Ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanadi

27.03.2023, 13:10

Ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanadi

Yakkabog‘ tuman hokimligi binosida yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shahnoza Xolmaxamatova Konstitutsiyaga kiritilayotgan yangi normalar haqida batafsil ma’lumotlar berdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yurtimizda aqli zaif, kar va zaif eshituvchi, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi, tayanch a’zolarida nuqsoni bo‘lgan 21 000 dan ortiq bolalar uchun respublikamizda 90 ta ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, yengil darajadagi nogironligi bo‘lgan 18 000 nafarga yaqin o‘quvchilar maktablarda sog‘lom bolalar bilan birgalikda o‘qishmoqda.

Yangilanayotgan Konstitutsiyada ilk marotaba inklyuziv ta’lim uchun sharoit yaratishga oid alohida normaning belgilanishi ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun ta’lim va tarbiya ularning jismoniy va aqliy rivojlanishini hisobga olgan holda tashkil etilishi, ta’lim olish jarayonida ularni biror-bir shaklda kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi, barcha bolalarning tengligi ta’minlanishiga xizmat qiladi. Pirovardida, alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalarning ta’lim olishga bo‘lgan huquqi ta’minlanadi.

Sh. Xolmaxamatova qayd etganidek, Konstitutsiyamizda davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy ma’lumot olish huquqining nazarda tutilishi Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ekanligiga ishoradir. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad iqtidorli yoshlar uchun davlat granti asosida bakalavriat va magistratura bosqichida ta’lim olish orqali hayotda o‘zlarini to‘laqonli namoyon etish imkoniyatini kengaytirishdir. Mazkur konstitutsiyaviy qoidaning belgilanishi bu boradagi ijobiy yo‘nalish doimo saqlab qolinishini, davlat oliy ta’lim muassasalarida grant o‘rinlari yo‘qolmasligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Seminarda shuningdek, uy-joy, sud tizimiga oid kiritilayotgan normalar haqida ham axborot berildi.

Teglar
Referendum
  • Ko'rildi
    196
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+