Budjet mablag‘lari maqsadli va oqilona sarflansa, jamiyatda va odamlar hayotida o‘zgarish bo‘ladi

23.08.2023, 15:05

Budjet mablag‘lari maqsadli va oqilona sarflansa,  jamiyatda va odamlar hayotida o‘zgarish bo‘ladi

Davlat budjeti mablag‘larining shakllantirilishi va sarflanishi aholini eng ko‘p qiziqtiradigan masalalardandir. Davlat budjetini tasdiqlash, ajratilgan mablag‘larning to‘g‘ri va samarali ishlatilishi ustidan nazorat olib borish esa parlamentning muhim vazifalaridan hisoblanadi.

Shu bois, qo‘mitalar hamda fraksiyalar tomonidan davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘larning o‘z vaqtida o‘zlashtirilishi va maqsadli sarflanishi yuzasidan doimiy ravishda parlament va deputatlik nazorati amalga oshirilmoqda.

Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O’zLiDeP va “Millliy tiklanish” fraksiyalarining qo‘shma majlisida, undan keyin yalpi majlisda O’zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2023 yilning birinchi yarim yillikdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot atroflicha ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar davomida mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli va izchil islohotlar O’zbekiston iqtisodiyotining barqaror o‘sish sur’atlarini saqlab qolish imkoniyatini berganini ko‘rdik. O’zbekiston iqtisodiyotida yuqori o‘sish sur’atlariga erishilgan. Xususan, hisobot davrida mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi 5,6 foizga o‘sgan.  

Hisobot davrida iqtisodiyotda tadbirkorlik faolligining oshganligi, soliq va bojxona imtiyozlarining bekor qilinishi natijasida legal faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’ektlari soni  ortgani diqqatga sazovor.

Shu jihatdan, Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining hisobot davridagi ijrosini qo‘llab-quvvatlagan holda, Hukumat e’tiborini quyidagi asosiy masalalarga qaratish lozim, deb hisoblaymiz:

Birinchidan, davlat rahbarining hududlarga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini, hududlarning iqtisodiy o‘sish nuqtalari bo‘lgan sohalarni qo‘llab-quvvatlashni moliyalashtirishni to‘liq va muddatli amalga oshirish zarur.

Ikkinchidan, budjetdan ajratilayotgan mablag‘larning samarali hamda maqsadli sarflanishini ta’minlashda mutasaddi vazirlik va idoralar, hokimliklar mas’uliyatini yanada oshirish, budjetdan mablag‘ oluvchi tashkilotlarda moliyaviy intizomga rioya etilishi yuzasidan nazoratni yanada kuchaytirish lozim.

Uchinchidan, partiya elektorati bo‘lgan tadbirkor va ishbilarmonlar, fermerlar, klasterlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash har qachongidan ham muhimdir. Shu bois, budjet resurslarining o‘z vaqtida ajratilishi orqali ularni qo‘llab-quvvatlash, qonunchilikda belgilangan subsidiyalarning ajratilishi alohida nazoratga olinishi kerak.

To‘rtinchidan, davlatimiz rahbarining 18 avgust kuni bo‘lib o‘tgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida bir kator tashabbuslar ilgari surildi. Ularning ichida qo‘shimcha har turdagi imtiyoz va yangi imkoniyatlar berilishi kutilmokda. Albatta, yangi tashabbuslarni bir qismi davlat budjetiga qo‘shimcha yuk va xarajatlarni nazarda tutadi. Lekin, bizning fikrimizcha ular sanoatimizni yanada rivojlantirishga, boshka sohalarga xususiy investorlarni kengroq jalb kilishga va mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini yanada kengayishiga olib keladi. Bu esa o‘z navbatida, iqtisodiyotimizni yangi o‘sish nuqtalarini ishga solgan holda davlat budjetiga qo‘shimcha daromadlar olib kelishiga asos yaratadi.

Beshinchidan, iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur’atlarini shuningdek, inflyatsiya darajasini belgilangan miyorlarda saqlab turish, Davlat budjeti daromadlarining prognoz ko‘rsatkichlarini ta’minlash hamda aholini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan tizimli choralarni davom ettirish lozim.

Oltinchidan, davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan rivojlantirish hamda investitsiya dasturlarining o‘z vaqtida ijro etilishi ustidan nazoratni ta’minlash zarur.

Shu nuqtai nazardan, yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, O’zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2023 yilning birinchi yarim yillikdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni qo‘llab-quvvatlaymiz. Zotan, budjet mablag‘larining o‘z vaqtida o‘zlashtirilishi yurt rivoji, jamiyat qurilishini takomillashtirish, islohotlar samaradorligiga erishishda muhim o‘rin tutadi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spiker o‘rinbosari,

O’zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    123
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+