Shavkat Mirziyoyev qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashdi

12.06.2023, 22:24

Shavkat Mirziyoyev qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashdi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 12 iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi saylovchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv avvalgilardan boshqacha formatda, Nukus shahrining “Nao‘qan Bag‘” mahallasida ochiq muloqot tarzida o‘tdi.

Tadbirni nomzodning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha ishonchli vakili B.Otemuratov ochdi. U o‘z so‘zida Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Qoraqalpog‘iston Respublikasini har tomonlama rivojlantirish, tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, odamlarning turmush sifatini oshirish bo‘yicha erishilgan natijalarni e’tirof etdi.

Tadbirda ta’kidlandiki, keyingi olti yilda hududda 15 trillion so‘m investitsiya hisobiga 5 ming 300 dan ziyod loyiha amalga oshirilgan. Dotatsiyada bo‘lgan 12 ta tuman bugungi kunga kelib, o‘z daromadiga ega bo‘lgan. 51 ming oilaning uy-joy sharoiti yaxshilangan, 401 ta mahallada 2 trillion 200 milliard so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirilgan. Orol dengizning qurigan tubida 1 million 800 ming gektar saksovul o‘rmonlari barpo etilgan.

Tadbirkorlik uchun eng ko‘p imkoniyat va imtiyozlar aynan Qoraqalpog‘iston Respublikasiga taqdim etilgan. Xususan, jozibador biznes muhitini yaratish maqsadida foyda, aylanmadan soliq, yer va mol-mulk soliqlari 2 baravar pasaytirildi, ijtimoiy soliq 1 foiz qilib belgilandi. Natijada Qoraqalpog‘iston tadbirkorlari ixtiyorida yiliga 500 milliard so‘m qolyapti.

Uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi. Dastur beshta strategik maqsadni qamrab olgan:

Birinchi maqsad – har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratish. Ikkinchi maqsad – odamlarni hayotdan rozi qilish uchun barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash. Uchinchi maqsad – suv resurslarini tejash va atrof muhitni muhofaza qilish. To‘rtinchi maqsad – qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish. Beshinchi maqsad – Yangi O’zbekiston xavfsiz va tinchliksevar davlat.

Nomzod mazkur yo‘nalishlarning har biri bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasiga oid rejalarini bayon etdi. Umuman, bu hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun alohida yetti yillik dastur qabul qilib, unga jami 25 milliard dollardan ziyod mablag‘ yo‘naltirilishi aytildi.

Shavkat Mirziyoyev mahalla tizimiga e’tiborni kuchaytirish, ularni institutsional takomillashtirish masalasiga alohida to‘xtaldi. Unga ko‘ra, endi mahalla aholi hayotini yaxshilashda oddiy ishtirokchi yoki ijrochi bo‘lmaydi, balki qaror qabul qiladigan markazga aylanadi. Joylardagi muammolarni hal qilishda uning roli kuchaytirilib, “mahalladagi yettilik” tizimiga o‘tiladi. Professional ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ham mahallalarda tashkil etiladi.

Uchrashuvda partiya vakillari so‘zga chiqib, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi va boshqalarni ham shunga da’vat etdi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

Teglar
Saylov 2023
  • Ko'rildi
    689
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+