O’zbekiston - Germaniya munosabatlari yanada yuqori bosqichga ko‘tarilmoqda

05.05.2023, 10:56

O’zbekiston - Germaniya munosabatlari yanada yuqori bosqichga ko‘tarilmoqda

So‘nggi yillarda O’zbekiston va Germaniya hamkorligi izchil rivojlanib bormoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi  hamkorlik  ko‘p qirrali xususiyaga ega bo‘lib,  savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik sohalarni  qamrab oladi. Xavfsizlik, inson huquqlari himoyasi,  atrof-muhitni muhofaza qilish, fan va ta’lim,  madaniy aloqalarni kengaytirish va turizm sohasida almashinuv kabi  sohalarda  samarali hamkorlik qilib kelinmoqda. 

Germaniya O’zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida  do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch  va hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha tashqi siyosatini qo‘llab-quvvatlagan holda, barqarorlik va farovonlikni ta’minlash,  Afg‘onistonda  tinchlik o‘rnatish jarayoniga ko‘maklashish, shu maqsadda  transport va energetika sohalarida mintaqaviy infratuzilmalarni ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlari yuksak qadrlaydi.

 Xususan, so‘nggi yillarda davlatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash va qo‘shma loyihalar soni ikki barobar oshdi. Iqtisodiyotimizda Germaniya investitsiyalari hajmi 5,5 milliard yevroni tashkil etmoqda, shundan 4 milliard yevro oxirgi bir necha yilda jalb qilingan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning taklifiga binoan joriy yil 2-3 may kunlari ushbu mamlakatga uyushtirgan tashrifi davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga qo‘shimcha turtki bo‘ldi, deb o‘ylaymiz.

Uchrashuv chog‘ida Prezidentlar O’zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik misli ko‘rilmagan sur’atda rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Faol siyosiy, gumanitar va ishbilarmonlik muloqotlari davom etmoqda. Yetakchilar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdilar, amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar. Xususan, Germaniyaning mintaqadagi o‘zaro bog‘liqlik loyihalarini, shu jumladan, Yevroittifoqning “Global darvoza” tashabbusi doirasida qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi ta’kidlandi.

Tomonlar mintaqada Afg‘onistondagi vaziyatni inobatga olgan holda xavfsizlikni ta’minlash, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish borasidagi sheriklikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini bildirdilar. Afg‘on xalqiga manzilli gumanitar yordam ko‘rsatish, bunda chegaraoldi Termiz shahrida yaratilgan zamonaviy infratuzilma imkoniyatlaridan ham foydalanish muhimligi qayd etildi.

Tashrif doirasida iqtisodiyot, savdo, moliya, ta’lim, fan va innovatsiya sohalarida 16 ta hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi. Alohida ta’kidlash joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyev Germaniyaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Germaniya tomonidan tadbirda Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi, Germaniya-O’zbekiston ishbilarmonlar kengashi, Germaniya energetika agentligi, “CLAAS”, “Knauf”, “Siemens Energy”, “Lasselsberger”, “Aurubis”, “Linde Group”, “Gunter Papenburg”, “Falk-Porsche-Technik”, “Mangold Consulting”, “DB Engineering”, “Landesbank”, “Commerzbank”, “KfW Bank”, “Deutsche Bank” kabi o‘ttizga yaqin eng yirik kompaniya va banklar rahbarlari qatnashdi.

Yurtimizda germaniyalik hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati 5 milliard yevrodan ziyod 60 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. Oxirgi yillarning o‘zida Germaniya investitsiyalari hajmi 4 milliard yevroni tashkil qildi, qo‘shma korxonalar soni ikki barobarga ko‘paydi. O’zbekistonda “CLAAS”, “Knauf”, “Gunter Papenburg”, “Linde Group” va “Falk-Porsche-Technik” kabi Germaniya iqtisodiyotining “lokomotivlari” muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.

Bizningcha, erishilgan kelishuvlar va istiqbolga mo‘ljallangan rejalarni  amalga oshirishda aynan ishbilarmon doiralar  asosiy rolni  o‘ynashi lozim.

O’zbekiston-Germaniya biznes forumi doirasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va texnologik sheriklikni kengaytirish bo‘yicha 9 milliard yevrolik yangi savdo, moliya va investitsiya bitimlari imzolandi. “Yashil” energetika, transport infratuzilmasini rivojlantirish, metallurgiya, suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi, kimyo, tog‘-kon, avtomobil, to‘qimachilik, elektrotexnika sanoati va boshqa yo‘nalishlardagi katta loyihalar shular jumlasidandir. Bank-moliya sohasida, shu jumladan Germaniyaning “Deutsche Bank”, “Commerzbank”, “KfW” va “Landesbank” kabi eng yirik banklari bilan loyihalarni moliyalashtirish borasidagi hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan.

Shu orqali O’zbekistonning jahon iqtisodiyotidagi keng ko‘lamli va jiddiy tebranishlar sharoitida Germaniya biznesi uchun samarali va ishonchli makon bo‘lishga tayyorligi ta’kidlandi.

O’z navbatida qayd etish joizki, O’zbekiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasiga muvofiq, xususiy mulk daxlsizligi kafolatlari kuchaytirildi, davlat halol raqobat va sud tizimi mustaqilligi uchun sharoit yaratishiga oid qoidalar aniq mustahkamlab qo‘yildi.

Umuman olganda, bo‘lib o‘tgan tashrif yakunlari ikki tomonlama munosabatlarning sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat bo‘lib, tomonlarning o‘zaro hurmat va bir-birilarining manfaatlarini  hisobga olish tamoyillari asosida o‘zaro manfaatli hamkorlikka bo‘lgan intilishi uning  o‘ziga xos xususiyatidir.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    740
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+