Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamalarida keng jamoatchilik vakillari taklif qilinayotgan o‘zgarish va qo‘shimchalarga xayrixoh ekanliklarini bildirmoqdalar

27.07.2022, 14:48

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamalarida keng jamoatchilik vakillari taklif qilinayotgan o‘zgarish va qo‘shimchalarga xayrixoh ekanliklarini bildirmoqdalar

Ayni kunlarda Respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, Jizzax viloyatida ham Konstitutsiyaviy islohotlarga oid qonun loyihasi muhokamasi keng jamoatchilik vakillari ishtirokida mahallalarda, korxona va muassasalarda qizg‘in davom etmoqda.

E’tiborli tomoni, ushbu muhokamalarda O'zLiDePning barcha quyi bo‘g‘inlari, Xalq deputatlari mahalliy kengashlardagi partiya deputatlik guruhi hamda Faxriylar Kengashlari a’zolari faol ishtirok etmoqdalar.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, O'zLiDeP fraksiyasi rahbari, partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov, O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Jizzax viloyat Kengashi raisi, O’zbekiston Qahramoni Anorboy Eshmatov, mahalliy kengash deputatlari, partiya faollari ishtirokidagi navbatdagi tadbirlar G’allaorol va Sharof Rashidov tumanlarida bo‘lib o‘tdi.

G’allorol tumanidagi “Davr–M” xususiy korxonasi sutni qayta ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Ayni paytda bu yerda 8 kishi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan. 10 xil turdagi sut mahsulotlari ishlab chiqaradigan mazkur korxona rahbari Butunboy Azimov va boshqa tadbirkorlar bilan bo‘lgan ochiq muloqotda ko‘proq xususiy mulkka bo‘lgan munosabat haqida atroflicha so‘z yuritildi.

Partiya yetakchisi taraqqiyotning ko‘p asrlik tajribasi, xususiy mulksiz, uning ishonchli kafolatisiz kuchli ijtimoiy davlat qurib bo‘lmasligini ko‘rsatayotganini, shu bois Bosh qomusimizda xususiy mulk himoyasini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan konstitutsiyaviy kafolatlar kuchaytirilayotganiga e’tibor qaratdi. Samimiy va ochiq muloqot chog‘ida tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga ham javob olish imkoniga ega bo‘ldilar.

Sharof Rashidov tumanidagi “GOLD FISH AGRO EKSPORT” baliqchilik klasteri so‘nggi yillarda viloyatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar samaralaridan biri. Bu yerda yarim intensiv usulda baliq yetishtirish bilan birga qishloq xo‘jaligi o‘quv ishlab chiqarish markazi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.

Muloqotda ishtirok etgan partiya faollari, klaster ishchi va xodimlari partiya yetakchisiga konstitutsiyaviy islohotlarga doir qonun loyihasi to‘g‘risida ko‘plab savollar bilan murojaat qilishdi.

Jumladan, tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, o‘z faoliyat yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqli ekanini Konstitutsiyada mustahkamlanishi, davlat xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit hamda sharoitlarni ta’minlashi, erkin va halol raqobatning himoya qilinishi, iqtisodiy faoliyatda monopoliyalashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi kafolatlanishi va boshqa o‘zgarish va qo‘shimchalr to‘g‘risida fikr yuritildi.

Savol-javoblar, bildirilgan mulohazalar partiyamiz faollari, deputatlarimiz, keng jamoatchilik vakillari konstitutsiyaviy islohotlarga doir qonun loyihasida taklif qilinayotgan o‘zgarish va qo‘shimchalarga xayrixoh ekanliklarini yana bir bor ko‘rsatib berdi.

O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

Matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    530
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+