Referendum – xalq irodasining hayotiy ifodasi

10.04.2023, 16:54

Referendum – xalq irodasining hayotiy ifodasi

Yangilanayotgan Konstitutsiya jonajon O’zbekistonimiz taraqqiyoti, xalqimiz hayoti, huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini ta’minlashda beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Guliston shahridagi “Ishga marhamat” mono markazida bo‘lib o‘tgan  konstitutsiyaviy qonun loyihasi targ‘iboti ana shunday umidbaxsh xabarlar bilan boshlandi.

Tadbirda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov, partiya xodimlari, deputatlar, Yoshlar parlamenti a’zolari, keng jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi.

Dastlab partiya yetakchisi markazda yaratilgan shart-sharoit va amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Shundan so‘ng markazda ta’lim olayotgan o‘quvchilar bilan ochiq muloqotga kirishildi.

Ta’kidlanganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilayotgan konseptual o‘zgartishlar tufayli, hech kim e’tibordan chetda qolmaydi, o‘z muammolari bilan yolg‘iz tashlab qo‘yilmaydigan ijtimoiy davlat barpo etilishi muqarrar.

Mamlakatimizda oxirgi yillarda ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasbga o‘qitish, qayta o‘qitish va malakasini oshirish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ta’lim olishlari, kasb-hunar o‘rganishlari uchun shart-sharoitlarni yaratish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda bu jarayonlar yangi tahrirda tayyorlanib, umumxalq muhokamasiga havola etilgan Konstitutsiya bilan mustahkamlanmoqda.

- Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rish singari mas’uliyatni ham o‘z zimmasiga olayotgani e’tiborga molik jihatlardan biridir, – dedi partiya lideri. – Qolaversa, yangilanayotgan Qomusda davlat fuqarolarning kasbiy tayyorgarligi va qayta tayyorlanishini tashkil etishi hamda rag‘batlantirishi aks ettirilayotgani aytib o‘tilgan.

Bu yangi norma ish bilan ta’minlanmagan fuqarolarni kambag‘allik holatiga tushib qolishining oldini olish yoki kambag‘allik toifasiga kirib qolgan fuqarolarni undan chiqarish bo‘yicha davlat tomonidan tegishli choralar ko‘rilishiga konstitutsiyaviy kafolat sifatida xizmat qiladi.

Targ‘ibot tadbirida ishtirok etgan markaz tinglovchilari ham mavzu doirasidagi o‘z fikrlarini bayon etisharkan, so‘nggi yillarda yurtimizda aholining ish bilan bandligini ta’minlash yo‘nalishida olib borilayotgan tub islohotlardan mamnunliklarini qayd etishib, umumxalq referendumida faol ishtirok etish har bir fuqaroning el-yurt oldidagi burchi ekanini ta’kidlashdi.

 

  • Ko'rildi
    284
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+