Kambag‘allikni qisqartirishda yangi dastur ishlab chiqildi

16.05.2023, 17:04

Kambag‘allikni qisqartirishda yangi dastur ishlab chiqildi

Kambag‘allikdan farovonlikkacha bo‘lgan mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tish anchayin mushkul. Uni faqat aql-idrok, o‘tkir zehn va katta bilim-salohiyat bilan bosib o‘tish mumkin. Ammo kambag‘allikdan holi bo‘lishda davlatning roli ham juda muhim hisoblanadi. Davlat o‘z fuqarolariga g‘amxo‘rlik qilar ekan, eng avvalo farovon hayotga yetish yo‘llarini va muammolarini hal etishda bosh islohotchidir.

Shu jihatdan olganda mamlakatimizda bu sohada keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirilmoqda va bu o‘zining ijobiy samaralarini beryapti. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 may kuni kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida shu masalaga doir fikrlar bildirildi. Aytish joizki, o‘tgan yili 1 million nafar, bu yil birinchi chorakda 210 ming aholi kambag‘allikdan chiqarildi. Har yili oilaviy tadbirkorlikka 13 trillion so‘m kredit va 1 trillion 500 milliard so‘m subsidiyalar ajratilayapti. “Ijtimoiy himoya reyestri” orqali 2 million 300 ming muhtoj oila, xotin-qizlar, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan vatandoshlarimiz moddiy yordam bilan qamrab olinmoqda.

Bu natijalar hali muammoni to‘liq bartaraf etish uchun yetarli emas. Kambag‘allikni kamaytirish – bu aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, kasbga tayyorlash va ish o‘rinlarini ko‘paytirishga qaratilgan kompleks vazifadir. Shu bois yig‘ilishda bu borada yangi bosqichga o‘tish, rag‘bat choralarini joriy etish masalalariga e’tibor qaratildi. Yana bir muhim jihat haqida aytadigan bo‘lsam, keyingi besh yilda yurtimizda tadbirkorlar soni 285 mingdan 590 mingtaga ko‘paydi. Agar davlat bu tadbirkorlar bilan manfaatli hamkorlik qilib, ularni qo‘llab-quvvatlasa, joylarda bandlikni hal qilish imkoniyati yanada ortadi.

Yig‘ilishda 1 iyundan boshlab “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshirilishi ma’lum qilingani ayni muddao bo‘ldi. Dasturga 2023-2024 yilda jami 1 milliard dollar ajratilishi va bu mablag‘lar hisobidan tadbirkorga kambag‘al oilalar a’zosini kasbga o‘qitib, ishli qilishiga qarab, amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit berilishi ham soha rivojida muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, tadbirkorning “amaliy monomarkaz” tashkil qilish va jihozlash hamda kasbga o‘qitish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi. Dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlarga soliqlardan alohida imtiyozlar beriladi. Jumladan, kamida 20 foiz kambag‘al oila a’zosini bir yil davomida ish bilan ta’minlasa, mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi. 5 million so‘mgacha ish haqi to‘layotgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq stavkasi 2 baravar kamaytiriladi. Kambag‘al oila a’zosi ham daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Bu yangi dastur albatta, yurtimizda kambag‘al oilalar qozonini qaynashi, daromadi oshishini ko‘zlab amalga oshirilmoqda. Bunda albatta, kambag‘al oilalar ham o‘z imkoniyatlarini ishga solib, kambag‘allikdan astoydil chiqish uchun harakat qilishi muhim hisoblanadi. Chunki boqimandalik kambag‘allikka yetaklovchi omil va bundan chiqib ketish uchun har bir oila a’zosi va har bir yigit qiz davlat imtiyozlaridan unumli foydalangan holda o‘zi ham farovonlik sari dadil qadam tashlashi lozim.

Barno Mirzamova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    291
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+