Deputatlar mirzacho‘llik saylovchilar bilan uchrashdi

18.04.2024, 12:00

Deputatlar mirzacho‘llik saylovchilar bilan uchrashdi

Avval xabar berganimizdek,  ayni kunlarda Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlari o‘z saylov okruglarida bo‘lib, aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqdalar. Shuningdek, korxona va muassasalarda, mahallarda bo‘lib, aholi hamda elektorat vakillari bilan muloqotda bo‘lyaptilar.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov boshchiligidagi deputatlardan iborat ishchi guruh aʼzolari Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumaniga tashrif buyurdilar.

Ishchi guruh aʼzolari dastlab, tuman hokimligi mutasaddilari, mahalliy kengash deputatlari bilan birgalikda yig‘ilishib, tumandagi islohotlarning samaradorligini taʼminlash borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan fikr almashdilar hamda tashrif davomidagi o‘zaro hamkorlik chora-tadbirlarini belgilab oldilar.

Yig‘ilishdan so‘ng ishchi guruh aʼzolari, mahalliy hokimiyat va mutasaddi tashkilot vakillari bilan birgalikda tumandagi “KAMELS CATTLE” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi dalasida agrar soha xodimlari bilan muloqotda bo‘ldilar. Mazkur fermer xo‘jaligi paxta, g‘alla, chorva va poliz mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan bo‘lib, ayni kunda bu yerda 10 nafar doimiy va 30 nafar mavsumiy ish o‘rinlari yaratilgan. Fermer xo‘jaligi aʼzolari o‘tgan yili 50 ming dollarlik poliz mahsulotlarini eksport qilishdi. Ayni paytda xo‘jalikda chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.

Fermer xo‘jaligi dala shiyponida bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida elektorat vakillariga Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunlar, jumladan,  yer uchastkalariga bo‘lgan mulk va ijara huquqini eʼtirof etishga qaratilgan qonunning mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirib berildi. Jumladan, qonun bilan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni eʼtirof etishning aniq tartibi belgilanayotgani taʼkidlandi.

Muloqotlar chog‘ida Mirzacho‘lda “Sayxunobod tajribasi”ni ommalashtirishga qaratilgan fikr va mulohazalar bildirib o‘tildi, o‘rinli takliflar o‘rtaga tashlandi.

O‘z navbatida mirzacho‘llik agrar soha xodimlari ham o‘zlarini o‘ylantirayotgan masalalar yuzasidan xalq noiblariga to‘g‘ridan - to‘g‘ri murojaat qilish, barcha savollariga batafsil javob olish  imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Ishchi guruh aʼzolari tashrif buyurgan keyingi manzil - “FAXR MUMIN” TEKSTILE korxonasi bo‘ldi. 2021 yilda ishga tushgan mazkur korxonada ayni paytda 130 nafar kishi doimiy ish bilan taʼminlangan. Ularning aksariyatini xotin-qizlar tashkil qiladi.

Mazkur korxonada ham xalq noiblari mirzacho‘llik chevarlar bilan yaqindan muloqotda bo‘ldilar, ularning mehnat qilishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar. O‘zaro muloqotlar chog‘ida ularga ham kun tartibidagi mapsalalar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berib o‘tildi.

          Eʼtiborli tomoni, mazkur o‘rganishlar, turli soha xodimlari bilan yaqindan qilinayotgan muloqotlar chog‘ida aniqlangan muammo va kamchiliklar mutasaddilar ko‘magida joyida hal qilinmoqda.

O‘zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

Matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    27
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+