Tadbirkorlarimizga yanada ko‘proq yengillik, imkoniyat va erkinliklar berilmoqda

14.04.2022, 14:43

Tadbirkorlarimizga yanada ko‘proq yengillik, imkoniyat va erkinliklar berilmoqda

Shu kunlarda mamlakatimizdagi tadbirkorlar ko‘tarinki kayfiyatda ishlayapti, ularning kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shildi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.  Prezidentimizning  8 aprel kuni e’lon qilingan “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy  o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida”gi farmoni ishbilarmonlar, umuman, hammamizni  ruhlantirib yubordi. Mazkur  hujjat  kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash haqiqatan ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini  yana bir bora yaqqol namoyon etdi. Har bir fuqaro boy bo‘lsa – davlat boy bo‘ladi, har bir oila farovon bo‘lsa – mamlakat farovon bo‘ladi, degan tamoyid  mazkur siyosatning asosiy yo‘nalishlaridan biri.

Farmonda  iqtisodiy  o‘sishni  ta’minlash uchun xususiy sektorning rolini oshirish, barcha tarmoq va sohalarda xususiy sektorning rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishning bir qancha asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Jumladan, xususiy mulk daxlsizligi va tadbirkorlik faoliyati erkinligini kafolatlash borasidagi institutsional va ma’muriy islohotlar davom ettiriladi hamda bu borada qonun ustuvorligi ta’minlanadi. Davlat ishtiroki saqlanib qolayotgan tovar va xizmatlar bozori  erkinlashtiriladi hamda ushbu sohalarga xususiy sektorning kirib kelishi uchun sharoit yaratiladi. Energiya resurslari, transport va kommunikatsiya bozorlari rivojlantiriladi va sohaga xususiy investitsiyalar kirib kelishi uchun sharoitlar yaratiladi.

Shuning barobarida xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, investitsiyaviy muhit jozibadorligini oshirish hamda davlat aktivlarini  sotib olgan investorlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish nazarda tutilyapti.

Qisqasi, farmonda kambag‘allikni ikki barobarga qisqartirish, iqtisodiyotda raqobatni ta’minlash, tadbirkorlik sub’ektlariga teng sharoitlar yaratish, bozor munosabatlariga to‘laqonli o‘tishni jadallashtirish, xususiy investitsiyalar hajmini keskin oshirish hamda biznes doiralarning ishonchini yanada mustahkamlashga qaratilgan aniq, ko‘lamdor va samarali vazifalar, chora-tadbirlar bayon qilingan. Boshqacha ifodalaganda, iqtisodiyotni modernizatsiyalash, tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlar izchil davom ettirilmoqda.

Ta’kidlash kerakki, partiyamiz dasturidan  tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga yo‘naltirilgan talay maqsadlar o‘rin olgan. Shundan kelib chiqib, O’zLiDeP farmonda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan jamoatchilik va deputatlik nazoratini olib boradi, ularni amalga oshirishga partiyaviy vositalar bilan ko‘maklashadi.     

Muxtasar aytganda, tadbirkorlarimizga misli ko‘rilmagan yengillik, imkoniyat va erkinliklar berilmoqda. Buning samarasida yaqin istiqbolda xalqimizning  yaratuvchilik, bunyodkorlik  salohiyati to‘la ro‘yobga chiqadi. Yangi O’zbekiston tadbirkorlik orqali o‘zi va oilasi farovonligini ta’minlashga intiladigan, Vatani va xalqiga sidqidildan xizmat qilishni istaydigan barcha fuqarolar uchun keng imkoniyatlar mamlakatiga aylanadi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O’zLiDeP fraksiyasi rahbari,

Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi.

  • Ko'rildi
    517
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+