Qashqadaryoda “O‘zLiDeP bog‘i” yaratildi

30.04.2024, 15:47

Qashqadaryoda “O‘zLiDeP bog‘i” yaratildi

Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasida qashqadaryolik deputatlar va partiya aʼzolari faol ishtirok etmoqdalar. Ular tomonidan G‘uzor tumanida joylashgan  “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJga yondosh 4,2 gektar maydonda “O‘zLiDeP bog‘i” tashkil etildi.

- Bugunga qadar maslakdoshlarimiz tomonidan barpo etilayotgan mazkur bog‘ hududiga 3 ming tupga yaqin manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi, -deydi Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi  rahbari Ibrohim Xalilov. – Asosiy maqsad – neft gaz sanoati korxonalari joylashgan tumanimizda ekologik vaziyatni yaxshilash, aholi salomatligini muhofaza etish, chor atrof musaffoligini taʼminlashdir. Cho‘l hududiga ekilgan har qanday ko‘chat ham ko‘karavermaydi. Buning uchun voha iqlimiga mos, issiq va sovuq ob-havo sharoiti hamda suvsizlikka chidamli bo‘lgan manzarali daraxt ko‘chatlarini tanlash kerak.  Mamnuniyat bilan taʼkidlaymanki, yaxshi niyat bilan ko‘chat o‘tqazib, bog‘ yaratish vohamiz mehnatkashlarining sevimli mashg‘ulotiga, mahalladoshlar uchun ezgu anʼanaga  aylandi. Ular tabiatni go‘zallashtirish, chor atrof musaffoligini  taʼminlash borasidagi xayrli harakatlarda uyushqoqlik va hamjihatlik bilan qatnashmoqdalar. Biz ekilgan ko‘chatlarni ko‘karib chiqishi uchun sug‘orish va parvarishlash yuzasidan ham aholiga tushuntirish –targ‘ibot ishlari olib borayapmiz. Yo‘l atroflari, sayhonliklar va adirlarga ekilgan daraxtlarni tomchilatib sug‘orish  uskunalari  yordamida sug‘orishni yo‘lga qo‘yganmiz. Har bir ko‘chatni ko‘kartirib olish va parvarishlash borasida amaliy ishlar qilinyapti. 

Maʼlumot uchun shuni aytish kerakki,  “Yashil makon” loyiha doirasida viloyatda 10 million 580 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarida partiya viloyat va tuman Kengashi masʼul xodimlari, mahalliy Kengash deputatlari ham faollari tomonidan 2 mln. tupdan ko‘proq mevali va manzarali daraxt zamin bag‘riga qadaldi. Kasbi tuman partiya faollari tomonidan 55 ming tup tut ko‘chatlari o‘tqazildi.

  Deputatlar joylarda tashkil etilayotgan tadbirlarda  so‘zga chiqib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida o‘tkazilayotgan ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish ishlari natijasida yurtimizning barcha go‘shalari obod va ko‘rkam bo‘layotgani, qolaversa, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarining ekilishi natijasida atrof-muhit musaffoligi va atmosfera tozaligiga erishilayotganligini eʼtirof etishib, ushbu xayrli tadbirda barchani uyushqoqlik bilan qatnashishga daʼvat etishayotir. Ko‘chat ekish ishlari viloyatning barcha shahar va tumanlarida uyushqoqlik bilan davom ettirilmoqda. 

Teglar
Saylov 2023
  • Ko'rildi
    60
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+