilmadi. Yana bir masala. Soliq qo‘mitasi raqamlashtirish bahonasida biznesga ortiqcha to‘siq yaratgan taklifni muhokamalarsiz joriy qildi. Endi, hech narsa bo‘lmaganidek “E-aktiv” dasturidan osongina voz kechildi. Ungacha qancha tadbirkorlar qiynaldi. Nega Qo‘mita tashabbusni chuqur o‘ylamasdan ilgari suradi? Qo‘mita noto‘g‘riligini tan olib, xulosa chiqarishi kerak. Ikkinchidan, qishloq xo‘jaligi sohasida erkin bozor munosabatlariga o‘tilgan bo‘lsa-da, ichki ishlar organlari va mahalliy hokimliklar ular faoliyatiga aralashishni to‘xtatmayotgani dilni biroz xira qiladi. Ayrim hollarda ichki ishlar organlari fermerlarga ortiqcha hosilni yig‘ib olish uchun texnikalardan foydalanishda ham to‘sqinlik qilayapti. Misol uchun, yaqinda Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida faoliyat olib boruvchi fermer xo‘jaligining g‘alla maydoniga o‘rim uchun tushgan kombayn IIB xodimlari tomonidan noqonuniy ravishda olib ketilgan. Ishonchimiz komilki, Ichki ishlar vazirligi bunday vaziyatlarni chuqur o‘rganib, ularga huquqiy baho beradi. Uchinchidan, 2024 yil 1 iyundan tadbirkorlar tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish belgilangan limitdan ortiq bo‘lganda tarifning 2 baravari miqdorida qo‘shimcha to‘lov undiriladigan bo‘ldi. Avval ushbu to‘lov miqdori tarifning 1,15 baravari, tabiiy gazda esa 1,4 baravari miqdorida bo‘lgan. Ushbu o‘zgarishlar tadbirkorlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan. Quvonarlisi, bu masala davlatimiz rahbarining yaqinda tadbirkorlar bilan muloqotida o‘z yechimini topdi. Mazkur uchrashuvda davlatimiz rahbari tadbirkorlik sub’yektlari uchun elektr va gaz iste’moli limitdan 20 foizgacha oshib ketsa ham bazaviy tarif saqlanib qolishini, agar iste’mol 20 foizdan o‘tib ketsa, oshgan qismiga to‘lov faqat 20 foiz qimmatlashishini e’lon qildilar. To‘rtinchidan, Transport vazirligi, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi sohada ko‘p o‘zgarishlar qilishi zarur. Sohada raqobat yo‘qligi bois, xizmat ko‘rsatish sifati past. Narxlar yuqori va yo‘lovchilar uchun sharoitlar yetarli emas. Buni xorijiy turistlar va o‘zimizni fuqarolar ham bir necha bor tanqid qilib chiqishdi. Yangi yo‘llar tezda ta’mirtalab bo‘lib qolmoqda, tirbandliklar muammosi haligacha o‘z yechimini topmagan.

– Qarshi bo‘lmasangiz, endi suhbatimiz, qiziqarli bo‘lishi uchun shaxsiy qiziqishlaringizga doir savollarga o‘tsak…

– Bemalol.

– Agar siyosatchi bo‘lmaganingizda, qaysi sohani tanlagan bo‘lar edingiz?

– Iqtisod fanlari nomzodiman. Modomiki, pedagoglik kasbi menga yaqinroq, tajribam va bilimimni yoshlarga yetkazishni foydali faoliyat, deb hisoblayman. Bir muddat oliy o‘quv yurtida o‘qituvchilik ham qilganman. Hozir ham, qaniydi, imkon topolsam, pedagoglik faoliyatim bilan shug‘ullansam deb qo‘yaman.

– Yurtdoshlarimizga o‘zingiz eng yaxshi deb bilgan qaysi 3 ta kitobni o‘qishni tavsiya qilasiz?

– Avvalambor, Davlatimiz rahbarining mamlakatimizni 2030 yilgacha rivojlantirish g‘oyalari mujassam bo‘lgan “Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti strategiyasi” kitobini, qolaversa, “Temur tuzuklari”ni, Li Kuan Yuning “Uchinchi dunyodan birinchi dunyoga”, Genri Kissinjyerning “Diplomatiya”, Gevin Kennedining “Muzokara san’ati” kabi asarlarini o‘qishni tavsiya etaman.

– Sizga qarata aytilayotgan tanqidlarga munosabatingiz?

– Tanqid o‘rinli bo‘lsa hech qachon ranjimaganman. Ba’zida xursand ham bo‘laman. Xalqimizda “Ishlagan odam xato qiladi”, degan juda purma’no gap bor. Shunday ekan, kamtarona mehnatimiz yaxshimi-yomonmi kimningdir e’tiborini tortayotgan ekan, bundan faqat va faqat quvonish kerak.

– Suhbatga vaqt ajratganingiz uchun tashakkur.

– Arzimaydi. Aslida ko‘nglimizdagini boshqalarga yetkazishga yordam berayotgan siz, jurnalistlarga katta rahmat!

Gulmira Husanova suhbatlashdi

Saytni yangi dizayni yoqdimi?