Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyot asosiy “drayver” sohaga aylanadi

03.03.2023, 18:45

Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyot asosiy “drayver” sohaga aylanadi

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbeksitonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar, maqsad va vazifalar – mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqish, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san’at gullab yashnagan, iqtisodiyoti gurkirab rivojlanayotgan va amalga oshirilgan barcha amaliy ishlar odamlarning manfaatlariga xizmat qiladigan, insonning qadri, sha’ni oliy qadriyat deb qaraladigan jamiyat barpo etish yo‘lida oldinga tashlanadigan ulkan qadamning amalga oshirish mexanizmlari, shakli, moliyalashtirish manbalari har tomonlama puxta o‘ylangan, mas’ul ijrochilari belgilangan tarixiy ahamiyatga ega hujjatlardan biridir.

Mazkur davlat dasturining “Milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish suratlarini ta’minlash” yo‘nalishida raqamli iqtisodiyotni asosiy “drayver” sohaga aylantirib, uning hajmini kamida 2,5 baravar oshirishga qaratilgan ishlarni olib borish yuzasidan amalga oshiriladigan aniq maqsad va vazifalar ham belgilab berilgan.

Har bir davrda taraqqiyot uchun “lokomotiv” vazifasini o‘taydigan soha va yo‘nalishlar bo‘ladi. Bugungi kunda taraqqiy etgan davlatlar qatoridan joy olishning sinalgan vositasi – ilg‘or zamonaviy axborot-kommunikatsiya, internet hamda raqamli texnologiyalar sohasidagi bilimlarni chuqur egallash, ularni taraqqiyotning yetakchi sohasiga aylantirishdan iboratdir.

Iqtisodiyotni raqamlashtirish mamlakat iqtisodiyotining imkoniyatlarini kengaytirishga, undagi ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va ekologik muammolarni tez va arzon hal qilish imkoniyatini yaratadi. Aynan iqtisodiyotni raqamlashtirish jamiyatdagi mavjud barcha platformani qamrab olgan holda samaradorlik ko‘rsatkichlariga, iqtisodiyotda yaratilayotgan qo‘shilgan qiymatlilikka, bandlik muammosiga, daromadlilik darajasiga, xarajatlarni optimallashtirishga hamda savdo sotiqni tezlashtirishga ta’sir ko‘rsatadi.

Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda, eng avvalo, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, elektron hukumat tizimini takomillashtirish, dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalarining mahalliy bozorini yanada rivojlantirish, respublikaning barcha hududlarida IT – parklarni tashkil etish, shuningdek, sohani malakali kadrlar bilan ta’minlashni ko‘zda tutuvchi 220 dan ortiq ustivor loyihalarni amalga oshirish allaqachon boshlab yuborilgan.

“Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” davlat dasturida ham     2023 yilda axborot texnologiyalari sohasida eksport hajmini oshirish, dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlari sonini 300taga oshirish, shu jumladan xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalarni 30 taga ko‘paytirish, kompyuter dasturlash va autsoring xizmatlari hajmini 5 trln. so‘mga va ularning hajmini 280 mln. dollarga yetkazish, “IT” park rezidentlari tomonidan axborot texnologiyalari sohasida venchur moliyalashtirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash (akselator) va kibersport sohasida xizmat ko‘rsatishga ruxsat berish orqali rezidentlar amalga oshirishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlarini kengaytirish vazifasi ko‘zda tutilgan.

Respublika aholi yashash punktlarini telekommunikatsiya xizmatlari bilan qamrab olish borasidagi ishlar ham davom ettirilib, yil davomida mamlakatimiz bo‘ylab 50 ming km optik tolali aloqa liniyalari qurish orqali ularning umumiy uzunligini 220 ming km. yetkazish ko‘zda tutilgan.

Mobil aloqa operatlorlari tomonidan qo‘shimcha baza stansiyalari o‘rnatish va rsepublikadagi aholi punktlarida mobil aloqa va keng polosali mobil Internet xizmatlari qamrovini 99 foizga yetkazish borasidagi ishlarning ham aniq mexanizmlari ko‘rsatib o‘tilgan.

Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish uchun yanada qulayliklar yaratish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini maqsadli amalga oshirish va yanada qo‘llab-quvvatlash, sun’iy intellekt sohasini rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy amaliy konferensiya o‘tkazish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish instituti laborotoriyalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash vazifalari ham belgilab berilgan. Joriy yil o‘zbek tilidagi matnlarni o‘qish jarayonini avtomatlashtirish, matnni ovozga va ovozli ma’lumotni matnga o‘tkazuvchi dasturiy ta’minot yaratish vazifasi ham qo‘yilgan.

Joriy yil amalga oshiriladigan bu keng ko‘lamli maqsad va vazifalar raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Sherzod MAMATQULOV

O`zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

apparat rahbari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    1077
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+