Aholi xonadonlariga o‘rnatilgan quyosh panellarining afzalliklari haqida suhbatlashildi

13.03.2023, 14:44

Aholi xonadonlariga o‘rnatilgan quyosh panellarining afzalliklari haqida suhbatlashildi

Mamlakatimizda qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish orqali energiya resurslarini tejash, barqaror energiya ta’minotini yaxshilash sohasida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan loyihalar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

O’zLiDeP o‘z saylovoldi dasturida muqobil energiya manbalaridan foydalanuvchi jismoniy va yuridik shaxslarni moddiy rag‘batlantirish, aholi o‘rtasida energoresurslarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, energiya tejovchi texnologiyalar va muqobil energiya manbalaridan foydalanishni targ‘ib qilish masalalariga alohida e’tibor qaratgan.

O’zLiDeP Zangiota tumanidagi “Nazarbek” MFY da partiya viloyat Kengashi Yoshlar va biznes tuzilmalar bilan ishlash bo‘limi tashabbuskorligida o‘tkazilgan navbatdagi targ‘ibot uchrashuvi ham ayni masalalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Uchrashuvda so‘z olganlar yurtimizda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati haqida fikr yuritishdi.

Mahallalarning tobora obodlik kasb etishida energiya resurslarining ahamiyati kattaligi xususida to‘xtalisharkan, energiya tejamkorligi va energiyaning muqobil qayta tiklanuvchan manbalaridan foydalanishga zarurat tug‘ilgani haqida so‘zlashdi.

Bu borada davlatimiz rahbarining tegishli Qaror va Farmonlari asosida xonadonlarga “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida aholi turar-joylariga quyosh panellarini o‘rnatish ishlari boshlab yuborilgani to‘g‘risida to‘xtalishdi. Bunda, ayniqsa, ehtiyojmand oilalar xonadonlariga o‘rnatib berilayotgan quyosh panellari ularning energiya ta’minoti borasidagi mushkullarini oson qilayotgani haqida gapirishdi.

Endilikda aholiga quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun subsidiya berilishi va uning tartiblari to‘g‘risida ham batafsil tushuntirishlar berib o‘tishdi.

Ishlab chiqarishga energiyani tejash texnologiyalarini keng joriy qilish, energiyaning tiklanuvchan manbalaridan foydalanishni kengaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarida mehnat samaradorligini oshirishga xizmat qilishini qayd etishdi.

Shundan kelib chiqib, kichik biznes vakillari ham o‘z korxonalarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishsa, daromadlarini oshirishlari qatorida mamlakatimiz iqtisodiy rivojiga ham xissa qo‘shishlari mumkinligini bildirishdi.

Uchrashuvda yig‘ilgan aholi vakillari mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga tadbirga taklif etilgan mutaxassislardan batafsil javoblar olishdi. Xonadonlariga o‘rnatilgan quyosh panellarining afzalliklari haqidagi o‘z fikrlarini o‘rtoqlashishdi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    379
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+