O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari xalq manfaatlari yo‘lida
20.04.2024, 12:07
Bugungi kunda O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlari siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, mintaqalararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish jarayonlari bilan ajralib turadi. Bizningcha, Markaziy Osiyoda manfaatlarni ilgari surish va barqaror rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida mintaqalararo va xalqaro maydonlarda konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga bo‘lgan ikki tomononing ham intilishi yuqori darajada ekanligi juda muhim. Tashqi siyosiy munosabatlarning ushbu omillari Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 18 aprel kuni Dushanbe shahriga davlat tashrifi chog‘ida o‘z tasdig‘ini topdi.
Tashrif davomida Prezidentlarning siyosiy irodasi va uzoqni ko‘zlab yuritayotgan oqilona siyosati tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va do‘stona aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, tashrif doirasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi tarixiy shartnomaning imzolanishi O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlarining sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini bildiradi. Ayni damda, bizningcha, ushbu Shartnomaning imzolanishi ittifoqchilik munosabatlarini amalga oshirish doirasida barcha darajadagi aloqalarning natijakorligini oshirish uchun belgi bo‘lishiga erishish muhim ahamiyatga ega.
Bugungi kunda tovar ayirboshlash hajmi 40 barobar o‘sdi. Qo‘shma korxonalar soni 15 barobar ko‘paydi. Xususan, o‘tgan 2023 yilda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2022 yilga nisbatan 11, foizga o‘sib, 756,8 mln. dollarni tashkil etdi, jumladan eksport hajmi 15,9 foizga o‘sib, 605,0 mln. dollarni tashkil etdi.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo Hukumatlararo erkin savdo bitimiga muvofiq, erkin savdo rejimida amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonning Tojikistonga asosiy eksport tovarlari quyidagicha: sanoat tovarlari – 153,7 mln., kimyo mahsulotlari – 90,0 mln., yoqilg‘i, moylash materiallari va shunga o‘xshash mahsulotlar – 74,5 mln., oziq-ovqat mahsulotlari – 51,9 mln., mashina va uskunalar – 45,6 mln., tayyor buyumlar – 35,6 mln., nooziq-ovqat xomashyolar – 5,6 mln., xizmatlar – 111,8 mln. AQSH dollari.
Tojikiston O‘zbekistondan quyidagi mahsulotlarni import qiladi: sanoat tovarlari – 56,5 mln., nooziq-ovqat xomashyolar – 47,6 mln., yoqilg‘i, moylash materiallar va shunga o‘xshash mahsulotlar – 19,7 mln., oziq-ovqat mahsulotlari – 4,7 mln.; kimyo mahsulotlari – 3,3 mln.; mashina va uskunalar – 3 mln., tayyor buyumlar – 1,3 mln., xizmatlar – 5,4 mln. AQSH dollari.
Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi tarixiy shartnomaning imzolanishi mamlakatlarimiz zimmasiga alohida majburiyatlarni yuklaydi, deb hisoblaymiz. Xususan, hukumatlar oldiga tovar ayirboshlashni 2 milliard dollarga yetkazish, shu jumladan, o‘zaro mahsulot yetkazib berish nomenklaturasini kengaytirish, chegaraoldi savdo zonalarini tezkor ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Tashrif arafasida O‘zbekiston – Tojikiston biznes-forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan bo‘lib, uning yakunida yangi kooperatsiya loyihalari va savdo shartnomalarining katta portfeli shakllantirildi.
Mashinasozlik, elektrotexnika, energetika, konchilik, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va farmasevtika tarmoqlaridagi o‘zaro manfaatli loyihalar shular jumlasidan.
Tashrif doirasida suvdan foydalanish masalalarida konstruktiv va o‘zaro manfaatli muloqotni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.
Prezidentimiz hududlararo hamkorlik uchun katta salohiyatdan samarali foydalanish, tashrif doirasida erishilgan bitim va kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish muhimligini qayd etdi.
Transport va tranzit tashishlar sohasidagi hamkorlik strategik yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tildi. Prezidentlar bu borada o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish hamda havo va temir yo‘llari orqali tashishlarni rivojlantirish, tranzit yuk tashishlar hajmini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratishni qo‘llab-quvvatladilar.
Umuman, O‘zbekiston Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilish imkonini berdi.
Tashrif davomida O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab oluvchi 28 ta hujjat imzolandi.
Kyeng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun hali ishga solinmagan ulkan salohiyat va katta imkoniyatlar chegaralari belgilab olindi. Bunda mamlakatlar parlamentlari darajasida aloqalar samaradorligini oshirish muhimligi alohida o‘rin tutadi. Bu chuqur sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish uchun energetika, elektrotexnika, metallurgiya, qazib chiqarish, to‘qimachilik, farmasevtika, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda muhim loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun qulay huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga taalluqlidir.
Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari,
Partiyaning Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi
O'xshash yangiliklar
-
Xalqaro investisiya forumi amaliy hamkorlikni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqadi
03.05.2024, 09:34
-
Dehqonobodlik deputatlar bilan muloqot qilindi
25.04.2024, 11:50
-
Aholiga qonunchilikdagi yangiliklar tushuntirildi
20.04.2024, 08:29
-
Deputatlar mirzacho‘llik saylovchilar bilan uchrashdi
18.04.2024, 12:00
-
Yerlardan samarali foydalanish imkoni yaratilmoqda
13.03.2024, 21:50
Fikringizni qoldiring