“King garment textile” korxonasi rahbari Gulrux Xudoyberdiyeva: “Imkoniyatlardan unumli foydalanyapmiz”

28.04.2023, 11:38

“King garment textile” korxonasi rahbari Gulrux Xudoyberdiyeva: “Imkoniyatlardan unumli foydalanyapmiz”

O‘zLiDeP Toshkent shahar  kengashining navbatdagi tadbiri Sergeli tumanidagi “King garment textile” korxonasida bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi, partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisining Ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mavludaxon Xo‘jayeva,  korxona rahbariyati va xodimlari ishtirok etdilar.

Deputat dastlab ishlab chiqarish sub’ekti faoliyati bilan qiziqdi,  ishlayotgan ayollar bilan suhbatlashdi,  imkoniyat va sharoitlarni o‘rgandi.

Korxona rahbari Gulrux Xudoyberdiyeva davlatimiz tomonidan berilgan imkoniyatlardan to‘laqonli foydalangan holda faoliyat olib borayotganini  minnatdorlik bilan so‘zlar ekan, erishgan yutuqlarini ham ulashdi.

– Tadbirkorlik faoliyatimni boshlaganimdan buyon 300 dan ortiq ishchi o‘rni yaratdim. Mahsulotlarimiz asosan Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya va Yevropa bozorlariga eksport kilinadi.  Joriy yil boshidan bugungi kungacha 250 000 AQSh dollaridan oshiq tayyor tekstil mahsulotlari eksport qilindi. Korxonada, shuningdek, ichki bozor uchun import o‘rnini bosuvchi tikuv uchun ip va turli mahsulotlar ham ishlab chiqaryapmiz. Nasib qilsa ishlab chiqarishni kengaytirib, yangi ish o‘rinlari ochmoqchiman. Shu maqsadda loyiha qiymati 1 mln AQSh dollaridan oshiq bo‘lgan poliestirli ip ishlab chiqarishni amalga oshirish bo‘yicha ishlar boshlangan, xitoylik hamkorlar bilan muzokara olib borilmoqda. Bunda 500 000 AQSh dollaridan oshiq to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritish rejalashtirilmoqda.

Loyiha amalga oshishi hisobiga yana qo‘shimcha 100 dan ortiq yangi ish o‘rni hosil bo‘ladi. Biz ishbilarmonlarga davlatimiz tomonidan katta e’tibor,  imtiyoz va imkoniyatlar berilmoqda. Buni mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan to‘g‘ri odilona siyosati deb bilaman va 30 aprel kuni referendumda oilam bilan faol ishtirok etaman.

Shundan so‘ng “Farovon hayot uchun ijtimoiy davlat kerak!” shiori ostida konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartishlar bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan referendum tashvqoti  yuzasidan davra suhbati tashkil etildi. Mavluda Xo‘jayeva e’tirof etganidek, yangilanayotgan Asosiy qonunda inson manfaati, uning huquq va erkinliklarini kafolatlash birinchi o‘ringa qo‘yilmoqda. Loyiha xalq bilan bamaslahat, ularning takliflari inobatga olingan holda ishlab chiqilgani uchun ham xalqchil, davr talabiga javob beradigan hujjat yaratildi. Unda mulk shakllarining teng huquqliligi, tadbirkorlarning qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni mustaqil tanlashi va amalga oshirishga haqli ekani kafolatlanyapti, mol-mulk, uy-joy daxlsizligi masalasi belgilanyapti. Bu normalar shu vaqtgacha tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarni hal qilish, yaratilayotgan yangi imkoniyatlar orqali mamlakatimizda tadbirkorlikni yangi bosqichga olib chiqilishiga xizmat qiladi.

Tadbir so‘ngida  barcha xalqimiz taqdiri va ertangi kunini belgilab beradigan tarixiy qonunga befarq bo‘lmasdan, 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan refrendumda faol ishtirok etishga chaqirildi.

  • Ko'rildi
    391
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+