Deputat nomzodning saylovoldi dasturini targ‘ib qilmoqda

07.10.2021, 18:49

Deputat nomzodning saylovoldi dasturini targ‘ib qilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odinaxon Otaxonova ayni vaqtda O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zLiDePdan nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturi mazmun-mohiyatini saylovchilar orasida keng targ‘ib qilmoqda.

Deputatning shahrixonlik, asakalik saylovchilari bilan uchrashuvlari davomida nomzodning so‘nggi besh yildagi faoliyati mobaynida mamlakatda, xususan, Andijon viloyatida erishilgan yutuqlar, ulkan bunyodkorlik ishlari, keng ko‘lamli islohotlar samarasi xususida atroflicha fikr yuritildi.

Ta’kidlanganidek, Saylovoldi dasturida kelgusi 5 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalqimiz turmush farovonligini oshirish, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat, sanoat, qurilish va boshqa sohalarda amalga oshirilish lozim bo‘lgan eng muhim vazifalar belgilangan bo‘lib, ularning ijrosidan kutilgan asosiy maqsad inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlat – ya’ni Yangi O’zbekistonni barpo etishdan iboratdir.

-Partiyamizdan Prezidentlikka nomzod etib ko‘rsatilgan nomzodning Saylovoldi dasturi “Yangi O’zbekiston – inson qadri, adolat va qonun ustuvor bo‘lgan xalqparvar davlat”, “Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish”, “Adolatli ijtimoiy siyosat”, “Ma’naviy ma’rifiy taraqqiyot sari”, “Xavfsizlik va tashqi siyosat borasidagi ustuvor vazifalar” hamda “O’zbekiston va umumbashariy muammolar” deb nomlangan boblarni o‘z ichiga olgan, - dedi deputat Odinaxon Otaxonova saylovchilar muloqot chog‘ida.

O.Otaxonovaning navbatdagi uchrashuvi oltinko‘llik saylovchilar bilan tashkil etildi.

Tumanning “Qoraqalpoq” va “Suvyulduz” mahalla fuqarolar yig‘inlari ahli vakillari bilan bo‘lgan ochiq muloqotlarda saylovoldi dastur mohiyati, kelgusi besh yillikka mo‘ljallangan islohotlar sodda, ravon tilda tushuntirib berilgani munosib nomzod tanlovi uchun xizmat qildi.

Deputatga hamrohlik qilgan xalq deputatlari mahalliy kengashlardagi partiya deputatlik guruhi a’zolari so‘z olib, Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan izchil islohotlarni aholi va o‘z hayoti va faoliyatlari misolida faxr bilan gapirdilar.

Shu bilan birga, nomzod tomonidan ilgari surilayotgan yangi O’zbekiston strategiyasi afzalliklari davlat va jamiyat hayotida qanday qulaylik va o‘zgarishlarga sabab bo‘lishini omillar orqali ochib berdilar.

Uchrashuvlarda deputat O.Otaxonova joriy yilning 24 oktyabr kuni o‘tkaziladigan muhim siyosiy jarayon – Prezident saylovida barcha yurtdoshlarimizni O‘zLiDeP nomzodini to‘la qo‘llab-quvvatlagan holda unga ovoz berishga chaqirdi.

 Zilola RAHMONOVA,

O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi

matbuot xizmati rahbari

  • Ko'rildi
    290
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+